Hech bir kishi befarq qarab turishga haqli emas
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari va respublika nuroniylarining Murojaatida qayd etilgan har bir masala ortida inson taqdiri bor. Davlatimiz rahbarining shaxsan oʻzi kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tashabbuslar boshida turgan bir paytda jamiyatda hech bir kishi bunga befarq qarab turishga haqli emas. Ayniqsa, mahalla faollari bu ezgu ishlarni amalga oshirishda masʼuldir.
Murojaatda “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda xonadonbay yurib, oila aʼzolarining birontasi daromadli ish bilan band boʻlmagan yoki oila boquvchisi yolgʻiz boʻlgani sababli ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oilalarning roʻyxatini tuzish nazarda tutilgan. Aslida, ushbu belgilangan ustuvor vazifalarning har birida mahallaning bevosita ishtiroki boʻladi. Chunki mahalla aholi bilan ishlashda masʼul va javobgar ham. Qolaversa, odamlarning yashash sharoitini mahalla faollari juda yaxshi biladi. Har bir boshlangan ish koʻpni koʻrgan, hayotiy tajribaga boy nuroniylarimiz maslahati va koʻmagi asosida amalga oshirilishi ham bor gap.
Jamiyatimizdagi baʼzi oilalar nega kambagʻallik girdobiga tushib qolgan? Buning sabablari turlicha boʻlishi mumkin. Qaysidir oilada yoʻl qoʻyilgan birgina xato shu koʻchaga yetaklagan. Tortinchoqlik yoki deylik, jurʼatsizlik ham oiladagi moddiyatni orqaga tortadi. Boqimandalik esa kambagʻallikka asosiy doya. Ammo jamiyatning bir koʻmagi bilan bir oila kambagʻallik botqogʻidan qutulib qolishi mumkin.
Tan olish kerak, koʻp vaqtlar bu masalaga unchalik eʼtibor qilmadik. Kambagʻallikni or bilib, uni bekitdik. Tevarak-atrofdan haqiqiy muhitni yashirdik, oʻziboʻlarchilikka berildik. Har kim oʻzi bilan oʻzi boʻlib qoldi. Hatto, kambagʻallikka tushib qolgan insonga munosabatimiz ham oʻzgargani rost.
Toki davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan aholimizning muayyan qismi oʻrtasida kambagʻallik borligini aytib, mamlakatimizda bu muammoni hal etishga qaror qilinganini jahon hamjamiyatiga bildirgunicha bu haqda biror gap-soʻz yoki tashabbus deyarli koʻrinmadi. Bugun esa kambagʻallikni qisqartirish masalasi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining ajralmas bir qismi sifatida ilgari surilmoqda.
Biz mahalla faollarining asosiy vazifasi — odamlarni kambagʻallikka yetaklovchi unsurlarga gʻov boʻlishdir. Bunday insonlar begona emas, ular — oʻz qadrdonlarimiz. Shunday ekan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga har tomonlama – moddiy, maʼnaviy, ruhiy yelkadosh boʻlaylik. Kambagʻallikni qisqartirish umummilliy harakati atrofida birlashaylik!
Chorshanbi ALIQULOV,
Boysun tumanidagi “Xoʻjabulgʻon” MFY raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring