“Ipak yoʻli durdonasi” — doʻstlik va hamjihatlikka ochilgan eshik

16:33 06 Oktyabr 2021 Madaniyat
1257 0

Фото: tiffest.uz

Poytaxtimizda 28-sentabr — 3-oktabr kunlari “Ipak yoʻli durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali boʻlib oʻtdi.

Festivalga xorijiy mamlakatlardan 400 nafarga yaqin taniqli kinoijodkorlar tashrif buyurdi. Toshkent xalqaro kinofestivalining yopilish marosimida festival ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yoʻlladi. Murojaatnomada ishtirokchilar mamlakatimiz rahbariga ushbu afsonaviy kinofestivalning qayta tiklangani munosabati bilan minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Toshkent xalqaro kinofestivalining yirik xalqaro ijodiy loyiha sifatida qaytadan tiklanishi milliy sanʼatimizni yanada rivojlantirish, uni bir necha pogʻona yuksaklarga olib chiqish, bir paytlar jahonda shuhrat qozongan oʻzbek kino sanʼatining qaddini qayta rostlash uchun muhim amaliy qadam ekanini qayta-qayta taʼkidladi.

Franko NERO, aktyor va prodyuser (Italiya):

— Oʻzbekiston haqida tasavvurlarim deyarli yoʻq edi. Biroq shu bir-ikki kun ichida ancha narsani bilib oldim. Oʻzbekiston juda mehmondoʻst yurt ekan. Har bir odamning yuzida tabassum zohir. Ular bilan suhbatlashib, tashvishingiz bir zumda unutiladi-qoladi.

Bolaligimdan kino sohasiga ixlos qoʻyganman. Musiqani ham jon-dilimdan yaxshi koʻrar, hamisha buyuk va taniqli aktyorlar, xonandalarga havas qilardim. Yashayotgan joyimdan Rimga koʻchib oʻtgach, bu soha bilan shugʻullanishga jiddiy kirishganman. Kino sohasidagi ilk kasbimni fotograflikdan boshlagandim. Oʻsha paytlarda hayotimda tub burilish yasagan voqea kinorejissyor Jon Xyuston bilan tanishganim boʻlgandi. U menga birinchilardan boʻlib suratga olayotgan filmida rol taklif qilgan. Undan koʻplab kasbiy mahorat sirlarini oʻrganganman. U menga Shekspirni oʻqishim kerakligini, oʻynagan rollarim rol deb emas, bir inson hayoti, qismati bilan bogʻliq ekanini uqtirardi. Mashaqqatlar, zahmatlar olovida pishib yetildim. Aktyorlik kasbini tanlaganimdan hech qachon afsuslanmaganman, afsuslanmayman ham. Oʻylaymanki, oʻz ijrolarim bilan odamlarga nimadir bera oldim.

Bu festival menga yoshlik kuchini qaytarib berdi, desam, mubolagʻa emas. Yurtingizda, garchi tilni tushunmasam-da, xushchaqchaq odamlar orasida oʻzimni yigirma yashar yigitday sezyapman. Agar festival har yili oʻtkazilsa, albatta, har yili oʻz ixtiyorim bilan kelgan boʻlardim.

Nuri Bilga JAYLON, rejissyor va prodyuser (Turkiya):

— Kino insonlarni oʻylantirishi, qaygʻuga solishi, baxtli qilishi, kuldirishi, yigʻlatishi, unga nimanidir tushuntirib qoʻyishi mumkin. Men, albatta, haqiqiy sanʼat haqida gapiryapman.

Hozirgi dunyo kino muxlislari uchun taʼsir doirasi keng filmlar yaratish kerak, nazarimda. Kino — insonlarga naf keltirsa, ularni maʼnan boyitsa, oʻz vazifasini bajargan hisoblanadi.

Oʻzbekistonga ilk marotaba kelishim. Taassurotlarim bir olam. Matbuot anjumanlarida qatnashgan paytimda oʻzbek kino muxlislarining savollaridan men suratga olgan filmlarni koʻrgan, bilgan odamlar koʻp ekanidan boshim osmonga yetdi.

Festival doʻstlik rishtalarini mustahkamlamoqda. Bu yerda ekanimdan, qardoshlarimiz bilan diydorlashganimdan, ayniqsa, mehmondoʻstlikdan, ayricha eʼtibordan juda mamnunman. Men koʻplab oʻzbek allomalari, mutafakkirlari haqida oʻqigan, oʻrganganman. Jumladan, Alisher Navoiy, Beruniy, Ibn Sino, Jaloliddin Manguberdi kabi tarixiy shaxslarga hurmatim baland. Oʻzbekistonda film suratga olish niyatidaman, qachondir shunday imkoniyat tugʻilguday boʻlsa, bu asar, albatta, yuqorida sanab oʻtilgan shaxslar haqida boʻladi.

Filipp KIRKOROV, xonanda (Rossiya):

— Oʻzbekistonga koʻp bor tashrif buyurganman. Bolalikdagi eng sevimli filmlarim aynan oʻzbek filmlari boʻlgan. Oʻziga xos milliylik ufurib turadigan bu kartinalar hali hamon oʻn daqiqa avval koʻrilgandek xotiramda turibdi. Bir qator tarixiy kinolar, seriallarni ham yaxshi koʻrib tomosha qilganman. Shundan soʻng, Samarqand, Xiva, Buxoro kabi nafaqat oʻz davrining, balki har zamonning buyuk shaharlarini koʻrishga oshiqqanman. Har safar Oʻzbekistonga kelganimda, shulardan bittasini boʻlsa-da ziyorat qilib ketaman.

Kinoga aloqam boʻlmasa ham kinematografiya sohasini juda yaxshi koʻraman, prodyuserlar, rejissyorlar, aktyorlar, umuman olganda, barcha kino ijodkor ahliga hurmatim cheksiz. Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etish men uchun oʻzgacha hodisa boʻldi. Oʻylashimcha, festival bejiz “Ipak yoʻli durdonasi” deya nomlanmagan. Buyuk Ipak yoʻli haqida koʻp eshitganman, koʻp oʻqiganman. Bu yoʻl orqali oʻz zamonasida mamlakatlar bir-biri bilan doʻstona aloqa oʻrnatgan, albatta, bu doʻstlik har sohada boʻlgani shubhasiz. Bugun ham u oʻz nomiga sodiq qolib, oʻzbekistonlik doʻstlarim qatorini yanada kengaytirdi. Bir mening emas, xorijlik har bir ijodkorning “doʻstlik roʻyxati” uzaydi.

Jerar DEPARD'E, aktyor (Fransiya):

— Oʻzbekistonga tez-tez taklif qilishadi, biror marta rad qilmaganman. Bu safar esa Toshkent xalqaro kinofestivaliga faxriy mehmon sifatida taklif qilindim. Oila aʼzolarim ham yurtingizga kelishga oshiqyapti. Nasib qilsa, ular ham biror kun mehmoningiz boʻladi. Ularga har safar qaytganimda mamlakatingiz haqida gapirsam, darrov qanot chiqarishadi. Oʻzbekiston — bir marta kelgan odamni ikkinchi, uchinchi, oʻninchi marta oʻziga tortadigan yurt.

Rejissyor qadrdonim Arno Friyel “Mening oʻzbekcha tushim” nomli kartinasida rol ijro qilish uchun daʼvat etdi. Rozi boʻldim. Bu rol orqali Oʻzbekistonga, unda kechayotgan yangilanish jarayonlari, anʼana va qadriyatlar, oʻzbek madaniyatiga xorijliklar qanday nigoh bilan qarashini gavdalantirganman.

Film jarayonida Oʻzbekistonning turli mintaqalari, viloyat va shaharlarida boʻldim. Bebaho meʼmoriy obidalar, bozorlar, koʻhna shahristonlarni kezdim. Bu yurtning har bir hududidan uning oʻzigagina xos boʻlgan madaniyati bilan tanishganim ham quvonarli hol boʻldi.

Festivallar, tadbirlar oʻz yoʻliga, oʻzbekona lutfni, bir piyola choy ustida suhbatlarni sogʻingandik. Nihoyat mana shu festival bu imkoniyatni bizga taqdim etdi. Tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik izhor etaman.

Rahmatjon BOBOJONOV “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?