“Hozircha murosali variant topilmadi”. Putin va AQSH delegatsiyasi muzokaralari qanday oʻtdi

11:23 03 Dekabr 2025 Dunyo
130 0

Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning maʼlum qilishicha, uchrashuv “foydali, konstruktiv va mazmunli” boʻlgan va deyarli besh soat davom etgan.

— Biz, tabiiyki, AQSH tomonidan bir muddat avval Moskvaga taqdim etilgan hujjatlar va loyihalar mazmunini amerikalik hamkorlar bilan batafsil muhokama qildik, — dedi Ushakov uchrashuv yakunida jurnalistlarga.

Uning aytishicha, Rossiya AQSHning Ukraina boʻyicha dastlabki tinchlik rejasidan tashqari yana toʻrtta qoʻshimcha hujjat olgan.

— Biz aniq iboralarni yoki takliflarning matnini emas, balki ushbu AQSH hujjatlarida yotgan umumiy mazmunni muhokama qildik. Ayrim bandlarga rozi boʻlishimiz mumkin, buni prezident ham tasdiqladi; ayrim takliflar esa tanqidga sabab boʻldi va prezident buni yashirmadi. Ammo eng muhimi — juda foydali muzokara oʻtdi. Tomonlar uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi, — dedi Ushakov.

Putin yordamchisining qoʻshimcha qilishicha, uchrashuvda hududiy masalalar ham alohida muhokama qilingan.

— Biz uchun inqiroz yechimi hududiy masalalarsiz mumkin emas. Shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi kelajak iqtisodiy hamkorlikning ulkan istiqbollari ham muhokama qilindi, — dedi u.

Ushakovning taʼkidlashicha, hozircha murosaga keltiruvchi yagona variant topilmagan:

— Hali umumiy murosali yechim yoʻq. Ammo ayrim takliflar maʼlum darajada maqbul koʻrinadi, ularni muhokama qilish kerak. Baʼzi formulirovkalar esa bizga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Demak, ish davom etadi. Bu eng muhim masalalardan biridir, — dedi u.

Muzokaralar ortidan “tinchlik yaqinlashdimi yoki uzoqlashdimi?” degan savolga Ushakov:

— Aniq ayta olaman: uzoqlashgani yoʻq, — deb javob berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?