“Hukumat soati”: deputatlarning savollariga qishloq xoʻjaligi vaziri javob berdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, yer maydonlarini foydalanishga kiritish, agrar sohada aholi bandligini taʼminlash hamda qulay agrobiznes muhitini yaratishga qaratilgan — “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 – 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari haqida”gi masalani muhokama qildilar.
Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga Qishloq xoʻjaligi vaziri A.Voitov javob berdi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qulay agrobiznes muhit va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, soha boshqaruvida investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, qishloq xoʻjaligida ilm-fan yutuqlarini joriy qilish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish orqali ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish maqsadida ekin maydonlari sezilarli darajada kengaytirilyapti.
“Hukumat soati”da deputatlar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarida dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish va u orqali aholi bandligini taʼminlash hamda daromadini koʻpaytirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan qiziqdilar.
Mazkur savolga Qishloq xoʻjaligi vaziri tomonidan atroflicha maʼlumot berildi. Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi sohasi mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 30 foizini tashkil etadi. Agrar tarmoqda 4 mln. nafarga yaqin ishchi-xizmatchilar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2023-yilning oʻtgan davrida 94,3 ming gektar ekin maydonlari 247 ming nafar fuqaroga ochiq elektron tanlovlar orqali ijaraga berilgan. Yer maydonlarining 24 ming gektari 65,1 ming nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan ehtiyojmand va xorijdan qaytgan mehnat migrantlariga ajratilgan.
Bundan tashqari, yana 17,2 mingta lot 10,8 ming gektar yer maydonlari “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlovlarga chiqarilgan. Joriy yil yanvar-iyun oylarida qishloq xoʻjaligi sohasida jami 808 ming nafar, yaʼni 223 mingta doimiy va 585 mingta mavsumiy ish oʻrinlari yaratilgan.
Shu bilan birga, paxta va gʻalladan qisqargan yer maydonlarida dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun 2022-2023-yillarda aholiga ajratiladigan 193 ming gektar maydonda 2-3-marta ekin ekish orqali 5 mln. tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilmoqda.
Deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni eʼtirof etib, yurtimizda qulay agrobiznes muhiti va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar boʻyicha savollar berishdi.
A.Voitovning qayd etishicha, qishloq xoʻjaligida investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida qishloq xoʻjaligi yerlarining samaradorligini oshirish maqsadida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 5,1 mlrd. soʻm, chorva, parranda va baliq yetishtirish, import qilingan naslli qoramol, qoʻy echkilar va mahalliy yetishtirilgan naslli qoramollar uchun 293 mlrd. soʻm, ogʻir hududlarda artezian quduqlarini qazish uchun 36,5 mlrd. soʻm hamda bogʻlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini hamda quduq nasos stansiyalarini oʻrnatish uchun 25,2 mlrd. soʻm subsidiyalar ajratilgan.
Shu bilan birga, mamlakatimizda bugungi kunda paxta-toʻqimachilik yoʻnalishida klasterlar soni 141 tani, gʻallachilik klasterlari 161 tani, meva-sabzavotchilik klasterlari 244 tani tashkil etib, ularning fermer va dexqon xoʻjaliklari bilan mustahkam aloqasi yoʻlga qoʻyilgan. Bunda, paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 2023-yilning yarim yilligida qiymati 7,4 trln. soʻmlik 262 ta investitsiya loyiha amalga oshirilib, 19,4 mingta ish oʻrinlari tashkil etilgan.
Qayd etilganidek, gʻallachilik klasterlari tomonidan 261,1 mlrd. soʻmlik 48 ta investitsiya loyiha amalga oshirilib, 195 ming tonnalik yangi quvvatlar ishga tushirilgan. Jumladan, yillik quvvati 167 ming tonnalik un, 6 ming tonnalik omuxta yem, 11 ming tonnalik non mahsulotlari ishlab chiqarish, 9 ming tonna donni saqlash, 3 ta parrandachilik va 6 ta chorvachilik kompleksi tashkil etildi hamda 1197 ta ish oʻrni yaratildi.
Shuningdek, meva-sabzavotchilik klasterlari tomonidan jami 1,1 mln. tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilib, shundan, 620 ming tonna ichki isteʼmolga, 296 ming tonna qayta ishlashga hamda qiymati 186 mln. AQSH dollarlik 230 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsuloti eskportga yoʻnaltirilgan.
Taʼkidlanganidek, joriy yilda aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, bozorlarda mahsulotlarning narx barqarorligini saqlash boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar bilan tizimli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Savol-javob va muhokamalarga boy boʻlgan “Hukumat soati”da deputatlar qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, yer maydonlarini foydalanishga kiritish, agrar sohada aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring