Tomorqadan topilgan qadimiy tangalar

13:47 24 Dekabr 2025 Jamiyat
199 0

Oʻshanda 2017-yilning 21-avgusti edi. Yangi uy qurish niyatida hasharchilar bilan loyxandak tayyorlayotgan Erkin aka chamasi 1,5 metr chuqurlikda yotgan sopol koʻzani koʻrib hushyor tortdi. Bexos tushgan ketmon zarbidan yorilgan koʻzaning ichi liq toʻla tanga edi. Ularning qadimiy ekanligi shundoq koʻrinib turardi. Tabiatan bosiq ota voqeadan oilasidagilar va mahalla masʼullarini xabardor qildi.

Ertasiga Gʻijduvon tumanidagi Saidkent mahallasida yashovchi ota – oʻgʻil Erkin va Bahodir Moʻminovlar va kelin boʻlmish Toʻlinoy Odilova viloyat hokimligiga kelib, topilmani davlatga topshirish niyatidaligini bildirishdi. Shundan soʻng Buxoro davlat badiiy – meʼmorchilik muzey – qoʻriqxonasi mutaxassislari taklif etildi. Ular tomonidan dastlabki oʻrganish ishlari olib borilgan holda 816 dona tangadan iborat xazina tegishli tartibda muzeyga qabul qilindi.

– Oʻshanda bu tangalar XIII-XIV asrlarga tegishli ekani aniqlandi, – deydi muzey – qoʻriqxona restavratori Dilmurod Xolov. – Restavratsiyaga qadar ular tuproq korroziyasiga uchragan, ayrimlarining yozuv va sanalari kimyoviy buzilish sabab koʻrinmay qolgandi. Tabiiyki, tozalash va konservatsiya ishlarini bajardik. Tangalarning aksariyati XIV asrda Chigʻatoy ulusi hukmdorlari tomonidan zarb etilgani maʼlum boʻldi.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, tangalarning koʻpi old tomonida arab yozuvida kalima matni va dastlabki toʻrt xalifa ismi, orqa tomonida esa Chigʻatoy ulusi hukmdorlarining hamda zarb etilgan joy (Buxoro, Termiz, Samarqand) nomlari bitilgan.

Aytish oʻrinliki, muzey – qoʻriqxonaning numizmatika fondida antik davrlardan tortib to hozirgi davrga qadar zarb qilingan tangalar yigʻindisini koʻrish mumkin. Ularning muzey fondi va ekspozitsiyasida tutgan oʻrni katta. Tangalar moziydan soʻzlovchi, aniq dalillar keltiruvchi artefaktlar hisoblanadi.

– Bunday tarixiy ashyolarni davlatimizga begʻaraz topshirgan Moʻminovlar oilasidek yurtsevar fuqarolarga har qancha tasanno aytsa arziydi, – davom etadi D.Xolov. – Topilmalarni asrab-avaylash, oʻz vaqtida restavratsiya va konservatsiya qilish, kelajak avlodga asl holicha yetkazish, qolaversa, tariximizni ilmiy oʻrganish esa har bir muzey xodimining oldida turgan muhim vazifalardan deb bilaman.

Moʻminovlarga kelsak, ular noyob topilmani muzeyga topshirib, chindan ham oqilona yoʻl tutishgan.

– Biz oʻshanda biror bir foydani oʻylab, bu ishni qilmadik, – deydi Bahodirning turmush oʻrtogʻi, guruh nogironi sanalgan Toʻlinoy Odilova. – Fuqarolik burchimizni bajardik, xolos. Ochigʻi, oʻsha kezlarda ayrim kimsalar “Moʻmay pul ishlab olish oʻrniga nega xazinani suvtekinga topshirdinglar?” deyishdi. Mayli, ularni qoʻyavering. Muhimi, oilamiz oʻziga tinch. Uch nafar farzandimiz bor. Qadimiy tangalar topilgan yerga yondosh joyda imorat tiklab koʻchib oʻtganimizga ham ancha boʻldi.

– Erkin aka halol – pokiza, kamsuqum, mehnatkash, birovning bir tiyiniga ham xiyonat qilmaydigan fuqarolarimizdan, – deydi Saidkent mahalla fuqarolar yigʻini raisi Nigora Qiyomova. – Farzandu nevaralarini halol mehnat ortidan rizq-roʻz topishga odatlantirgan. Shu boisdan ham bu oilaning bir emas, koʻp emas, 816 ta qadimiy tangani davlatimizga begʻaraz topshirganidan aslo ajablanmadim.

Bu soʻzlarga ortiqcha izohning hojati yoʻq, albatta.

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?