Hindiston — Oʻzbekistonning muhim hamkori

16:05 16 Avgust 2022 Siyosat
691 0

Foto: Халқ сўзи

15-avgust — Hindiston Respublikasi Mustaqilligi kuni. Doʻst davlat va yaqin hamkorimiz boʻlgan ushbu mamlakat mustaqilligining oʻz tarixi bor va mazkur sana har bir hindistonlik uchun nihoyatda qadrlidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan Bosh vazir Narendra Modiga tabrik yoʻllab, Hindiston xalqini milliy Mustaqillik bayrami bilan qizgʻin qutlab, samimiy tilaklarini izhor qildi.

Qayd etish kerak, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi yaqin doʻstlik munosabatlari uzoq tarixga borib taqaladi. Koʻp asrlik doʻstlik aloqalari anʼanalariga sodiq holda, bugungi kunda ikki mamlakat davlatlararo sheriklikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishdan oʻzaro manfaatdor ekanini namoyon etmoqda.

Bu borada oʻzaro aloqalar soʻnggi bir necha yil ichida yangi choʻqqilarga koʻtarilgani, avvalo, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan muntazam va izchil siyosiy muloqot ikki tomonlama munosabatlarning ravnaqi uchun mustahkam zamin yaratayotgani alohida qayd etilgan.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil oktyabr oyida Hindistonga davlat tashrifi natijasida turli ustuvor sohalardagi hamkorlikka oid 20 ta hujjat imzolangani munosabatlarimizda yangi sahifa ochgani, 2019-yil yanvar oyida yana shu mamlakatga tashrif buyurib, “Joʻshqin Gujarat” global sarmoyaviy sammitida bosh mehmon sifatida ishtirok etgani, 2020-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri oʻrtasida boʻlib oʻtgan virtual sammit ikki tomonlama aloqalar rivojida muhim bosqich boʻldi. Shuningdek, oʻzaro manfaatli hamkorlik doirasida turli soha va darajadagi delegatsiyalar muloqoti samarali yoʻlga qoʻyilgan.

2020-yilda pandemiya bilan bogʻliq cheklovlar joriy qilingan ogʻir va sinovli davrlarda Oʻzbekiston ham, Hindiston ham oʻta muhim va zarur farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy asbob-uskunalardan tashkil topgan insonparvarlik yuklari orqali bir-biriga doʻstona yordam qoʻlini choʻzdi.

Bugungi kunda ikki mamlakat oʻrtasida qulay savdo rejimi amal qilmoqda. Oʻrtadagi yillik tovar ayirboshlash hajmi 440 million AQSH dollaridan oshadi. Savdo va sarmoyaviy sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi 330 ga yaqin korxonalar, jumladan, 100 foizlik Hindiston kapitaliga asoslangan 220 ta muassasa faoliyat koʻrsatmoqda.

Ayni vaqtda Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari Hindistonning 10 dan ortiq universiteti, ilmiy-tadqiqot muassasasi va markazi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, ilm-fan sohasida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining bir qancha ilmiy-tadqiqot tashkilotlari Dehli, Mumbay va Puna shaharlaridagi akademik markazlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻygan va qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqda. Dehlidagi Jomiya Milliya Islomiya va Javoharlal Neru universitetlarida oʻzbek tili kurslari yoʻlga qoʻyilgan. 2019-yilda Hindistonning Amiti va Sharda universitetlarining filiallari Toshkent va Andijon shaharlarida oʻz faoliyatini boshladi. 2021-yil dekabr oyida esa Jizzax viloyatida Sambhram texnologiya institutining yangi kampusi ochildi. Hozirda Hindistonning boshqa qator yetakchi universitetlari Oʻzbekistonning turli hududlarida oʻz filiallarini tashkil etish ustida ish olib bormoqda.

“Dunyo – yagona oila”

Manish PRABXAT,

Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

— Hindiston Mustaqilligining 75 yilligi munosabati bilan “Xalq soʻzi” gazetasining barcha oʻquvchilarini chin dildan tabriklayman hamda Oʻzbekiston Hukumati va xalqiga Hindistonga koʻrsatilayotgan doʻstlik va hamkorlik uchun minnatdorlik bildiraman. Hindiston 1947-yil 15-avgustda mustaqillikka erishdi va oʻshandan beri oʻz xalqining taraqqiyot yoʻlidan bordi, milliy xavfsizligini mustahkamlab, mamlakatda ilmiy-texnika taraqqiyotini ragʻbatlantirdi. Jahon miqyosida Hindiston tinchlik va barqarorlikni taʼminlash va «Vasudhaiva Kutumbakam», yaʼni “Dunyo — yagona oila” ruhiga muvofiq global hamkorlikni rivojlantirish siyosatini olib bordi.

Hindiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari soʻnggi yillarda, ayniqsa, Bosh vazir Narendra Modi Janobi Oliylarining 2015 va 2016-yillarda Oʻzbekistonga va Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining 2018 va 2019-yillarda Hindistonga tashriflari bilan mustahkamlandi. Ikki davlat rahbarlari 2020-yilda virtual sammit oʻtkazdilar. Hindiston va Oʻzbekiston keng koʻlamli koʻp tomonlama hamkorlikka ega, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, “Hindiston — Markaziy Osiyo” sammiti va Shanxay hamkorlik tashkiloti platformalarida. Ishonchim komilki, har bir hindistonlik va har bir oʻzbekistonlik hamkorligi bilan Hindiston — Oʻzbekiston doʻstlik va sheriklik munosabatlari yanada gullab-yashnaydi.

Kuchli demokratiya va plyuralistik jamiyat

A. R. GANSHYAM,

Hindistonning Jazoirdagi elchisi va Hindistonning Nigeriyadagi
Oliy komissari boʻlib xizmat qilgan isteʼfodagi diplomat:

— Milodiy ikki ming yillik davomida Hindiston dunyodagi ishlab chiqarishning uchdan bir qismini tashkil etgan eng yirik iqtisodiyotga ega davlat boʻlib keldi. Arxeologik dalillar qadimgi Hindistonning Hind vodiysi sivilizatsiyasi kelib chiqishining miloddan avvalgi 5 ming yillik tarixini aytib berishga qodir. Oʻrta asrlarda ham Hindiston sohibqiron imperatorlar davrida millionlab millarga yoyilgan bir necha ulkan imperiyalar va buyuk sivilizatsiyalar guvohi boʻlgan.

Oʻtgan ming yillikning soʻnggi choragiga kelib, Hindiston XVIII-XIX asrlarda Sharqiy Hindiston kompaniyasining taʼsiri ostida qoldi. Keyinchalik, 1857-yilda sepoy qoʻzgʻoloni inglizlarni Hindistonni toʻqson yil davomida toʻgʻridan-toʻgʻri Britaniya imperiyasiga boʻysundirishga majbur qildi. Shunday qilib, qariyb ikki asr davomida Hindiston Buyuk Britaniyaga bogʻlanib, faqat Britaniya imperiyasining manfaatlariga xizmat qildi. Inglizlar bosib olgan, nazorat qilgan va ulardan katta foyda koʻrgan barcha koloniyalardan Hindiston eng katta hamda eng boy boʻlgan va koʻpincha (Britaniya) tojidagi Marvarid deb nomlangan.

Nihoyat Hindistonni tark etishdan oldin inglizlar Hindiston yarimorolini uch qismdan — Hindiston, harbiy Pokiston va Sharqiy Pokistondan ikki mamlakatga boʻlishdi. Oʻsha paytda Hindiston aholisi 330 million kishini va YAIM 2,7 trillion dollarni tashkil etgan — bu dunyo yalpi ichki mahsulotining 3 foiziga teng degani. Ikki ming yillikning aksariyat qismida dunyo ishlab chiqarishining uchdan bir qismini tashkil etgan mamlakat mustamlakachilar tomonidan kuchsizlantirilgan.

Erishilgan yutuqlar

Hindiston mustaqillikka erishgandan beri Gangada koʻp suv oqmoqda. 1950-51 yillarda qishloq xoʻjaligi, sanoat va xizmat koʻrsatish sohasining Hindiston YAIMga qoʻshgan hissasi mos ravishda 56 foiz, 15 foiz va 9 foizlik koʻrsatkichda boʻldi.

Qishloq xoʻjaligida eng koʻp ishchi kuchi 72 foizni tashkil etadi, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari esa mos ravishda 10 foiz va 18 foiz ish oʻrinlarini taʼminlaydi. Bugungi kunda xizmat koʻrsatish yoʻnalishi Hindiston YAIMning 54 foiziga yetdi. Sanoat va qishloq xoʻjaligi mos ravishda 25,92 foiz va 20,19 foiz bilan keyingi oʻrinlarni band qilgan.

Mustaqillik arafasida oʻrtacha umr koʻrish 32 yil edi. Hozir u 70 yoshga yetdi. 1950-yilda Hindistonda bolalar oʻlimi koeffitsiyenti 1000 tirik tugʻilishga 145,6 ni va 1940-yillarda onalar oʻlimi darajasi 2000/100000 tirik tugʻilishni tashkil etdi, bu 1950-yillarda 1000 ga kamaydi. Mamlakat boʻylab atigi 50.000 shifokor bor edi va birlamchi tibbiy yordam markazlari soni 725 tadan oshmasdi.

Bugungi kunda bolalar oʻlimi 1000 tugʻilishga 27,7 ni va onalar oʻlimi darajasi 100000 ga 103 ni tashkil qiladi. Shifokorlar esa 1,2 milliondan ortiq. 2021-yil 8-dekabr holatiga koʻra, mamlakatda 54,618 yordamchi sogʻliqni saqlash markazi, 21,898 birlamchi tibbiy yordam markazi va 4,155 shahar birlamchi tibbiy yordam markazi mavjud. Mamlakatda 70 minggacha davlat va xususiy kasalxonalar bor. 2022-yil 5-aprel holatiga koʻra hukumatning raqamli Hindiston tashabbusi doirasida butun mamlakat boʻylab tashkil etilgan 748 elektron shifoxonani hisobga olmaganda Hindistonda 117,771 “Ayushman Bharat» sogʻliqni saqlash va sogʻlomlashtirish markazlari mavjud.

Taʼlimga kelsak, inglizlar Hindistonni tark etganda 498 ta kollej va 27 ta universitetni hisobga olmaganda, 210 mingta boshlangʻich maktab, 13600 ta oʻrta maktab mavjud edi. Bugungi kunda mamlakatda 1,6 millionta maktab, 42 343 kollej va mingta universitet bor. 250 milliondan ortiq oʻquvchilar maktabga boradi va bizning universitetlarimizda 40 millionga yaqin talabalar tahsil oladi.

Hindiston halokatli COVID-19 pandemiyasidan omon qoldi va uning iqtisodiyoti 2020-2021 moliya yilida 7,3 foizga kamaydi. Ushbu pasayish boshqa yirik iqtisodiyotlarga qaraganda pastroq boʻlganligi tasalli berishi mumkin. Mavjud soʻnggi hisob-kitoblarga koʻra, 2021-2022-yillarda YAIMning oʻsish surʼati 8,7 foizni tashkil etadi.

Hindiston buyuk millat sifatida demokratiyaning kuchi va barqarorligi, qonun ustuvorligi hamda din, til, madaniyat, iqlim, tarix, geografiya va boshqalar nuqtayi nazaridan oʻz aholisining hayratlanarli xilmaxilligi bilan ajralib turadi.

Kelajak istiqbollari

Tahlilchi Ruchir Sharma tomonidan soʻnggi oʻn yil ichida Hindiston iqtisodiyoti boʻyicha oʻtkazilgan oxirgi tadqiqot bir nechta hayajonli kashfiyotlarni oʻz ichiga oladi. 2011-yilda Hindistonda jami boyligi 256 milliard AQSH dollarini tashkil etgan 55 milliarder bor edi, bu oʻsha paytda Hindiston YAIMning 13,5 foiziga teng edi. Oʻn yil oʻtgach, 2021-yilda Hindistonda milliarderlar soni 140 nafarga yetdi, ularning umumiy boyligi 596 milliard AQSH dollaridan iborat boʻlib, bu YAIMning 19,6 foiziga teng.

Sharmaning qoʻshimcha qilishicha, ularning 110 tasi soʻnggi oʻn yil ichida boyigan yangi milliarderlardir. Mustaqillik davrida Hindiston dunyodagi oltinchi yirik iqtisodiyotga ega davlat edi. 2021-yilda Hindiston aholisi toʻrt baravar koʻpayganligini hisobga olsak, xuddi shu pozitsiyani saqlab qolishi bu kichik yutuq emas.

Yuqorida aytilganlarga qaramay, boʻshashmaslik kerak, chunki Hindistonda hali ham aholining katta qismi qashshoqlik chegarasida yashaydi, yaʼni Jahon bankining hisob-kitoblariga koʻra, 140 million kishi — aholining 10 foizini tashkil qiladi.

Agar Hindiston oʻz infratuzilmasini yaratish va mustahkamlash yoʻlida davom etsa, jamiyatning hamjihatligi va uygʻunligini saqlab qolsa, siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishda koʻzda tutilgan izchillikni barqarorlashtirsa, kelgusi avlodlarga porloq kelajak taʼminlab berilishi mumkin.

Taraqqiyot yoʻlidagi sheriklikka oid yondashuv

Gurjit SINGX,
isteʼfodagi diplomat:

— Resurslarning dastlabki cheklovlariga qaramay, Hindiston 1947-yilda mustaqillikka erishgandan soʻng darhol rivojlanish tajribasi va texnik bilimlarini boshqa mamlakatlar bilan baham koʻrishni boshladi. Bu stipendiyalar va salohiyatni oshirish dasturlari bilan boshlanib, keyinchalik institutsional qurilishga qadar davom etdi.

Hindistonning rivojlanish boʻyicha hamkorlik modeli sherik mamlakatlarning talablariga javob beradigan va moliyaviy jihatdan mumkin boʻlgan yechimlarni taqdim qiladigan tarzda tashkil etilgan. Mamlakatning rivojlanish boʻyicha sherikligining asosiy vositalari kredit liniyalari, grant yordami, kichik rivojlanish loyihalari, texnik maslahatlar, tabiiy ofatlarda koʻmak berish hamda insonparvarlik yordami va Hindistonning texnik hamda iqtisodiy hamkorlik dasturi orqali salohiyatni oshirish dasturlari hisoblanadi.

Yaqinda Afrikada oʻtkazilgan tadqiqotda ITEC turli xil rivojlanish harakatlari orasida eng yaxshi reytingga ega boʻldi. ITEC Hindistonning taraqqiyot boʻyicha oʻz tajribasini va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar bilan boʻlishish uchun oʻsib borayotgan yutuqlarni oʻrtoqlashdi.

Hindiston dunyo va qoʻshni mamlakatlarga murakkab sharoitlarda yordam qoʻlini choʻzmoqda. Nepalda Hindiston avtomobil yoʻllarini qurdi, qishloqlarni elektrlashtirdi, manzillarni ichimlik suvi bilan taʼminladi va mamlakatning energiya salohiyatini oshirdi. Yaqinda hukumatimiz Shri-Lanka aholisiga yonilgʻi, oziq-ovqat va dori-darmonlar bilan bogʻliq muammolarni hal qilish uchun taxminan 3,8 milliard dollar yordam koʻrsatdi. Afrikadagi Pan-Afrika elektron tarmogʻi loyihasi 2009-yildan 2019-yilgacha teletibbiyot va masofaviy taʼlim vositalari bilan taʼminlash maqsadida 47 mamlakatni qamrab olgan eng yirik loyiha edi. Endi u keyingi raqamli bosqichga oʻtdi. Hindiston — Afrika forumi sammitlari Hindistonning rivojlanish boʻyicha sherikligi uchun yangi paradigmani yaratdi va moliyalashtirishni bir necha milliard dollarga oshirdi.

Hindiston Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari integratsiyasi tashabbusi doirasida bir nechta loyihalarga oʻz hissasini qoʻshdi, shuningdek, Kambodja, Myanma, Laos va Vetnamdagi kambagʻallikni kamaytirishga yordam bergan loyihalarni qoʻllab-quvvatladi.

Iqtisodiyot oʻsib borishi bilan Hindiston imkoniyatlari oshdi, Afrika va Osiyo davlatlariga yordam dasturlarini kengaytirdi.

75 yillik progressiv Hindiston

Anil TRIGUNAYAT,

Hindistonning Iordaniya, Liviya va Maltadagi sobiq elchisi:

— 75 yildan buyon mustaqil Hindiston ulkan yutuqlarga erishdi. Bu yutuqlar diqqatga sazovor. Zero, mamlakat insoniyatning 1/6 qismini mustamlakachilik zulmidan ozod qilish kabi katta qiyinchilikka duch kelgan. Binobarin, asosiy muammolar orasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va taʼlim hamda sanoatni ravnaq toptirish orqali davlat qurilishi, qashshoqlikni yoʻq qilish, qurgʻoqchilik davrida oziq-ovqat bilan oʻzini oʻzi taʼminlashga uringan bir paytda mustamlaka xoʻjayinlari Gandining zoʻravonliksiz harakatlari bilan mustamlaka zanjirlarini olib tashlashga majbur boʻlgan xalqni ikkiga boʻlishgan. Bu esa muammoni yanada murakkablashtirdi, chunki dunyo sovuq urush muxoliflariga va Hindiston aʼzo boʻla olmaydigan blok siyosatiga boʻlingan edi.

Alaloqibat, Hindiston nafaqat mustamlaka qilingan koʻplab mamlakatlarni qoʻllab-quvvatladi va ozod qilishda yordam berdi, balki milliy manfaatlar hamda tinchlik va taraqqiyotga xizmat qilish uchun, ayniqsa, rivojlanayotgan hamda rivojlanmagan dunyo uchun, qoʻshilmaslik harakati shaklida yanada adolatli kuch bilan uchinchi yoʻlni yaratdi. U xalqaro forumlarda mazlumlarning huquqlari uchun kurashchiga aylandi, shu bilan birga, masʼul xalqaro subyekt ovozi sifatida oʻz majburiyatlarini bajardi.

Hindistonning tashqi siyosati yanada qatʼiyatli va ishonchli boʻlib, benuqson obroʻga ega boʻldi, chunki mamlakat qadriyatlarga asoslangan tashqi siyosatni olib boradi, global farovonlikka mos keladigan oʻz milliy manfaatlarini himoya qilish uchun strategik muxtoriyat tomonidan aniq boshqariladi va dunyo sahnasida aqlning ovoziga aylanadi. Hindiston BMT Xavfsizlik Kengashida endi muzokaralar stolida oʻtirishni talab etmaydi, balki oʻz vakolatlari asosida daʼvo qiladi.

Shu bilan birga, Hindiston rivojlanayotgan va rivojlanmagan mamlakatlar nomidan, vaksinalarga intellektual mulk huquqlaridan voz kechish yoki JSTning baliqchilik va qishloq xoʻjaligi boʻyicha muzokaralarida hamda koʻp tomonlama institutlarni isloh qilishda yetakchi rol oʻynashda davom etmoqda.

Hindiston, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda birinchi oʻrinda turadi. Xalqaro Quyosh alyansi, tabiiy ofatlarga chidamli infratuzilma koalitsiyasi va “yagona Sayyora — yagona sogʻliq” — bu Hindistonning global hamjamiyat bilan birgalikda va global hamjamiyat uchun boshlagan tashabbuslari, chunki u tabiiy ofatlardan pandemiyagacha boʻlgan inqirozlarda birinchi javobgar boʻldi. BMT Nizomining koʻp qirraliligi va ustunligiga aniq eʼtibor qaratgan holda, Hindiston oʻzining tashqi va xavfsizlik siyosatini qadr-qimmat va ishonch bilan olib boradi, BRIKS, SHHT, “katta yigirmalik” va Hind — Tinch okeani iqtisodiy tuzilishi kabi turli guruhlarning turfa sheriklari bilan oʻzaro aloqada.

Hindistonning «Aatmanirbharta» tomon harakati
(“Oʻz oʻzini taʼminlash 2.0”)

Mohan KUMAR,

Hindistonning sobiq elchisi, akademik:

— 2020-yil may oyida Hindiston Bosh vaziri Modi mamlakatni, faqat oʻziga tayangan davlat sifatida tashkil etishga chaqirgan. «Aatmanirbharta»ning taxminiy tarjimasi, shubhasiz, “oʻziga ishonish” degan maʼnoni anglatsada, bu Hindiston mustaqilligining dastlabki yillarida yetmishinchi va saksoninchi yillarga qadar ishongan va amalda boʻlgan oʻzini oʻzi taʼminlash turi emas. Bu, albatta, avtarkiya yoki ichkariga nazar solish ham emas. Bu, shubhasiz, importni toʻxtatish va har bir mahsulotni uyda ishlab chiqarishni ham anglatmaydi. «Aatmanirbharta»ni “oʻziga suyangan mamlakatning ikkinchi versiyasi” deb oʻylash yanada oqilona boʻlishi mumkin.

Bosh vazir «Aatmanirbharta» beshta ustunga tayanishini aytdi: iqtisodiyot, infratuzilma, texnologiya, demografiya va talab. Narendra Modi «Aatmanirbharta»ning maʼnosini tushuntirib, Hindistonni global taʼminot zanjirlarida ishtirok etishga tayyorlash kerakligini va bu Hindiston yutqazishi mumkin boʻlmagan “jang” ekanligini aytdi.

Rossiya va Ukraina bilan bogʻliq vaziyat nafaqat Yevropaga, balki rivojlanayotgan va kam rivojlangan mamlakatlarga ham katta taʼsir koʻrsatdi. Xususan, oziq-ovqat, energiya va mahsulot narxlariga salbiy taʼsir qildi. Ayniqsa, bugʻdoy tanqisligi Afrika va Yaqin Sharqda sezilarli roʻy berishi kutilmoqda.

Bunday paytda Hindistonning ulkan aholisi uchun oziq-ovqat xavfsizligi haqidagi pozitsiyasi qoniqarli ekanligini anglash katta yutuqdir. Bu “Oʻz-oʻzini taʼminlash 2.0”ning yana bir namoyishi. Darhaqiqat, Hindiston nafaqat milliy dasturi orqali 800 million fuqarosiga bugʻdoy va yasmiqni tarqatibgina qolmay, balki bugʻdoyni muhtoj boʻlgan kam daromadli mamlakatlarga kamtarona eksport qila oldi. «Aatmanirbharta» yana oʻz samaradorligini koʻrsatdi.

Kosmik texnologiyalar salohiyatidan unumli foydalanmoqda

P. S. RAGAVAN,

«Vivekananda» xalqaro jamgʻarmasining faxriy aʼzosi, sobiq diplomat:

— Joriy yilning 11-iyunida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Hindiston milliy kosmik yordam va avtorizatsiya markazining shtab-kvartirasini ochdi. Bu Hindiston hukumati tomonidan milliy kosmik yoʻnalishda xususiy sektorning ishtirokini ragʻbatlantirish, shu paytgacha hukumat idorasi — Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti tomonidan toʻliq egalik qilgan kosmik resurslar, maʼlumotlar va vositalardan foydalanish imkoniyatini taʼminlash uchun boshlangan islohotlarni amalga oshirishda muhim qadam boʻldi.

Markaz sunʼiy yoʻldoshlarni yaratish va uchirish hamda kosmik xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha xususiy korxonalar faoliyatiga ruxsat beruvchi va nazorat qiluvchi mustaqil yagona darcha agentligi. Velosipedni qayta ixtiro qilmaslik uchun ISRO texnologiyasi va tajribasini bepul yoki oʻrtacha narxlarda almashish uchun mos mexanizmlarni ishlab chiqadi. ISRO — kapital talab qiladigan yuqori texnologiyali obyektlar xususiy korxonalarga foydalanish uchun taqdim etiladi. Muxtasar aytganda, Hindiston hukumati IN-SPACe yordamida xususiy sanoat uchun qulay siyosat va qulay tartibga solish muhiti bilan teng sharoitlarni taʼminlaydi.

Soʻnggi oʻn yilliklarda Hindistonning kosmik sanoati rivojlanish davrining koʻp qismida qiyin muhitda (sanksiyalar, eksport nazorati, texnologiyani rad etish) sezilarli yutuqlarga erishdi. ISRO turli sohalarda kosmik xizmatlar va ilovalar uchun keng qamrovli texnologiyalarni ishlab chiqdi. U mustaqil ravishda strategik ahamiyatga ega boʻlgan murakkab texnologiyalarni yaratdi. Kompaniya yuqori tarmoqli kengligi bilan aloqa qilish, geotasvirlarni olish va Yerni yuqori aniqlikda kuzatish uchun sunʼiy yoʻldoshlarni ishlab chiqadi, quradi va ishga tushiradi hamda Hindistonning mustaqil avtonom navigatsiya sunʼiy yoʻldosh tizimini (“Navic”) boshqaradi. Ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar sohasida Hindiston kosmik dasturi baʼzi jihatdan rivojlangan kosmik davlatlardan oldinda.

Jahon kosmik sanoati bugungi kunda qariyb 400 milliard dollar daromad keltirmoqda. Prognozlarga koʻra, bu koʻrsatkich 2040-yilga borib 1 trillion dollardan oshadi va 2050-yilda esa 2,7 trillion dollarga yetadi. Ushbu oʻsish yangi avtomatlashtirish va miniatizatsiya texnologiyalariga boʻlgan talabning ortishi bilan bogʻliq boʻlib, xarajatlarni va vaqtni tejash hamda sifatni yaxshilashga olib keladi.

Kosmik texnologiyalar allaqachon keng tarqalgan va yanada murakkab versiyalar ularning imkoniyatlarini bundanda kengaytiradi, chunki yangi avlod tarmoqlari va ilgʻor sunʼiy yoʻldosh navigatsiya xizmatlariga tezroq ulanish va yuqori aniqlikdagi tasvirlarni taqdim etish orqali bogʻlanishni yaxshilaydi. Ilon Maskning “SpaceX” va Jeff Bezosning “Blue Origin«idan tashqari, keng koʻlamli kosmik xizmatlarni taklif qiluvchi rivojlanayotgan xususiy kosmik sanoat paydo boʻldi.

Maxsus aloqa imkoniyatlariga, shuningdek, Yerni kuzatish ilovalariga talab tez surʼatlar bilan oʻsib bormoqda. Yirik korporatsiyalar oʻzlarining sunʼiy yoʻldoshlariga sarmoya kiritishga tayyor va shu bilan kelajakdagi ehtiyojlari uchun oʻz imkoniyatlarini taqdim etadi. Parvoz va dengizdagi keng polosali ulanish kabi yangi dasturlar, shuningdek, “Digital India” va “Bharatnet” kabi hukumat tashabbuslari Hindistonning sunʼiy yoʻldosh bozoridagi kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. EO texnologiyasining rivojlanishi bilan togʻ-kon kompaniyalari oʻzlarining dala uskunalarini sunʼiy yoʻldoshli analitik va monitoring vositalari bilan almashtirishlari mumkin.

Raketa ishlab chiqarishni tijoratlashtirishda birinchi muhim qadam “Hindustan Aeronautics Limited” davlat korxonasi va “Lorsen & Toubro” xususiy kompaniyasidan tashkil topgan konsorsiumga 103 million dollarga beshta “Polar Satellite” (PSLV) raketalarini ishlab chiqarish boʻyicha shartnoma berish bilan amalga oshirildi.

Sunʼiy yoʻldosh tasvirlari uchun Yerni kuzatish maʼlumotlari ham yetarli darajada taʼminlanmagan bozor hisoblanadi, chunki hozirgacha qoidalar mijozlar talab qiladigan maʼlumotlar faqat ISRO orqali kelishini buyurgan. Shunga qaramay, ISRO imkoniyatlari deyarli butunlay hukumat va uning muassasalari ehtiyojlarini qondirish uchun ishlatiladi. Boshqa foydalanuvchilarning talabini qondirish uchun u maʼlumotlarni import qiladi va qayta sotadi, bu esa uni qimmatroq qiladi.

Yangi siyosat xususiy va ekspluatatsiya qilinadigan kosmosga asoslangan masofadan zondlash tizimlariga Hindiston va undan tashqarida operatsiyalarni amalga oshirishga imkon beradi. 2029-2030-yillarga borib Hindistonda geospatial maʼlumotlarga talab qariyb 12 milliard dollarga koʻtarilishi kutilmoqda. Yaqinda hukumat mamlakatning geospatial ekotizimini mustahkamlash va rivojlantirish choralarini koʻrdi. U geografik maʼlumotlar va xaritalarni yigʻish, yaratish, tarqatish, saqlash va/yoki raqamlashtirish uchun litsenziya yoki oldindan ruxsat olish talabini bekor qildi. Bu yuqori aniqlikdagi maʼlumotlar va ularning ilovalari narxini sezilarli darajada pasaytirish orqali quyi oqim dasturlarining oʻsishiga turtki beradi.

Kosmik texnologiyalar ombori sifatida ISRO ularni Hindiston sanoati bilan almashishda hal qiluvchi rol oʻynaydi. Hindistonlik tadbirkorlar, shuningdek, mamlakatga sunʼiy yoʻldosh texnologiyalarini joriy etishga sarmoya kiritishga tayyor boʻlgan xorijiy kompaniyalar bilan texnologik hamkorlikni yoʻlga qoʻyishlari mumkin edi.

Kosmik startaplar va kosmik sektorda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qiluvchi kompaniyalar sonining tez oʻsishi kuzatilmoqda. Sanoat organi, Hindiston kosmik assotsiatsiyasi, ushbu yangi paydo boʻlgan sanoat manfaatlarini ilgari surish va hukumat hamda uning idoralari bilan siyosatni targʻib qilish uchun tashkil etilgan. Bu hukumat, ISRO va xususiy kosmik sanoat optimal davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga intilayotgan ushbu bosqichda muhim rol oʻynaydi.

Agar islohotlar prognozlarga muvofiq amalga oshirilsa, Hindiston kosmik sektori 2025-yilga borib ichki savdo va eksport shaklida kamida 50 milliard dollar daromad keltirishi kerak.

F. ABILOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?