Ibrohim Gʻafurov deydiki...

Illyustrativ foto
Juda koʻhna bir kitobni oʻqib oʻtirar edim.
Ne-ne fikr imoratlari oʻtar edi koʻz oʻngimdan.
Shu asno kitob varagʻi orasidan yangi sahifani ochganimda uzun va qop-qora qosh tolasi tushdi tizzamga.
Ne zamonlar boʻlgan edi otamning oʻlganiga.
Ne zamonlar boʻlgan edi otamni sogʻinganimga.
Otamning qoshi toʻkildi koʻhna kitob sahifasidan.
Sogʻinganimni bildimi otam qoshining bir qora tolasini joʻnatdi menga.
Xabar ol, yolgʻiz qoʻyma, unutma, qosh axir koʻzning panohi boʻlar, har dilning yurakda bir ohi boʻlar...
Ota, nomangizni oldim.
Koʻksimga tegdi soʻlim shabada.
Soʻng avaylab joylab qoʻydim qoshingizni yana oʻsha koʻhna kitob sahifasiga.
Umid qildim: mendan soʻng ham oʻqirlar bu kitobni...
Sogʻinganlar... Sogʻinarlar...
* * *
Qadimgi faylasuflar inson dunyoga oʻlgani keladi, yashagani keladi, deyishadi. Mening xulosam esa boshqacha: inson dunyoga sayqal berish uchun keladi...
* * *
Kitobga birov ermak, birov ovunchoq, birov bilim va birov hayotning hikoyasi deb qaraydi. Kitoblarda yolgʻon gaplar yoziladi deb oʻylashadi. Yolgʻonlikka yolgʻon, lekin bir farqi kitoblarning yolgʻoni rostdan yaxshi. Men kitob oʻqish maqtanarli bir narsa deb bilmayman. Odam non yeyishi, suv ichishi, havo olishi bilan hech qachon maqtanmaydi-ku, toʻgʻrimi?
* * *
Olamlar bari, kavnu makonlar bari ilm bilan qamrab olingan va ilm bilan yaratilgan. Jumladan, odamzod, hayvonot va nabotot bari ilm bilan qamralgan. Ilmdan xoli hech narsa yoʻq. Odamzod necha ming yillardan beri bor va necha ming yillardan beri ilm izlaydi. Ilmga intiladi. Ilmni Yer yuzidan, koinotdan va oʻz-oʻzining ichidan qidiradi. Ilm izlash — XXI asrning shu kunlarida ham najotkor gʻoya. Bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Chunki ilm haqiqatga yetish yoʻli. Inson esa haqiqatsiz yasholmaydi.
* * *
Makonni tashlab ketar boʻlsang,
ayt, ketar oldingdan Segohni chalsinlar.
Segoh ketayotgan odamning qadamlarin taʼqib qiladi.
U yigʻlanmagan yigʻi.
Toʻkilmagan koʻz yosh.
Sen, mabodo, yangi makonga kirib borsang,
yangi makonga ilk qadam qoʻyganingda, ayt,
Segohni chalsinlar.
Sen emas, avval Segoh qadam qoʻysin yangi makonga.
Doʻst qoshiga suhbatga otlanyapsan —
avval tingla Segohni.
Qancha bogʻlarga kirding,
Izlab bording maqbarlarni,
qancha mozorlardan oʻtding,
xotiralar qoldi baridan.
Sen xotiralaringni aytib berishdan oldin,
albatta, Segohni tingla.
Injiqlik boʻlib tuyulmasin senga —
Segoh har holda
sendan qariroqdir,
sendan donoroqdir.
* * *
Insoniyat ajralish va ajratilish gʻoyasidan xalos boʻlsa, kelajakda — oltin asrlarda istiqomat qiladi. Ajratish, ajralish gʻoyasi kuchlimi yo birlashish, birlik gʻoyasimi? Insoniyat shu ikki savolga aniq javob berolsa va ogʻishmay borsagina kelajak asrlarda bexavotir umrguzaronlik qiladi.
* * *
Alloh nurni yaratgan ekan va Oʻzi ham shu nur ichida ekan, kitob ham ilmlar, hissiyotlar, aqllarning nurnomasidir. Mening haqiqatim shuki, odam kitoblar olamiga shoʻngʻimagunicha hech qachon sayqal topmaydi. Kitoblar inson hayotining xayrli pogʻonalaridir.
* * *
Odam muhabbatsiz yashay olmaydi. Muhabbat boʻlmasa, har qanday mol-dunyo, obroʻ-eʼtibor tatimaydi. Yosh oʻtib muhabbat oʻladi, oʻrniga izzat-ikrom keladi, deyishadi. Shunday boʻlishi mumkinmi? Muhabbat oʻrnini izzat-ikrom bosa oladimi? Yoʻq. Muhabbat oʻlishi mumkin, agar uni oʻldirsangiz. Muhabbat yashnashi mumkin, agar uni yashnatsangiz.
* * *
Odamni tinglay bilish ham juda katta odamgarchilik. U yurak va ongning tarbiyasidan darak beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring