Hushyor, eʼtiborliroq boʻlaylik, bugun ular yonimizda...

15:27 11 May 2021 Jamiyat
665 0

Kuni kecha “Gʻalaba bogʻi”dagi amfiteatrda 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram tadbirida Prezidentimiz nutq soʻzladilar. Jumladan, “...Olti yil davom etgan bu Ikkinchi jahon urushida dunyodagi 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan. Yevropa, Osiyo va Afrika qitʼalaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan qurolli toʻqnashuvlarga 110 million kishi safarbar etilgan va jami 70 million kishi halok boʻlgan...» deb taʼkidlab oʻtdilar.

Bu otashin va alamli hisobot ichida bizning vatandoshlarimizning ham borligi naqadar ayanchli va masʼuliyatli.

1941-yil arafasida Respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod boʻlgan. Urush boshlanishi bilan shulardan qariyb 2 millioni frontga otlangan. Bu qahramon insonlarning 500 mingdan ziyodi esa janglarda halok boʻlganlar...

Eʼtibor qilaylik, bu yoʻqotish qanchalar mudhish. 500 ming!

Bu 500 ming onaning faryodi, 500 ming otaning bukilgan qaddi, bevalarning qayrilgan qanotlari, bolalarning uchmay qolgan tulporlari, navqiron yigitlarning gʻuncha muhabbati, boʻy qizlarning yozilmagan maktublari...

Bularning bari ARMON otliq odamiylik tafakkurining yarasi, dardi, azoblari emasmi?!

Yana bir fojea. Ularning ichida 130 ming nafar bedarak yoʻqolganlar ham bor.

Bedaraklik – arosat, suzishni bilmagan odamning holati, uchishni bilmagan polaponning hadigi, ilonzor qoyalarning kavagiga in qurgan qushlarning hurkakligi...

Bedaraklik – na oʻlik, na tirik jon, na olov, na suv, na kunduz, na kecha...

Bedaraklik – quloqlarga aylangan vujud, koʻzlarga aylangan yoʻl...

Bedaraklik – 130 ming oila yaqinlarining muallaq qadamlari...

Biz bugun dorilamon zamonda yashayotgan mustabidlik, tobelik neligini bilmayotgan hur va ozod Vatanimizda Mustaqillik sharafini boshimizga toj qilib, faxrlanib yurganlar bugungi kunda yuqoridagilar haqida gapirish gʻalatidek tuyilar balkim.

Bugungi kunda yurtimizda 5 ming 200 nafar urush qatnashchilari yashamoqda. Bugun oʻsha jonfidolar oldida bosh egib, taʼzim qilishimiz, eʼtirof va eʼzozlashimiz, IZZAT qilishimiz lozim. Chunki ular bizning tariximiz, kechagi hayotimizning suratlaridir.

Hoy, uvoldan qoʻrqmaydiganlar, isroflar uyumining boshida oʻtirganlar, bir telefon qoʻngʻirogʻi bilan kimningdir taqdirini hal qiluvchilar, soʻzi bilan, qoʻli bilan dunyolarga daʼvo qilayotganlar yoningizda 5 ming 200 nafar oʻz xotiralariga qoʻshib armonlari, azoblari bilan yashayotganlar bor.

Hushyor, eʼtiborliroq boʻlaylik, bugun ular yonimizda...

Farida BOʻTAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?