Hayotimni gazeta-jurnallarsiz tasavvur qilolmayman! — shahar hokimi
Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov xonasidamiz. Kunning eng dolzarb muammolari, ularning yechimi xususida suhbatlasharkanmiz, shaharning yangi hokimi sohamiz bilan bogʻliq ilgari surayotgan masalalardan biri alohida eʼtiborimizni tortdi.
—Nega bugun gazeta oʻqimay qoʻydik, buning sababini bilasizmi? —deydi u. Javobini ham oʻzi bayon qila boshladi:
—Chunki internet paydo boʻldi. U xuddi oʻrgimchak toʻridek, ongu shuurimizni oʻrab oldi. Ayniqsa, yoshlar uning changaliga tez ilindi. Endi bu yogʻi masala... Ota-onalar va biz kabi rahbarlarning vazifasi va masʼuliyati oshdi. Chunki maʼnaviy tarbiyani bugun kuchaytirmasak, ertaga kech boʻladi. Kitob oʻqib, umumiy savodxonlikni oshirish, ruhiyatimizni poklash orqali bu jarayondagi muammolarni bartaraf etishimiz mumkin. Maʼnaviy yetuklik — bu birdan bir toʻgʻri yoʻl! Ayniqsa, gazeta jurnal hamda badiiy kitoblarni uzluksiz oʻqish, yoshlarda bunga ragʻbat uygʻotish, nazorat qilish, oʻrnak boʻlish, bugungi rahbarlar, ota-onalar, oʻqituvchi va murabbiylarning bevosita vazifasidir.
Hayotimni gazeta-jurnalsiz tasavvur qilolmayman! Chunki yoshlikdan shunga odatlanganman. Ishga kelgan kunimning ertasigayoq kunlik ommaviy nashrlarni surishtirdim. Afsus! Hokimiyatda hech kim obuna boʻlmagan ekan! Sababini soʻrasam: "Majburiy obuna yoʻq-ku!" — deyishdi.
—Shundaymi, unda ixtiyoriy-chi? — deb, soʻradim ulardan. Tabiiyki, yer chizishdi. Birinchi boʻlib oʻzim tashabbus koʻrsatdim. Plastikka oylik maosh tushgan kuni ommavviy nashrlar uchun 2021-yilga toʻliq obuna rasmiylashtirdim. Hamma hayron. Hatto: "Nahotki hokim gazeta oʻqisa! Tayyor internet turibdi-ku!" — deya, biri-biriga pichirlashganlar ham boʻldi. Ularga, eʼtibor qilmadim, eʼtirozsiz ham qoldirmadim. Savodxonlik bu — inson maʼnaviy dunyosining goʻzalligi, u gazeta-jurnallar oʻqish, tinimsiz kitob mutolaa qilishdan boshlanishini eslatdim ularga.
Darvoqey shunday. Olmaliq shahar hokimi bu haqiqatni teran anglagani bois, viloyatdagi deyarli barcha hokimlar, korxona va tashkilotlar, qishloq va suv xoʻjaligi birlashmalari, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim va tibbiyot muassasalari rahbarlari 2021-yilgi obuna mavsumi uchun bergan tavsiyalarimizga oʻta sovuqqonlik bilan munosabat bildirgan bir paytda, u, “Xalq soʻzi”, «Narodnoye slovo», «Pravda Vostoka»,“Toshkent haqiqati”, «Tashkentskaya pravda», “Adabiyot ziyosi”, “Olmaliq haqiqati”, «Almalыkskiy rabochiy» kabi ommaviy nashrlarga hamyonidan pul sarflab yillik obuna rasmiylashtirdi.
Hokimdan olgan obuna chiptalariga koʻz tashlarkanman, toʻgʻrisi, jurnalist boʻla turib, bunchalik nashrlarga obuna boʻlolmaganim tufayli, oʻzimdan uyalib ketdim.
Qobil Hamdamov hokimlik tizimiga harbiy sohadan kirib kelgani bois, ishda qatʼiy tartib-intizomni talab qiladi. Xonasida oʻqib ulgurmagan ommaviy nashrlarni, uyida mutoalaa qiladi. Ertalab yana oʻzi bilan olib kelib, sahifalardagi muhim satrlarni rangli qalamda belgilab, eʼtiborga oladi. Ish vaqtini yakunlab, uyga qaytarkan, krossvord sahifali gazetalarni olib, oila davrasida kechki tanovuldan soʻng, farzandlari bilimini sinab koʻradi. Xullas, rahbar sifatida ham, oila boshligʻi sifatida ham hammasiga vaqt topadi.
Hokimlik xodimlari, korxona va tashkilot rahbarlar eʼtiboriga yana bir xayrli tashabbusni ilgari surdi. U Olmaliqni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, atrof-muhit musaffoligini barqarorlashtirish niyatida shahar koʻchalari, xiyobonlar, yoʻlaklarga million tup turli xil gullar oʻtqazish, daraxtlar ekish uchun imkoniyat qidiryapti. Uning taʼkidlashicha, mavjud xiyobon va koʻchalarda maysazor va daraxtlarni sugʻorish tizimi toʻliq qaytadan taʼmirlanadi. Aholi bilan gavjum joylarga, saylgohlarga zamonaviy favvoralar oʻrnatiladi. Xudo xohlasa, tez orada Olmaliq koʻrkam va obod maskanga aylanadi.
Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring