Hajga borgan rus va koreys momolar haqida eshitganmisiz? Ular Surxondaryoda yashashadi

14:01 17 Aprel 2021 Jamiyat
2974 0

Mamlakatimizda yashovchi turli millat vakillarining huquq va erkinliklari toʻliq taʼminlangan boʻlib, ular bir oila farzandlaridek, oʻzaro doʻstlik va ahillikda yashab, jamiyat rivoji va ravnaqiga munosib hissa qoʻshib qolmoqdalar. Binobarin, Bosh Qomusimizning 8-moddasida belgilanganidek, Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tashkil etadi. Hozirda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elatlar konfessiyalararo, madaniyatlararo va tillararo bagʻrikenglik tamoyiliga sodiq ekinliklarini amalda namoyon etib kelmoqdalar. Bunday oʻlmas qadriyatlar oʻzbek xalqining oʻziga xos tarixiy xususiyatidir. Va bu jihat mustaqillik yillarida davlat siyosatida ustuvorlik kasb etib, yurtimizdagi ijtimoiy barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, izchil islohotlar samaradorligini taʼminlashda bosh omil boʻlib xizmat qilmoqda. Quyida viloyatimizda faoliyat olib borayotgan rus hamda koreys madaniy markazi aʼzolari, viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Buvijonlar maktabi faollarining dil soʻzlarida ayni shu jihatlar oʻz eʼtirofini topgan.

Alla Sattorova:

— Oʻzbek xalqida “Qiz bola palahmon toshi” degan, bir ibora bor. Mening umr yoʻlim mana shu haqiqatni isbotladi. Oʻzim Rossiya Federatsiyasining Nijniy Novgorod shahrida dunyoga kelgan boʻlsam-da, taqdir meni olis-olislarga boshlab keldi.

Sobiq Ittifoq davrida Oʻzbekistondan harbiy xizmat borgan yigit, yaʼni boʻlajak turmush oʻrtogʻim bilan taqdirim bogʻlanib, Surxondaryo viloyatining Boysun tumaniga kelin boʻlib kelganman. Biz, ikki yoshning toʻyimiz 1974-yilda, mening ona shahrimda boʻlib oʻtdi. Shunday boʻlsada, turmush oʻrtogʻimning ota-onasi, yaqinlari baxtli kunlarimizga sherik boʻlish uchun uzoq yoʻl bosib, Rossiyaga borishdi. Ular bizga oq fotiha berishdi. Bu kunlarning shukuhi qalbimda bir umrga muhrlanib qolgan. Katta farzandim Muyassar Nijniy Novgorodda tugʻildi. Keyin biz turmush oʻrtogʻimning tugʻilgan joyi Boysunga koʻchib keldik va muqim yashay boshladik. Qaynota-qaynonam bizga qoʻshqanot boʻlishdi. Men esa darrov mahalliy sharoitga moslasha boshladim. Milliy urf-odat va anʼanalarni oʻrganishga kirishdim. Oʻzbek xalqining mehr-oqibati, mehmondoʻstligi, kattaga hurmat, kichikka izzat koʻrsatishi, ahil-inoqligi tufayli men oʻzimcha yangi bir olamni kashf etgandek boʻldim. 1979-yildan boshlab, tumandagi bolalar bogʻchasida rus tili toʻgaragi rahbari sifatida ish boshlaganim hayotimni yana-da mazmunan boyitdi. Turmush oʻrtogʻim oliy maʼlumotli oʻqituvchi boʻlgani uchun menga yaqindan koʻmak berardi, bilmaganlarimni oʻrgatardi. Va men zimmamdagi vazifalarni aʼlo darajada ado etishga kirishdim. Bu orada farzandlarimiz soni 6 nafarga yetdi. Biz, ota-onalar ularni oq yuvib, oq tarashga, har birining oʻziga xos qobiliyatini roʻyobga chiqarishga ham astoydil harakat qildik.

Mana shunday kunlarning birida turmush oʻrtogʻimni togʻli Qoʻrgʻoncha xoʻjaligi hududida joylashgan maktab oʻqituvchiligiga yuborishdi. Biz esa maslahatlashib, oilamiz bilan togʻli qishloqqa koʻchib boradigan va yerda birgalikda mehnat qiladigan boʻldik. Oʻn yil mobaynida, albatta, togʻliklar hayoti, u yerda yashovchi odamlarning feʼl-atvori, turmush tarzini oʻrganib, oʻzimiz uchun koʻpdan-koʻp doʻstu birodarlar orttirdik. Hozirga qadar ana shu qishloq odamlari bilan doʻstlik aloqasini davom ettirib kelmoqdamiz.

Taqdir taqozosi bilan keyinchalik oilamiz bilan viloyat markazi — Termiz shahariga koʻchib keldik. Shahar sharoitiga moslash barobarida bu yerda meni yangi mujdalar kutib turgandi, goʻyo. 2019-yilda yaxshi insonlarning koʻmagi bilan Umra haj ziyoratini ado etish baxtiga muyassar boʻldim. Bu mening hayotimdagi eng quvonchli voqea boʻldi. Shu oʻrinda taʼkidlashim joizki, turmush oʻrtogʻim bilan nikohimiz ham zamonaviy, ham shaʼriy tartibda boʻlib oʻtgan. Shundan buyon ham oradan 45 yil vaqt oʻtdi. Men esa oʻzim eʼtiqodi qilgan dinni bir umr qalbimda saqladim, ardoqladim. Bu mening eng katta baxtim. Rosti, oʻzim tugʻilgan joy, uning odamlari bilan aloqalarimni uzganim yoʻq. 91 yoshni qarshilayotgan otam borlar. Vaqti-vaqti bilan ular holidan xabar olib kelaman. Yoshligim oʻtgan shahar koʻchalari, odamlari mening qalbimda yashaydi doim...

Hozir nafaqadaman. Viloyatimizda tashkil etilgan Buvijon maktabi aʼzosiman. Mahalla va jamoat tashkilotlari, taʼlim muassasalarida boʻlib oʻtadigan tadbirlarda qatnashib, yoshlar bilan oʻz shaxsiy hayotiy qarashlarimni oʻrtoqlashaman. Oʻsmirlarni hayotga tayyorlash, oilalarni mustahkamlash, yigit-qizlarning jamiyat hayotidan joy egallashlari uchun doimo oʻzimizni beminnat yordamchi va koʻmakchi, deb bilaman.

Alla Mun:

— Oʻzbekistonda turli millat va elat vakillari doʻst, birodarlikda umrguzaronlik qilayotgani jamiyatimizning eng katta yutugʻi, deb oʻylayman. Chindan ham, Oʻzbekiston — bizning umumiy uyimiz. Shu diyor taqdiri bizni oʻzaro birlashtirib, mudom ezgu maqsadlarga safarbar etib turadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi shu yurtda yashovchi har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalashning bosh kafolati boʻlib xizmat qilmoqda. Mening millatim koreys boʻlsada, kindik qonim shu yerda toʻkilgan. Oʻzbekiston bu mening koʻz ochib koʻrgan jonajon Vatanimdir!

Aslida, ota-onam 1946-yilda Rossiya davlatidan Toshkentga koʻchib kelishgan. Keyinchalik ular Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida muqim yashab, hayot kechira boshlagan. Bu yerda ular dehqonchilik, xususan, piyoz va sholi ekish bilan shugʻullanib, rizqu nasiba topishgan. Men oʻzim 1960-yili tugʻilganman. Mahalliy odamlar orasida oʻsib, oʻzbek tilini oʻrgandim, shu yerlik aholining urf-odatlari, qadriyatlari ruhida tarbiya topdim. Shuni alohida taʼkidlashim joizki, maktabning boshlangʻich sinfi tahsil olib yurgan vaqtlarimda qalbimda sportga mehr uygʻongan. Yuqori sinfda oʻqib yurgan chogʻlarim esa bu borada maʼlum tajriba va koʻnikmalarni egallab, viloyat va respublika musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashganman. Shundan buyon aslo sogʻlom turmush tarziga amal qilish, sport bilan muntazam shugʻullanishni kanda qilmayman.

Yoshligim tengdoshlarimga nisbatan qiyin kechdi. Otamning 10 yillar mobaynida toʻshakda mixlanib qolgani, onam ham muttasil kasalmand boʻlgani uchun ularni parvarishlashni oʻz zimmamga olgandim. Bu orada turmush qurib, onalik baxtiga ham musharraf boʻldim. 2004-yili oila aʼzolarimiz bilan Uzun tumanida Termiz shahriga koʻchib keldik. Avvalgi yashab turgan joyimizga nisbatan Termiz havosi sogʻligʻimni tiklashimga foydali boʻldi. “Shodlik” mahallasida yashab, shu yerda mehr-eʼtibor qozondik, yangidan-yangi doʻstu birodarlar topdik. 2016-yilda Umra haj ziyoratiga ham borib keldim. Koʻp yillik orzularim ushaldi. Oʻzim koreys ayoli boʻlsam-da, islomiy eʼtiqod mening hayotim bosh maslagiga aylangan. Oʻzbekistondagi eʼtiqod erkinligi, demokratik tamoyillar mustahkam huquqiy asosga ega va bu jamiyat rivoji uchun juda muhim omil sanaladi.

Hozirgi vaqtda nafaqadaman. Surxondaryo viloyatidagi “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosariman. “Nuroniy” jamgʻarmasi aʼzosiman. Oʻtgan yili Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qullab-quvatlash Respublika boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev  meni faxriy yorliq bilan taqdirlagan edi, bu yil 8-mart — “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami bilan ham shaxsan muborakbod etdilar.

Xullas, mamlakatimizda olib borilayotgan xalqchil siyosat turli millat vakillarining baxtli, saodatli hayotini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Mana shunday inson shani ulugʻlangan Vatanda yashayotganimdan benihoyat baxtiyorman!

Ilhom RAHMATOV,
"Xalq so'zi" muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер