Hayotini gazetaga bagʻishlagan fidoyi jurnalist

14:03 04 Aprel 2025 Jamiyat
118 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Qoʻshtepa tumani hokimligi bosh nashri “Istiqbol yoʻli” gazetasi bosma davriy nashrlar jiddiy qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz boʻlayotgan keyingi yillarda muntazam ravishda nashr etib kelinayotgani eʼtiborga molik. Boisi, tanqidiy chiqishlari, qilichdek keskir soʻzi bilan tanilgan gazetaning doimiy oʻquvchilari bor.

Oʻttiz yildan buyon ijodiy jamoani ahil-inoqligini taʼminlab kelayotgan “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Xadichaxon Karimovaning mehnat faoliyati toʻliq shu qadrdon gazeta bilan bogʻliq. Gap shundaki, ikki kursdosh oila qurib, Xadichaxon opa qoʻshni Qirgʻizistonning Oʻshidan Fargʻonaga kelin boʻlib keldi. Ellik ikki yil davomida ushbu tahririyatda faoliyat olib bordi. Turmush oʻrtogʻi Mutal Karimov bilan maslakdosh sifatida sidqidildan mehnat qildi. Umida ham ota-ona kasbini tanlab, koʻp yillar davomida mazkur gazetada ishladi. Fargʻona ahli Karimovlar oilasini jurnalistlar sulolasi sifatida eʼtirof etadi.

Qoʻshtepa tumanida matbuot faxriysi Xadichaxon Karimovaning ijodiy kechasi oʻtkazildi. Tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari ishtirok etib, esdalik sovgʻasini topshirdi.

— Bunday eʼtibor va ragʻbat ijodkorga ilhom bagʻishlaydi, — deydi Xadichaxon Karimova. — Hayotbaxsh islohotlar jarayonida bundan buyon ham xalqimizning toʻkis va baxtli hayoti, yurt ravnaqi yoʻlida sidqidildan mehnat qilaman.

Ijodiy kechada matbuot fidoyisining ezgu fazilatlari eʼtirof etilib, viloyat faollari, bir safda yelkama-yelka ishlagan qadrdonlar, hamkasblar va shogirdlar oʻz dil soʻzlarini izhor etishdi. Fargʻonalik ijodkorlarning kitoblari koʻrgazmasi tadbirga oʻzgacha fayz kiritdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер