“Hunarni asrabon netgumdir oxir”...
Baxshulla aka yaxshi eslaydi: oʻzi oʻqiyotgan maktab sinf doskasi yonboshida “Oltin olmaginu oʻrgangin hunar, Hunarning oldida xasdir oltin zar”, degan hikmatli soʻz yozigʻlik turardi. Ikkinchi bir tomonda esa Alisher Navoiyning “Hunarni asrabon netgumdir oxir, Olib tuproqqamu ketgumdir oxir”, degan oʻlmas misrasi bitilgan edi.
— Bu hikmatlar zamirida men oʻz hayotimni koʻrgandek boʻlaman, — deydi buxorolik taniqli zardoʻz, “Shuhrat” medali sohibi Baxshulla Jumayev. — Salkam 45 yildirki, zardoʻzlik bilan shugʻullanib shunday xulosaga keldim: chindan ham hunarning oldida har qanday mol-dunyoning sahrodagi xaschalik qadru qimmati yoʻq ...
Baxshulla akasiga ergashib “Mohir qoʻllar” toʻgaragiga borar, qogʻozga turli tasvirlarni tushirar, qadimiy obidalardagi jilvakor naqshlar oʻy-xayolini butkul oʻgʻirlab qoʻygandi. Havasu ishtiyoq maktabdan soʻng uni Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU) ga boshlab keldi. Badiiy grafika yoʻnalishida tahsil oldi. Oʻsha damlarda nomdor sanalgan “Zardoʻz” fabrikasida bosh rassom vazifasida ishladi. Istiqlol sharofati bilan mustaqil mehnat qilish imkoniyati yuzaga kelgach, “Sovgʻa” zardoʻzlik maktabi faoliyatini yoʻlga qoʻydi. 1994-yilda Pokistonda oʻtkazilgan “Ustalar ish ustida” xalqaro festivalida birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Mashaqqatli mehnati qadrlanib, viloyat hokimligi tomonidan unga koʻhna Buxoroning qoq markazidan yashash va ishlash uchun joy ajratildi. Zardoʻz “Tashabbus — 97” koʻrik-tanlovi respublika bosqichi gʻolibi boʻldi.
Sirasini aytganda, zardoʻzlik kishidan katta ishtiyoq, bilim, izlanish, nozik did, sinchkovlik, sabr-toqatni talab etadi. Zardoʻz sheʼriyatga ham mehr qoʻygan boʻlmogʻi darkor. Chunki Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Jaloliddin Rumiy, Umar Xayyom, Mirzo Bobur kabi klassik shoirlarning asarlari xalq amaliy sanʼati ustasi uchun bitmas – tuganmas ilhom manbai sanaladi.
Baxshulla akaning “Buxoroyi Sharif”, “Qoʻshtovus”, “Gultuvak”, “Alisher Navoiy”, “Bahor”, “Amir Temur” kabi yirik polotnoli asarlari ana shu mutolaa natijasi desak xato qilmaymiz.
Darvoqe, zardoʻzlik sanʼatining Baxshulla aka va uning rafiqasi Muqaddas Jumayeva ijodiga mansub jozibador bu namunalari Ispaniya, Mali, Tunis, Gretsiya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Shvetsariya kabi dunyoning oʻttizga yaqin davlatida uyushtirilgan xalqaro koʻrgazmalarda namoyish etilgan.
— Buxoro zardoʻzligi necha ming yillik tarixga ega, — deydi usta. — Uning “zardoʻzi zamindoʻzi”, “zardoʻzi-guldoʻzi”, “zardoʻzi-berishimdoʻzi” kabi qadimiy usullari bor. Ajdodlarimiz taʼbir joiz boʻlsa, bu usullarni tishlarining kavagida asrab, kelgusi avlodlarga yetkazishgan. Masalan, manbalarda aytilishicha, 1920-yilga qadar Buxoroda 300 – 350 nafar zardoʻz faoliyat koʻrsatgan. Mustaqillik sharofati bilan chashma qayta koʻz ochdi. Asriy anʼanalar qayta tiklandi. Hozir hamkasblarimiz qoʻl mehnatiga asoslangan bu hunarning ajoyib namunalarini yaratishmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoroda xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali oʻtkazilishining yoʻlga qoʻyilishi olamshumul voqea boʻldi.
Darvoqe, Baxshulla aka bu festivalni oʻziga xos sovgʻa bilan qarshi oldi. Bir turkum zardoʻzlik buyumlari tayyorlash bilan cheklanmay, Buxoro zardoʻzlik sanʼati haqida kitob yozdi. Festivalda bu kitob taqdimoti oʻtkazildi. Asar shu hunarga mehr qoʻygan yoshlarga asqatadi, xalq amaliy sanʼati ixlosmanlari uchun muhim manba vazifasini oʻtaydi.
Aytmoqchi, Baxshulla aka xonadoniga hunarmandlar oilasi deya taʼrif berishadi.Turmush oʻrtogʻi va farzandlaridan tashqari, singlisi, qarindosh-urugʻlari ham hunar etagidan tutishgan. U hozirgacha 500 nafardan ziyod shogird tayyorlagan. Ular orasida xorij fuqarolari ham bor.
Deylik, joriy yilda nodavlat tashkilotlardan biri koʻmagida dunyoning oʻnta davlatidan bir guruh zardoʻzlik sanʼati ixlosmandlari atayin kelib, hunar sir-asrorlarini oʻrganib ketishdi. Shu oʻrinda zardoʻzlik va zargarlik festivalida ustaning oltita davlatdan boʻlgan shogirdlari faol ishtirok etishganini ham taʼkidlamoqchimiz.
— Hazrat Alisher Navoiy “Hunarni asrabon netgumdir oxir...”, deb bejiz lutf etmaganlar, — deydi qahramonimiz. — Shogirdlarim erishgan yutuqlar haqida eshitganimda, ularning “Ustoz” deya hurmatimni joyiga qoʻyishganini koʻrganimda qushday yengil tortaman. Shunday yurtda yashayotganimga shukrona aytaman. Men hunar inson umrining bezagiga aylanishini oʻz hayotim misolida koʻrdim.
Joriy yil ham usta uchun quvonchli voqealarga boy kechayapti. U Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Xalq ustasi unvoniga sazovor boʻldi. Qoʻqonda oʻtgan II Xalqaro hunarmandlar festivalida 1-oʻringa munosib koʻrildi.
...Butun boshli zardoʻzlik maktabiga asos solgan Baxshulla Jumayevni odatdagidek, ustaxonasida uchratasiz. Donish Buxoroning fidoyi bu farzandi koʻz nuri, qalb qoʻrini berib xalq amaliy sanʼati durdonalarini yaratishda davom etmoqda.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring