Institutning “kashfiyotlar orolchasi”
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti tadqiqotchilari ekin maydonlari hosildorligini oshirishga xizmat qiladigan texnologiyalar ustida ilmiy izlanish olib borib yaxshi natijalarga erishmoqda. Biogumusli tuvakchalar tayyorlash shular sirasiga kiradi.
— Bilamizki, gumus lotincha soʻz boʻlib, tuproq maʼnosini anglatadi, — deydi institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Shavkat Imomov. — Gumus, yaʼni chirindi tuproq unumdorligini taʼminlovchi eng muhim qism sanaladi. Tarkibida uglerod, azot, fosfor kabi oʻsimlik uchun zarur oziq elementlari mavjud. U bilan tuproqning donadorligi yuzaga keladi. Pirovardida ekin hosildorligini oshirish imkoniyati tugʻiladi. Fermer xoʻjaliklari yerlari hamda issiqxonalardan uzluksiz foydalanish, shubhasiz, tuproq tarkibidagi gumus miqdorini kamaytiradi. Yerga kimyoviy oʻgʻitlar kiritish oqibatlari haqida-ku gapirmay qoʻya qolaylik. Shundan kelib chiqqan holda institutimizda biogumusdan tuvakchalar tayyorlaydigan qurilma konstruksiyasi ishlab chiqildi va uning tajriba nusxasi tayyorlandi.
Koʻchat yetishtirishda qoʻl keladigan bunday tuvakchalar xorijdagiga qaraganda afzalliklarga ega. Ularni chetdan olib kelishning oʻzi bir qator noqulayliklarni tugʻdiradi. Qolaversa, tajribalar koʻrsatdiki, tuvakli koʻchat nisbatan kuchliroq ildiz tizimiga ega boʻladi. Hosil 12 — 14 kun oldin pishib yetiladi. Hosildorlik 20-30 foizga oshadi. Eʼtiborlisi, tuvakcha tuproq tarkibida toʻliq parchalanadi. Natijada yerdagi gumus miqdori koʻpayadi. Bu esa yerdan samarali foydalanish, sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish garovidir. Texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarni aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan hisob-kitoblar ushbu qurilmadan foydalanilganida mehnat sarfi 60, toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar esa 40 foizga kamayishini koʻrsatdi.
Taʼkidlash kerakki, shu kabi tadqiqotlar institut nufuzini oshiryapti. Ayni damda dunyoning 21 ta oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. Ular bilan agrar sohani raqamli boshqarish va rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhit muhofazasi, yashil energetika, mexanika, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, IT, sunʼiy intellekt kabi yoʻnalishlarda tajriba almashinib kelinmoqda.
Yana biogumusli tuvakchalar tayyorlash qurilmasiga qaytamiz. U soatiga 450 ta tuvakcha ishlab chiqarish quvvatiga ega. Elektr energiyasi sarfi esa soatiga 1,5 kilovattni tashkil etadi. Narxi 15 million 800 ming soʻm.
Aytmoqchi, institut hududidagi texnoparkka “kashfiyotlar orolchasi” deya taʼrif berilsa arziydi. Bu yerda shu kabi ixtirolarning ancha-munchasini uchratish mumkin. Ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan press-turda shular haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring