Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari qayerga, nima uchun sarflandi?

00:59 15 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
1067 0

Joriy yilning 14-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining videokonferens aloqa tarzidagi navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda dastlab Prezidentimizning joriy yil 12-13-dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida belgilab berilgan topshiriqlar va undan kelib chiqadigan muhim vazifalar muhokama qilindi.

Yigʻilishni parlament quyi palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov kirish soʻzi bilan ocharkan, davlatimiz rahbarining vohaga tashrifi doirasida qishloq xoʻjaligi va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishilgani, viloyat faollari, yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilganini taʼkidladi. Xususan, Xorazm viloyati faollari bilan oʻtgan yigʻilishda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar muhokama qilinib, har bir shahar va tuman, mahallalarda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, “oʻsish nuqtalari” belgilanganini qayd etdi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi vohada davom etayotgan islohotlarni yangi bosqichga koʻtarishi qayd etilib, bu borada OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Davlat byudjeti haqidagi maʼlumotlar hamma vaqt ham odamlar uchun qiziq boʻlib kelgan. Chunki davlat gʻaznasidan ajratilayotgan mablagʻlarning qayerga, nima uchun sarflanishi koʻpchilikni qiziqtiradi.

Kimdir bu yilgi byudjet mablagʻlari koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasiga salbiy taʼsirini yumshatishga sarflandi desa, yana kimdir aholini ijtimoiy himoya qilish va koʻmakka muhtoj oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilmoqda, deydi.

Xoʻsh, joriy yil davlat gʻaznasidan ajratilgan katta miqdordagi mablagʻlar aynan qaysi sohani rivojlantirish uchun sarflandi? Oʻtgan yili tasdiqlangan “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun ijrosi qay darajada taʼminlandi? Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari qayerga, nima uchun sarflandi?

Deputatlar “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqish jarayonida shu kabi savollarga javob izlashdi.

Xalq vakillarining aytishicha, qonun loyihasi bilan yuqoridagi qonunning 16-moddasi birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilmoqda. Yaʼni, “2020-yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish boʻyicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 5,5 mlrd. AQSH dollari, shundan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash va loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2,5 mlrd. AQSH dollarigacha miqdorida belgilanmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan loyihani pishiq-puxta qilish boʻyicha bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinib, uzoq tortishuv, bahs-munozaralardan soʻng qonun loyihasi navbatdagi oʻqishga kiritiladigan boʻldi.

Soʻz va axborot erkinligini taʼminlash, shaxs, davlat va jamiyatning axborot xavfsizligi, fuqarolarning axborot huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq munosabatlar, shuningdek barqaror milliy axborot makonini yaratish zamonaviy jamiyat hayotida muhim rol oʻynaydi.

Shu jihatdan soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda axborot sohasi, jumladan, OAV va ommaviy kommunikatsiyalar faoliyatini demokratlashtirish va liberallashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqlik darajasi sezilarli darajada oʻsib, jamiyatda fikr va uni bildirish erkinligini taʼminlaydigan ochiq muloqot maydoni yaratildi.

Lekin shunga qaramay, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obroʻsizlantirishga olib keladigan, jamoat tartibi yoki xavfsizligi uchun tahdidga ega boʻlgan yolgʻon axborotni tarqatish, shuningdek, OAV, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirish orqali tarqatish hollari afsuski, tez-tez takrorlanib turibdi. Demak, bunday sharoitda fuqarolarning axborot huquqlari himoyasining kafolatlarini taʼminlaydigan huquqiy maydonni yaratish har qachongidan ham muhimroq.

Yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasining asosiy maqsadi – dolzarb, ishonchli va jamiyat uchun muhim boʻlgan axborotni erkin tarqatish jarayonlariga koʻmak beradigan amaliy huquqiy mexanizmlarni yaratish, ommaviy axborot vositalari erkinligi va jurnalistlarning professional faoliyatining himoyasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni himoyasini taʼminlashdan iboratdir.

Qonun loyihasida shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obroʻsizlantirishga olib keladigan hamda jamoat tartibi yoki xavfsizligi uchun tahdidga ega boʻlgan yolgʻon axborotni tarqatish bilan bogʻliq harakatlar uchun qonunchilikka yuridik javobgarlik choralarini kiritish, diffamatsiya (tuhmat va haqorat) holatlari bilan bogʻliq jinoyatlar tarkibiga nisbatan yengillashtirish choralarini amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Xalq noiblari ushbu hujjatning qabul qilinishi milliy OAV va jurnalistlarning professional faoliyati uchun yangi samarali mexanizmlarni yaratishga imkon berishini hisobga olib, qonun loyihasini birinchi oʻqishda qoʻllab-quvvatlashdi.

Yigʻilishda fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?