Ixtirolar taraqqiyotga xizmat qilmoqda

11:22 28 Iyun 2024 Jamiyat
266 0

Oʻtgan yili dunyoda eng nufuzli hisoblangan QS tashkiloti Jahon universitetlari reytingi “World University Rankings — 2024” ni eʼlon qildi. Yurtimizdagi 14 ta oliy taʼlim muassasasi ilk bor ushbu reytingda oʻrin oldi. Bular orasida Fargʻona politexnika instituti ham bor.

Ayni paytda 682 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat koʻrsatayotgan taʼlim dargohining ilmiy salohiyati 36 foizga yetdi. 2023-yilda davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 18 ta xalqaro miqyosda 10 ta loyiha hamda institut qoshida tashkil etilgan Spin-off korxonalari tomonidan 682 ta hamkorlik shartnomalari amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq qilindi.

Mazkur institutning doktoranti sifatida bugun nazariy bilimlarimni amaliy tajriba bilan oʻzaro uygʻunlikda olib boryapman. Ilmiy ishlarim Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirildi. Shu tariqa bugungi kungacha xorijdan import qilib olib kelinayotgan suv nasoslari, elektr dvigatel metall korpus mahsulotlari mahalliy xomashyolar asosida lokalizatsiya qilinib, toʻliq ishlab chiqarishga joriy qilindi. Bu yutuqlarim evaziga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 12-13-may kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida belgilangan vazifalar doirasida institut taʼsischiligidagi “Ferpi mech-techno” unitar korxonasi tomonidan “Detallarni ishlab chiqarishda gazlantirishga asoslangan innovatsion quyish texnologiyasini joriy qilish hamda metall mahsulotlarini ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshirildi. Loyihada Ilmiy tadqiqot oʻquv ishlab chiqarish kompleksiga 14 turdagi zamonaviy texnologik jihozlar hamda 17 turdagi metrologik nazorat oʻlchov qurilmalari olib kelib oʻrnatildi.

Loyiha boʻyicha tashkil etilgan laboratoriya bazasida 6 ta fandan 40 ta mavzu boʻyicha amaliy mashgʻulotlar olib borildi. 250 nafar talabalar ishlab chiqarish hamda malakaviy amaliyotini oʻtamoqda. 40 nafar ziyod doktorant, magistr va mustaqil tadqiqotchilar oʻzlarining ilmiy izlanishlarini amalga oshiryapti. Xususan, bugungi kunga qadar 3 nafar tadqiqotchi texnika fanlari boʻyicha falsafa (PhD) doktori ilmiy ishini yoqladi. Loyiha doirasida Intellektual mulk agentligidan 20 dan ortiq dasturiy taʼminot guvohnomalari olindi.

Institutda dual taʼlim tajribasi asosida qishloq xoʻjaligi, yengil va ogʻir sanoat, qurilish korxonalari hamda kichik biznes subyektlariga koʻplab texnologik yechimlar berilib, amaliyotga tatbiq etildi. Texnikalar ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, taʼmirlash va servis xizmati koʻrsatish, butlovchi qismlar bilan taʼminlashga koʻmaklashildi.

Innovatsion quyish texnologiyasi amaliyotga tatbiq etilishi natijasida murakkab shaklli ehtiyot qismlar va aniqligi oʻta yuqori mashinasozlik jihozlarining ishlab chiqarish unumdorligi 30 foizga oshirildi. Shu bilan birga ishlab chiqarish sarf-xarajati 12 foizga kamayishiga erishildi. Misol uchun, texnologik amaliyotlar soni qisqardi, ishlab chiqarish chiqindilari, mehnat resursi va elektr energiyasi sarfi kamayishiga erishildi.

Yoshlar kuni bayrami oldidan davlat rahbari qaroriga koʻra, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlanganim bu boradagi izlanishlarimga yanada ragʻbat boʻldi.

Ahadjon OʻLMASOV,

“Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?