Inson huquqlari — eng oliy qadriyat

20:33 23 Fevral 2021 Siyosat
4101 0

Prezidentimizning BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi yigʻilishidagi nutqini diqqat bilan tingladik.

Aytish kerakki, mazkur kengash dunyo boʻylab inson huquqlari himoyasini taʼminlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli organlardan biridir. Kengashga 47 ta davlat aʼzo. Kengash aʼzolari uch yillik muddatga yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.

Oʻtgan yilda Oʻzbekiston 2021 — 2023-yillar davri uchun ushbu tuzilma aʼzosi etib ilk bor saylangani mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlarning muhim eʼtirofi boʻldi. Zero, Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, shu qatorda, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qoʻshilgan.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni ushbu sohadagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarmoqda. Mazkur Farmon asosida milliy strategiya va uni amalga oshirish boʻyicha Yoʻl xaritasi tasdiqlandi.

Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, soʻz erkinligini taʼminlash borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Masalan, birgina jinoyat sodir etgan shaxslarni afv etish boʻyicha oxirgi yillarda 13 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni oʻtash joyidan ozod qilindi. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sugʻurta toʻlash tartibi birinchi marta amaliyotga kiritildi. Jasliq qoʻrgʻonidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani davlatimizda amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosatining yana-da yorqin ifodasi boʻldi.

Soʻnggi uch yilda 19 mingdan ortiq, shuningdek, bir vaqtning oʻzida 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan 50 mingga yaqin kishiga fuqarolik berilgani xalqimiz tomonidan ham, xalqaro miqyosda ham katta olqishga sazovor boʻlmoqda. Bunday xayrli ishlar bugungi kunda ham izchil davom etayotgani xalqimizning jamiyatimizdagi islohotlarga daxldorligini kuchaytirmoqda. Yurtimizda yaratuvchilik, bunyodkorlik, tashabbuskorlik, tinchlik-totuvlik muhiti mustahkamlanib bormoqda.

Jahonning nufuzli xalqaro minbari – BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi yigʻilishida davlatimiz rahbari nutq soʻzlashi yurtimizda erishilayotgan ana shunday muhim yutuqlar xalqaro hamjamiyatning doimiy eʼtiborida ekanining va qizgʻin qoʻllab-quvvatlanishining eʼtirofi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qolaversa, bu Prezidentimizning inson huquqlarini taʼminlash borasidagi yuksak siyosiy irodasidan ham dalolatdir.

Yana bir jihat — 160 dan ortiq mamlakatlarning prezidentlari, hukumat rahbarlari, yirik xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan ushbu xalqaro tadbirda aynan Oʻzbekiston Prezidentining birinchi boʻlib soʻzga chiqishi – bu xalqaro hamjamiyatning davlatimiz yetakchisiga, xalqimizga, jonajon Oʻzbekistonimizga boʻlgan yuksak hurmat va eʼtiborning yorqin ifodasi boʻldi. Prezidentimiz bu gal ham oʻz nutqini oʻzbek tilida bayon etdi. Bu — ona tilimizning xalqaro yuksak minbarlardan ikkinchi bor jaranglashi boʻldi. Buni koʻrib qalbimizda gʻurur va iftixor tuygʻusi yana bir bora joʻsh urdi, koʻnglimiz osmon qadar yuksaldi.

Mazkur anjumanda davlatimiz rahbari inson huquqlari sohasida eng dolzarb boʻlgan muhim masalalarga toʻxtalib oʻtdi va qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Birinchi masala – Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning qatʼiy tarafdoridir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, xalqaro maydonlarda ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar Barqaror rivojlanish maqsadlarining “hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili bilan hamohangdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish toʻgʻrisida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi Oʻzbekistonni global va mintaqaviy kun tartibini shakllantirishdagi faol ishtirokchisiga aylanib borayotgan mamlakatlar sifatida baholashimiz mumkin.

Davlatimiz rahbari barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentning roli haqida doimiy ravishda taʼkidlab keladi. Jumladan, Senatning birinchi majlisidagi nutqida ham Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish boʻyicha tasdiqlangan indikatorlarga erishilishi ustidan Senat doimiy monitoring olib borishi maqsadga muvofiqligi yuzasidan tegishli takliflar bergan edi. Shu bois, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning izchil amalga oshirilishi ustidan doimiy nazoratni olib borish maqsadida Parlament komissiyasi tashkil etildi.

Parlament komissiyasi aʼzolari ishtirokida Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga doir birinchi ixtiyoriy milliy sharhi loyihasi ishlab chiqildi va mamlakatimiz ilk marotaba barqaror rivojlanish boʻyicha oliy darajadagi siyosiy forumga ushbu sharhni taqdim etgan 49 ta davlat safidan joy oldi.

Shuningdek, barqaror rivojlanish sohasidagi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan respublikaning 7 ta hududida oʻrganishlar olib borildi. shu oʻrganish doirasida 3 ta milliy maqsad, uning 30 ta vazifasi hamda 55 ta indikator qamrab olindi. Oʻrganish natijalari Parlament komissiyasining majlisida muhokama qilinib, Hukumat oldiga aniq vazifalar qoʻyildi. Mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilda Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forumni oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Barqaror rivojlanishga erishish maqsadida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham munosib baholab kelinmoqda. Xususan, Bertelsman fondining 2020-yilgi hisobotida Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari koʻrsatkichlariga erishish boʻyicha 193 ta mamlakat orasida 66-oʻrinni egallagan. Bunday natijaga erishishning asosiy omillari sifatida kambagʻal aholi ulushining 2015-yildagi 13 foizdan 2018-yilda 11 foizgacha kamaygani, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 2017-yildagi 28 foizdan 2019-yilda 52 foizga oshgani eʼtirof etilgan.

Ikkinchi masala – bu gender siyosatiga taalluqli boʻlib, bu borada mamlakatimizda mustahkam huquqiy asoslar yaratildi. Barcha sohalarda xotin-qizlarning manfaatlarini taʼminlash yuzasidan qator amaliy ishlar qilinmoqda. Bu yoʻnalishdagi ishlarimiz xalqaro miqyosda munosib tan olinmoqda. Misol uchun, xalqaro parlamentlararo assambleyasi bosh kotibi Martin Chungong Oʻzbekiston tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna boʻlishini taʼkidlab oʻtdi. 2021-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilishning Oʻzbekistonga topshirilishini ham mamlakatimizda gender siyosati toʻgʻri yoʻnalishlar asosida olib borilyapti, deb baholashimiz mumkin.

Uchinchi masala – Prezidentimiz oʻz nutqida yoshlar masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Joriy yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb eʼlon qilinishi ham bejiz emas. Bolalar ombudsmani instituti faoliyati yana-da takomillashtirilib, hozirgi kunda bu borada qonun ham ishlab chiqilmoqda.

Hammamizga maʼlumki, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi 
72-sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani qabul qilish taklifini ilgari surgan edi. Bugungi chiqishda esa Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish taklifi bildirdi. Bu orqali yoshlar masalalarini BMTning yuqori minbarlarida doimiy ravishda muhokama qilib borish imkoniyati yaratiladi.

Toʻrtinchi masala — korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi ekanligi qayd etildi. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-iyundagi Farmoni bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi bu yoʻnalishda katta qadam boʻlgani hamda bugungi kunda Milliy kengash va Agentlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi. Milliy kengash ish rejasiga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha turli yoʻnalishlarda aniq chora-tadbirlar belgilandi, bir qator mutasaddi idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi. Singapur, Janubiy Koreya va Sloveniya davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat yuritayotgan uch nafar yetakchi ekspertlarini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga maslahatchi sifatida jalb etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligiga erishish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obroʻ-eʼtiborini oshirish maqsadida sogʻliqni saqlash, qurilish, oliy va oʻrta maxsus taʼlim va davlat xaridlari sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish uchun ishchi guruhlar tuzilib, ularning tarkibi tasdiqlandi hamda vazifalari belgilab olindi.

Korrupsiyaning mavjud holati boʻyicha Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish tashkilotining (Transparency International) 2019-yilda eʼlon qilgan indeksida Oʻzbekiston 180 ta davlatdan 153-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2020-yilda 7 pogʻonaga koʻtarilib, 146-oʻrinni egalladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishni davom ettirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaroning, umuman olganda barchamizning birdek vazifamiz ekan, bu borada jamoatchilikning roli muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etish maqsadida Agentlik huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

Kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish uchun oʻtkaziladigan tanlovlarni internet tarmogʻida onlayn translyatsiya qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish uchun alohida xonalar ajratish va jihozlash hamda majburiy ravishda internet tarmogʻida onlayn translyatsiya qilish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, Milliy kengash nizomi, 2021 – 2025-yillarga moʻljallangan milliy strategiya va Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021 — 2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturi loyihalari ishlab chiqilib muhokama etilmoqda.

Beshinchi masala — alohida eʼtiborga molik, imkoniyati cheklangan, nogironligi bor fuqarolar masalasi. Prezidentimiz oʻz chiqishida Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning parlament tomonidan ratifikatsiya qilinishi kutilayotganini alohida qayd etib oʻtdi. Mamlakatimizda mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish uchun huquqiy asoslar takomillashtirildi. Oʻtgan yili “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. 2021-yilgi davlat dasturida ham ushbu toifadagi insonlarning ijtimoiy himoyasi yoʻnalishida qator chora-tadbirlar belgilandi. Nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos “ijtimoiy modeli”ga bosqichma-bosqich oʻtilmoqda va, eng asosiysi, bu yoʻnalishdagi islohotlarimiz ortga qaytmas tus oldi.

Oltinchi masala — bu mamlakatimizda bolalar va majburiy mehnat bartaraf etilganligi taʼkidlab oʻtildi. Bu borada oxirgi 4 yil ichida biz misli koʻrilmagan natijalarga erishdik. Yaʼni, yurtimizda bolalar va majburiy mehnatga batamom chek qoʻyildi. Aholi uchun erkin, munosib mehnat bilan taʼminlash ishlari qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash, mehnat sohasiga bozor iqtisodiyoti va standartlarini joriy etish ishlari bilan birgalikda olib borilmoqda. Bu ishlarimiz Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Gay Rayder tomonidan 2020-yilda oʻtkazilgan xalqaro monitoring guruhi ekspertlari tomonidan eʼtirof etildi.

Mazkur masalaga yana-da aniqroq toʻxtaladigan boʻlsak, birgina 2020-yilning oʻzida mamlakatimizda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yoʻnalishidagi vazifalarni tartibga solish maqsadida 19 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Eng asosiysi, majburiy mehnatga barham berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga maʼmuriy javobgarlikni kuchaytiruvchi hamda jinoiy javobgarlikni belgilovchi meʼyorlar kiritildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, bolalar mehnatiga yoʻl qoʻygan shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilandi.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, odam savdosidan jabrlangan fuqarolarimizning huquqlari va ularning manfaatlarini himoya qilish maqsadida mavjud qonun hujjatlari takomillashtirildi.

Bulardan tashqari, Prezidentimiz tomonidan mazkur nufuzli anjumanda — ­inson huquqlari boʻyicha taʼlimni kuchaytirish, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini yana-da rivojlantirish, soʻz erkinligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sudyalar mustaqilligini taʼminlash, ularning ishlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Bundan tashqari, qiynoqlarning har qanday koʻrinishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish, Qiynoqlar boʻyicha BMTning maxsus maʼruzachisini Oʻzbekistonga taklif etish kabi dolzarb masalalar boʻyicha soʻz yuritildi.

Umuman olganda, Davlatimiz rahbarining mazkur anjumandagi nutqida aytilgan har bir fikr-mulohaza, taklif va tashabbuslar nafaqat yurtdoshlarimizni, balki, xalqaro hamjamiyatni ham toʻlqinlantirib yuborgani tabiiy. Zero, unda nafaqat xalqimizning, balki, butun insoniyatning farovon kelajagiga xizmat qiladigan muhim maqsad va vazifalar oʻz ifodasini topdi.

Shu bois, maʼruzada ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar, maqsad-vazifalarni roʻyobga chiqarish biz – parlament aʼzolari, Hukumat vakillari, mahalliy hokimliklar zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Endilikda barchamiz bahamjihat boʻlib, bir yoqadan bosh chiqarib, aniq reja va yoʻnalishlarni belgilab olib ish yuritsak, bu borada koʻzlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz.

Tanzila NORBOYEVA,
Oliy Majlis Senati Raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?