Shu kunlarda mamlakatimiz boʻylab el-yurtimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom maʼnodagi buyuk tarixiy voqea – Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz bir yillik toʻyiga bagʻishlangan marosim va tadbirlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Yangi Oʻzbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan gʻoyaviy-maʼnaviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng koʻlamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”.
Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yurtdoshlarimizdan kelayotgan koʻplab minnatdorlik maktublarida ham el-yurtimiz hayotidagi tarixiy oʻzgarishlar keng eʼtirof etilayotgani, mamlakatimiz rahbarining mustaqillikning oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida bayon qilingan fikrlar, xususan, 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida taʼlim, sud tizimi, tadbirkorlik, sogʻliqni saqlash va aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida ilgari surilgan yangi gʻoya va tashabbuslar faol qoʻllab-quvvatlanayotganini kuzatish mumkin.
Qoraqalpogʻistonning Nukus shahri Qizilqum mahallasida yashovchi Guljan Davletmuratova, Naupir mahallasida istiqomat qiluvchi Mahmudboy Rayimov, Jeke terek mahallasida yashovchi Guljahon Jamolova, Xoʻjayli tumani Bayterek mahallasidan Gulayim Smetullayeva, Xoʻjayli tumani «Samankoʻl» ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi Nuraddin Rozimov, Boʻzatovning “Boʻzatov” shaharcha fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Nursultan Jantlevov, Toʻrtkoʻl tumani «Shoʻraxon» ovul fuqarolar yigʻinidan Egamberdi Rajabov, Taxiatosh tumani Shamchiroq mahallasida yashovchi Mayrambay Jumagaliyev kabi yurtdoshlarimiz maktublarida davlatimiz rahbari Orolboʻyi hududlarini har tomonlama rivojlantirishga doimiy eʼtibor qaratayotgani, dasturlar doirasida ovul va mahallalar chiroy ochayotgani, suv taʼminoti, maktabgacha taʼlim qamrovi darajasi oshayotgani taʼkidlanadi. Yaqinda hudud aholisi uchun qoʻshimcha imtiyoz va yengilliklar berilgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildiriladi.
Nukuslik Guljahon Jamolova yoʻllagan maktubda “bu yil bizning Jeke terek mahallamiz ham tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketdi: yoʻllarimiz taʼmirlanib, asfaltlandi, necha yillik orzularimiz ushalib, uylarimizga ichimlik suvi tarmogʻi tortib berildi, “Yoshlar daftari”dagi farzandlarimiz safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilishi uchun toʻlovlar toʻlab berildi, ishsiz qizlarimizga esa uyida ishlab daromad topishi uchun tikuv mashinalari tarqatildi, kreditlar berilmoqda va bularning barchasi uchun Sizga katta rahmat, muhtaram Prezident!», deb taʼkidlangan boʻlsa, taxiatoshlik Mayrambay Jumagaliyev “Prezident virtual qabulxonasiga murojaatimizdan soʻng davlatimiz eng katta himoyachimiz ekanini yana bir marta angladik, ishdan boʻshatishmoqchi edi, endi barchasi joyiga tushdi, Prezidentimiz adolati bilan oʻz ish oʻrnimizni saqlab qoldik, hammasi uchun davlatimizdan minnatdormiz», deyiladi.
Haqiqatan ham, davlatimiz rahbarining bayram nutqida aytib oʻtilganidek, oʻtgan davrda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil barcha boʻgʻindagi rahbarlar uchun faoliyat dasturiga aylangani, vazir va hokimlar, deputat va senatorlar, rahbar va mutasaddilar, buyuk shoirimiz Choʻlpon aytganidek, xalq ichiga kirib, xalqdan kuch olib, yangi yondashuv asosida xalqimizga xizmat qilayotgani demokratik islohotlar natijadorligini taʼminlashda eng muhim va hal qiluvchi omil boʻlmoqda. Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga har kuni kelib tushayotgan yuzlab minnatdorlik xatlarida ham “men bilan uchrashishdi”, “meni tinglashdi”, “muammomni joyida hal qilishdi” kabi iboralarga tez-tez duch kelamiz. Aytaylik, Toshkent shahri Chilonzor tumani “Bektoʻpi” mahalla fuqarolar yigʻini Bektoʻpi koʻchasi 2-uyda yashovchi Zahro Yoqubova doimiy dori-darmon bilan taʼminlanayotgani, Olmazor tumani Chigʻatoy darvoza mahallasidan Rinat Aglyamov davlatimizning katta yordami bilan ogʻir xastalikni yengib oʻtib, yana sogʻlom hayotga qaytgani, Yakkasaroy tumani Armugʻon mahallasida istiqomat qiluvchi 2-guruh nogironi Vasiliy Ivaxenko mahalla vakillari holidan doimiy xabar olib, koʻmak koʻrsatib kelayotgani, Yakkasaroy tumani Toʻqimachi mahallasida yashovchi pensioner Galina Jukova sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilayotgani, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Bahor mahallasida yashovchi Yevdokiya Ivkina huquq va manfaatlari himoya qilinib, qonun va adolat ustuvorligi taʼminlangani, Andijon viloyati Buloqboshi tumani Mirzakalon Ismoiliy nomidagi mahallada yashovchi Omina Qodirova Xoʻjaobod tibbiyot kollejida oʻqishi uchun shartnoma puli toʻlab berilgani, Toshkent viloyati Zangiota tumani Ibrat mahallasida yashovchi Baxtigul Oʻrinbekova quloq implanti bepul qoʻyib berilgani, Xorazm viloyati Urganch shahridagi Istiqlol mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Muborak Mahmudova mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilgan imtiyoz va sharoitlar tufayli Nukus davlat pedagogika institutining boshlangʻich taʼlim yoʻnalishiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingani, Urganch shahri Obi-hayot mahallasidan 1-guruh nogironi Oybek Matkarimov yengil tipdagi doʻkoncha qurib berilgani, Jizzax viloyati Baxmal tumani Saroy mahallasidan Noryigit Nurmatov tumandagi 30-sonli maktabga ishga joylashishda amaliy yordam berilgani, Samarqand shahrida yashovchi Jaloliddin Jamolov ichki ishlar tizimiga kadrlar tanlash boʻyicha shaffof, xolis va adolatli imtihon tizimi yoʻlga qoʻyilgani bois sohaga ishga qabul qilingani, Samarqand viloyati Tayloq tumani Fayziobod mahallasida yashovchi Sharifjon Joʻrayev 1-guruh nogironi boʻlgan qizi Shahnoza Joʻrayeva turar-joy bilan taʼminlangani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirgan.
“Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Toʻrt farzandim bilan 13 yil ijarada kun kechirdim. Davlatimiz bizni hech qachon oʻz holimizga tashlab qoʻymadi. Har doim holimizdan xabar olib turishdi. Mana, yaqinda bizga ijtimoiy uy ajratishdi. Bu koshonaning har bir qarichi biz uchun aziz, qadrli. Xalqimizning “oʻz uyim – oʻlan toʻshagim”, degan maqoli magʻzini endi tushunib yetayotgandekmiz. Agar Siz shunday insonparvar, xalqchil siyosatni yoʻlga qoʻymaganingizda, bilmadim, biz hech qachon uyli boʻla olmas edik. Vatanimizdan toabad qarzdormiz, farzandlarimni el-yurt xizmatiga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalayman”, deyiladi Samarqand shahri Nurli kelajak mahallasida yashovchi Gulnoza Mamedova yoʻllagan maktubda.
Xorazm viloyati Shovot tumani Boʻston mahallasida yashovchi Darmon Najimova, Tuproqqalʼa tumani Sharlovuq mahallasidan Gulnora Roʻziboyeva, Qoʻshkoʻpir tumani Shixmashhad mahallasida istiqomat qiluvchi Bekposhsha Iskandarova, Hazorasp tumani Juvarxos mahallasida yashovchi Hakim Ahmedov, Urganch shahri Doʻstlik mahallasidan Hamza Otaboyevning bayram munosabati bilan yuborilgan xatlarida keyingi besh yil ichida viloyatdagi tuman markazlari, yuzga yaqin qishloq va mahallalar obod qilingani, “Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yoʻl yetib borgani, yangi vokzal ishga tushirilgani, tezyurar poyezd Xivaga olib kelinayotgani, Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlangani davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik soʻzlari bitilgan.
Ayniqsa, el-yurt ozodligi yoʻlida kurashgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi xotirasiga bagʻishlab Urganch shahrida muhtasham yodgorlik majmuasi bunyod etilgani Vatanga sadoqat, farzandlik mehri va iymon-eʼtiqod bilan xizmat qilishning ramzi boʻlgani taʼkidlanadi. “Sulton Jaloliddinning 25 metrli muazzam haykali hamisha mustaqillik qadrini, erkin va ozod yashash baxt-saodatini, Yangi Oʻzbekistonda nainki bugungi avlodga mansub insonlar, balki buyuk ajdodlarimiz xotirasi ham aziz ekanini bizga hamisha eslatib turadi”, deyiladi.
Shovot tumani Oqkoʻl mahallasidagi 15-maktabning “Yosh shaxmatchilar” toʻgaragi rahbari Xushnudbek Shixovning tabrik maktubida esa yaqinda shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari Hindistonning Chennay shahrida oʻtkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni degan yuksak sharafga sazovor boʻlgani timsolida ulugʻ ajdodlarimiz zakosi bugungi avlodlar intellektida yangicha maʼno-mazmun bilan namoyon boʻlayotgani taʼkidlanadi.
“Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi yurt oʻgʻlonlari isteʼdodiga butun dunyo yana bir bor tan bergani Siz asos solayotgan Yangi Oʻzbekiston, Uchinchi Renessans poydevorini barpo qilish gʻoyasi naqadar mustahkam, chuqur oʻylangan pragmatik siyosat ifodasi ekanini butun jahon boʻylab yaqqol namoyon etdi. Siz yaratib berayotgan shart-sharoitlar tufayli, Xudo xohlasa, shaxmatchi qizlarimiz ham Olimpiya chempioni degan yuksak sharafga sazovor boʻladi, yana toʻrt yildan soʻng Vatanimizda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham mamlakatimiz vakillari “dunyo intellektlari toji”ni oʻzlarida saqlab qolishadi. Biz shaxmat murabbiylari Sizga yangi-yangi chempionlar avlodini tarbiyalashga vaʼda beramizki, bu bilan oʻzbek shaxmat maktabining “oltin zanjir”i yanada mustahkamlanadi».
Albatta, faxr-iftixor, shukronalik va minnatdorlik tuygʻulariga toʻla bunday samimiy dil soʻzlarini, mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan ezgu saʼy-harakatlar, tub oʻzgarish va islohotlar yuzasidan bildirilgan fikr va mulohazalarni yana koʻplab keltirish mumkin. Davlatimiz rahbari nomiga yoʻllangan bu maktublar bilan tanishar ekanmiz, jonajon Vatanimizning turli hududlarida yashayotgan, har xil soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan koʻpmillatli xalqimizni Oʻzbekistonning buguni va kelajagiga boʻlgan qatʼiy ishonch, yagona ahil oila, yagona xalq tuygʻusi, mamlakatimiz yetakchisiga boʻlgan mehr va sadoqat, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga daxldorlik va xayrixohlik, el-yurt tinchligi hamda ravnaqiga kamarbastalik fazilatlari birlashtirib turganini chuqur his qilamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidentining Xalq qabulxonasi hamkorligida tayyorlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring