Hunarli ayollar oilasiga daromad keltiradi

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Ishtixon tumanidagi Chagʻatoy mahallasida aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, turli kurslar tashkil etilgan. Tikuvchilik, pishiriq tayyorlash, kichik hamshiralik kabi yoʻnalishlarda mutaxassislar ish boshladi. Buning natijasida oʻnlab xotin-qizlar yangi kasb egallab, oilasiga daromad keltira boshladi.
Mahalla xotin-qizlar faoli Gulmira Hamroyeva tashabbusi bilan amalga oshirilgan loyihalar juda koʻp ayollar hayotini oʻzgartirdi. Tikuvchilikni Sevara Turgʻunova, hamshiralikni Xayriniso Joʻrayeva va Guli Oʻrolova, pishiriq tayyorlashni Barno Xoliqova, fitnesni esa mutaxassislar oʻrgatishga kirishdi. Ularning mehnati va tashabbuslari mahalladagi xotin-qizlarga umid bagʻishladi.
Quvonarlisi, bu kurslarning aksariyati tekin, hamshiralik yoʻnalishida esa oyiga bor-yoʻgʻi 250 ming soʻm toʻlov belgilangan. Har bir kursga 15 nafardan tinglovchi qabul qilinib, uch oy davomida taʼlim beriladi. Hozirgacha 60 nafar xotin-qiz yangi kasb egallab, oʻz mustaqil faoliyatini boshladi.
Maʼlumotlarga koʻra, Samarqand viloyatida oʻtgan yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan 104 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning barchasiga belgilangan tartibda yordam koʻrsatilgan. Xususan, 38 ming 758 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar bandligi taʼminlangan.
— 2024-yilda 156 nafar ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uy-joylar bilan taʼminlandi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Z.Saidova. — Bu yil yana turarjoyga muhtoj 110 nafar ayollarning muammosini hal etish rejalashtirilgan. Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan 210 nafar xotin-qizlarda murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilib, ixtisoslashgan tibbiy markazlarda salomatligini tiklagan.
Xullas, viloyatda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni taʼminlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring