Ilm-fan, taʼlim va texnologiyalar rivoji milliy gʻoya sifatida
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov “Xalq soʻzi” gazetasining joriy yil 11-aprel sonida chop etilgan “Millat uchun hayot-mamot masalasi” sarlavhali maqolasida milliy gʻoya qanday boʻlishi kerakligi haqidagi mushohadalarini bayon etdi.
Maqolani oʻqir ekanman, ustozning bundan 23 yil burun jamiyatimiz fuqarolarini birlashtiruvchi kuch sifatida qaralgan “milliy gʻoya»ning boshdanoq mavhumlikka yuz tutib, xalqimiz qalbiga singmaganligi haqida alam bilan bildirgan fikrlari diqqatimni tortdi.
Darhaqiqat, mustaqillikka erishilgach, oradan 10 yil oʻtib, yaʼni 2000-yilda yuqori idoraning topshirigʻiga binoan bir guruh faylasuf olimlarga milliy gʻoya fani boʻyicha dastur va oʻquv qoʻllanma tayyorlash vazifasi yuklatildi. Shunday qilib hech qanday jamoatchilik, ziyolilarning keng ishtirokisiz va muhokamalarisiz zudlik bilan “Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” fani boʻyicha 2001-yilda katta tirajda oʻzbek va rus tillarida risola tayyorlandi, vazirlik buyrugʻi bilan taʼlim muassasalariga maxsus fan sifatida oʻqitish uchun oʻquv dasturlariga kiritildi, hatto bitiruvchilar uchun davlat imtihoni oʻtkazish lozimligi belgilandi.
Ijro uchun tushirilgan ushbu sunʼiy fanni biz ijtimoiy fanlar professor-oʻqituvchilari talabalar ongiga sindirishga harakat qila boshladik, kafedralar ochildi, darslik va oʻquv qoʻllanmalari nashr etilib, ilmiy anjumanlar oʻtkazildi, biroq yillar davomida qilingan ishlar oʻzining samarasini bermadi.
Oʻzbekiston xalqining bosh ezgu gʻoyasi deb eʼlon qilingan — ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish masalasi oddiy chaqiriq, orzu va niyatligicha qolib ketdi. Uning asosiy yoʻnalishlari — Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglik (tolerantlik) maqsadga erishishning yetti sharti deb eʼlon qilinishiga qaramasdan, xalqimiz, yoshlarimiz qalbiga singmadi.
Milliy gʻoya eʼlon qilingandan keyin, men ushbu risola mualliflaridan biriga murojaat qilib, xalqimiz ushbu tavsiya etilgan gʻoyalarni bilsa yanada jipslashadimi, boshqa hayotiy gʻoyalar yoʻqmidi, deb savol berganimda, u kishi qoʻlini bigiz qilib tepaga ishora qildilar, tushundim. Oʻsha yillari shoirlarimizdan biri “bizning milliy gʻoyamiz — «Oʻzbekiston kelajagi buyuk davlat” deb televideniyeda chiqish qildilar, buni ham hazm qildik. Shunday qilib, davlat tomonidan tushirilgan gʻoya gʻoyaligicha qolib ketdi. Xulosa shuki, xalqni, jamiyatni jipslashtiradigan milliy gʻoya fuqarolarning ong-shuuridan kelib chiqishi kerak boʻlib, jamiyatda shakllanishi va rivojlanishi lozim ekan.
Xullas oʻtgan yillarda orzu-havas, yaxshi niyat, chaqiriq va shiorlar bilan oʻz- oʻzimizni ovutib yurdik...
Muallifning Yangi Oʻzbekiston milliy gʻoyasi asosi sifatli taʼlim va samarali ilm-fan negizida yuqori intellektual darajali avlodni tarbiyalashdan iborat boʻlishi maqsadga muvofiqdir, kerak degan fikrini qoʻllab-quvvatlayman. Shuningdek, ushbu taklif naqadar asosliligini oʻz tarixi, madaniyati, mental xususiyatlariga koʻra bizga yaqin boʻlgan, rivojlangan Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi mamlakatlar xalqlarini birlashtiruvchi milliy gʻoyalari shakllanib rivojlanganligi va ushbu davlatlar gʻoyalari asosini aynan ilm-fan, texnologiyalar tashkil etishini koʻrishimiz mumkin.
Masalan, tarixdan maʼlumki, ikkinchi jahon urushidan soʻng Yaponiya butunlay vayron etilgan edi. Millat ogʻir damda birlashib mamlakatni tikladi, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratilib, minglab fuqarolar farzandlarini xorijdagi universitetlarda oʻqittirdi va bugungi kundagi yuksalishining asosiy omili – taʼlim, fan, texnologiyalar rivoji hisobiga dunyoning yetakchi rivojlangan mamlakatlari safidan oʻrin oldi.
Janubiy Koreya milliy gʻoyasi oʻtgan asrning 60-yillarida general Pak Chjon Xi rahbarligi paytida shakllandi. Yosh olim va tadbirkorlar ishtirokida milliy yuksalishning yettita ustuvor yoʻnalishi orasida taʼlim sohasi ham boʻlib, uni moliyalashtirish, fan va koreys milliy madaniyat institutlari rivojiga muhim eʼtibor berildi. Davlatning targʻibot qudrati xalq ongiga milliy uygʻonish gʻoyasini singdirishga qaratildi.
Qadimiy tarixiy-madaniy omillar, yutuqlar va ogʻir sinovlar Xitoy xalqlarini birlashtirib Xitoyning azaliy orzusi — mamlakatni yuksaltirish umummilliy gʻoyasini shakllantirish imkoniyatini berdi.
2013-yilda Xitoy rahbari Si Szinpin Xitoy orzusi — mamlakat yuksalishi, millat yasharishi va xalq baxti gʻoyasi barcha mamlakatlardagi insonlarga ham yaqindir, deb taʼkidladi. Xitoy milliy gʻoyasi Gʻarb sivilizatsiyasiga muqobil boʻlgan, ming yillar davomida anʼanaviy asosga ega kuchli va yuksalayotgan jamiyat qurishdir.
Taʼkidlash joizki, jahonning yetakchi rivojlangan mamlakatlarining milliy gʻoyalari negizida aynan ilm-fan, taʼlim texnologiyalarini yuksaltirish yotadi.
Milliy gʻoya butun xalq hayotining asosi boʻlib, oldingi va hozirgi avlodlarning orzu-umidlari va kelajakdagi imkoniyatlari, manfaatlari, maqsadlarini oʻzida aks ettiradi. Masalan, AQSHning milliy gʻoyasi — butun dunyoda demokratiya orzusini amalga oshirish, texnologik ustunlikka erishish, butun insoniyatni turli balo-qazolardan qutqarishdir.
Davlatimiz madhiyasidagi “Yashnagay to abad ilmu fan, ijod, Shuhrating porlasin toki bor jahon” degan satrlarida ham aynan ushbu maqsad turibdi, nazarimda.
Shuhrat GʻOYIBNAZAROV,
G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining
Toshkent shahridagi filiali direktori oʻrinbosari,
siyosiy fanlar doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring