Inson — aziz, xotira — muqaddas
Foto: Халқ сўзи
Joylarda boʻlib oʻtgan bayram tadbirlarida
bu haqiqat yana bir karra isbotini topdi
Ona yurt tinchligi, tunlarimiz osoyishtaligiyu tonglarimizni xotirjam, totli orzu-niyat, yangi reja-maqsad bilan qarshi olishimiz, bolalarimizning kulgusi, keksalarimiz chehrasidagi shukronalik — naqadar ulugʻ neʼmat. Bu saodatni qadrlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, elu yurt xizmatida boʻlish har birimizning farzandlik burchimizdir.
9-may — Xotira va qadrlash kunida oʻtgan asrning suronli yillarini yodga olib, bugun keksalik nashidasini surayotgan nuroniylarimizni yoʻqlab, ular bilan suhbatlashish asnosida beixtiyor xayolimizdan ana shu oʻylar oʻtadi. Ikkinchi jahon urushida matonat koʻrsatgan hamyurtlarimiz jasoratini, asrni qaritgan otaxonlarimizning urush xotiralarini tinglay turib, oʻtmishdan saboq olamiz.
Sana munosabati bilan respublikamiz boʻylab oʻtkazilayotgan bayram tadbirlari aynan shunisi bilan ahamiyatlidir.
Bugun erta tongdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi parlamenti va hukumati aʼzolari, huquq-tartibot idoralari, vazirliklar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari Nukus shahridagi Xotira maydonida yigʻildilar. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M. Kamalov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q. Sariyev va boshqalar harbiy orkestr musiqa sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gul qoʻydilar. Ikkinchi jahon urushida jonini fido qilganlar xotirasi yodga olindi.
Taʼkidlash oʻrinliki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida hozirgi kunda 4 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashaydi. Bayram munosabati bilan Toʻrtkoʻl tumanidan Ivan Galenko, qoraoʻzaklik Genjemurat Allaniyazov, Nukus shahrida istiqomat qilayotgan Qadirbay Narmanov va qonlikoʻllik Orazbay Nametullayev xonadoniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M. Kamalov boshchiligida faollar tashrif buyurib, Oʻzbekston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigini oʻqib eshittirdi va ularning har biriga 15 million soʻm pul mukofoti hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirdi.
Ikkinchi jahon urushi frontlarida Buxoro viloyatining 73 ming 688 nafar farzandi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi kurashdi. Ularning 30 ming nafari jang maydonlarida halok boʻldi. Bu qadimiy yurt farzandlaridan 13 nafari qahramon, bir nafari esa uchala darajali “Shuhrat” ordeniga sazovor boʻlgan.
Bayram arafasida Prezidentimizning Farmoni asosida viloyatda umrguzaronlik qilayotgan 15 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisiga bir martalik pul mukofoti, Yurtboshimizning tabrigi va qimmatbaho sovgʻalar tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi.
Tabiiyki, bayramning asosiy tantanalari Buxoro shahridagi Xotira xiyobonida boʻlib oʻtdi. Erta tongdan harbiy qoʻshiqlar sadolari barchani ushbu muazzam manzilga chorladi.
— Ikkinchi jahon urushida qurbon boʻlgan yuz minglab yurtdoshlarimizning nomi ham, jasorati ham hech qachon unutilmaydi, — deydi Nuroniylar jamoatchilik Kengashi raisi Samoyiddin Husenov. — Ularning nomi mana shu maydondagi “Xotira kitobi”ga zarhal harflar bilan mangu muhrlangan. Majmuaga kelgan har bir vatandoshimiz uni varaqlaydi, unda bitilgan ismlarni oʻqib turib, jasorat, matonat yuksak qadrlanishini dildan his qiladi.
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev jizzaxlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Xolmat Sharipov, Abdujalil Abdujabborov, Mamasharif Sodiqov, Umar Abdurahimov va Ahmad Mirzayevlar xonadonida boʻlib, bayram bilan qutladi.
Shundan soʻng Jizzax shahridagi Xotira maydonida oʻtgan bayram tadbirida Ikkinchi jahon urushida va mustaqillik yillarida el-yurt tinchligi yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan oʻgʻlonlarning porloq xotirasi yod etilib, Motamsaro ona haykali poyiga gullar qoʻyildi.
Tarixiy xujjatlarga koʻra, Ikkinchi jahon urushi yillarida Namangan viloyatidan 79 ming kishi mardonavor jang qilgan. Afsuski, ularning 24 ming nafari fashizmga qarshi kurash maydonlarida qaytmadi. Turli darajadagi orden va medallar bilan qaytgan 2 ming 26 nafar matonatli yurtdoshlarimiz esa bor kuch-gʻayratini Vatan ravnaqi, yosh avlod kamoloti uchun sarfladi. Ayni paytda viloyatda 9 nafar urush qatnashchisi, shuningdek, 827 nafar mehnat fronti faxriysi umrguzaronlik qilayotir.
Xotira va qadrlash kuni oldidan urush qatnashchilari va mehnat faxriylari xonadonlariga yoʻqlovlar uyushtirilib, ularga yana bir karra izzat-ikrom koʻrsatildi.
Poplik urush faxriysi Mirzarahmon ota Abdurahmonov uchun bu galgi sana yanada fayzli kechdi. Tavallud kunining bir asrlik yubileyini kutib olgan otaxon uchun tumanning muhtasham “Ipak yoʻli” majmuasida soʻz ustalari, taniqli sanʼatkorlar ishtirokida tantanali kecha uyushtirildi.
Xotira va qadrlash kunida Samarqand shahridagi Xotira maydoniga viloyat hokimligi, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, harbiylar, mehnat faxriylari, yoshlar jam boʻldi.
Insoniyat uchun juda katta azob-uqubatlarga sabab boʻlgan Ikkinchi jahon urushida 152 mingdan ortiq samarqandliklar ishtirok etgan. Ularning 73 ming nafari ona yurtga qaytish baxtidan mosuvo boʻldi.
Bugungi kunda viloyatda 13 nafar urush qatnashchisi yashaydi. Bayram munosabati bilan mahalliy hokimlik va jamoatchilik vakillari bu faxriylarning xonadonida boʻldilar. Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Ikkinchi jahon urushida qon kechib, tinchlik uchun kurashgan va urushdan keyin yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan faxriylarga Prezidentimiz yoʻllagan tabrik xatini oʻqib berdi. Davlatimiz rahbari Farmoniga koʻra, ularning har biriga 15 million soʻmdan pul mukofoti, esdalik sovgʻalari hamda bayram tuhfalari taqdim etildi.
— Inson uchun eng katta boylik - tinchlik va tani-sihatlik, — deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Fazliddin bobo Asliddinov. — Yaratganga shukr, bugun yurtimizda ana shu ikki masalaga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Davlat tomonidan nimaiki zarur boʻlsa, muhayyo etilyapti. Albatta, buning qadriga yetish kerak. Biz, faxriylarga boʻlgan eʼtibordan boshimiz koʻkka yetadi. Bayramlarda sovgʻa-salomlar yoʻllaydigan Prezidentimizdan, yoʻqlab keladigan rahbarlardan minnatdormiz.
— 1942-yilda urushga otlandim. Dastlab safdoshlarim bilan Ashxoboddagi tankchilar texnikumida 8 oylik tayyorgarlikdan soʻng tankchilar batalyonida Shimoliy Kavkazda janggohga kirdik. Keyin Ukraina hududidagi janglarda qatnashdim, — deydi Samarqand tumanidan Ahad ota Ochilov. — Urushdagi gʻalabadan soʻng ham harbiy xizmatni davom ettirdim. Dastlab Odessa harbiy okrugida bir yil xizmatda boʻldim. Keyin Germaniyada 1949-yilgacha xizmat qildim.
Urushdan keyingi faoliyatini taʼlim-tarbiya sohasida olib borgan Ahad ota bugun nevarayu chevara, evaralar davrasida hamisha izzat-ikromda ekanidan faxrlanib soʻzlarkan, yurtimizda inson va uni qadrlashdek ezgu tamoyilning ustuvor ekanidan mamnunligini aytadi.
Xotira va qadrlash kunida Sirdaryo viloyati markazining eng koʻrkam manzillaridan biri - Guliston shahridagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum boʻldi.
Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev, sektor rahbarlari, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar hamda yoshlar Motamsaro ona yodgorligi poyiga gullar qoʻydilar. Tadbirda soʻzga chiqqanlar oʻtganlarni xotirlab, Ikkinchi jahon urushida chinakam qahramonlik koʻrsatgan asl oʻgʻlonlar nomi avlodlar osha barhayot boʻlishini, ibratli umr yoʻlini bosib oʻtgan keksalarimiz hamisha ardoqda ekanini eʼtirof etdilar.
Sana munosabati bilan shahar va tumanlar, mahalla, mehnat jamoalari hamda taʼlim muasssalarida koʻplab tadbirlar tashkil etildi. Urush qatnashchilari va front orti hamda mehnat faxriylari tantanali ravishda muborakbod etildi. Xususan, Guliston tumani hokimi Saydimqul Begimqulov, sektor rahbarlari va bir guruh yoshlar Alisher Navoiy nomidagi mahallada istiqomat qilayotgan mehnat faxriysi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, 86 yoshli Barat bobo Joʻrayev xonadonida boʻlib, otaxonni samimiy tabrikladilar. va esdalik sovgʻalarini topshirdilar. Eʼtiborlisi, ayni paytda mazkur tuman markazida yangi, har jihatdan koʻrkam Xotira xiyoboni bunyod etilmoqda.
Surxondaryo viloyatidan Ikkinchi jahon urushi janggohlariga 53 ming 365 nafar oʻgʻlon joʻnatilgan. Ayni kunlarda viloyatda 14 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va front orti faxriylari keksalik gashtini surmoqda.
Xotira va qadrlash kuni oldidan viloyat hokimligi, Janubiy operativ qoʻmondonligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Surxondaryo viloyati boʻlimi hamda boshqa davlat, jamoat tashkilotlari vakillari urush maydonidan omon qaytgan ana shu faxriylar holidan xabar olishdi.
Sherobod tumani “Galaguzar” mahallasida yashovchi Kenja ota Elomonov xonadonida “Inson aziz, xotira muqaddas” deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir uyushtirildi.
— Biz yurt obodligi, tinchligi uchun qoʻlga qurolganmiz,- dedi Kenja ota Elomonov. — Shunday ekan, bugungi tinch-osuda kunlarni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash muqaddas vazifadir. Buni aslo unutishga haqqimiz yoʻq.
Shuningdek, hayot yoʻli yoshlar uchun ibrat maktabi vazifasini oʻtayotgan urush qatnashchilari eng tajribali harbiy shifokorlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Fargʻona viloyatida ayni paytda 28 nafar urush qatnashchisi umrguzaronlik qilmoqda. Bayram arafasida yolgʻiz, oʻzgalar parvarishiga muhtoj tabarruk faxriylarning xonadonlari taʼmirlandi, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Tibbiy koʻriklar tashkil etilib, sogʻliklarini nazoratga olish, turmush sharoitlarini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, viloyat sektorlari, mudofaa va xavfsizlik tizimlari rahbarlari rishtonlik Abdulhay ota Azizov, Buvayda tumanidan Kenjaboy ota Egamqulov va uchkoʻpriklik Dehqonboy ota Qurbonov xonadonlarida boʻlib, urush faxriylari hamda ularning oila aʼzolarini bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
Fayzli xonadonlardagi yuzma-yuz suhbatlarda urushning shafqatsiz, dahshatli kunlarini boshdan kechirgan faxriylar bugungi osoyishta hayot, dorilomon kunlar uchun shukrona aytib, Prezidentimizning, xalqimizning eʼtibor va gʻamxoʻrligidan behad mamnun ekanini qayta-qayta taʼkidladilar.
“Xalq soʻzi” muxbirlari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring