Har kuni qahva yoki choy ichish xavfli kasalliklarning oldini olishi mumkin

14:58 17 Mart 2025 Ilm-fan
261 0

Yangi ilmiy tadqiqotlarga koʻra, qahva va choy isteʼmol qilish ogʻiz hamda tomoq saratoni kabi kasalliklarning xavfini kamaytirishi mumkin. 14 ta mustaqil tadqiqot natijalarini oʻrgangan olimlar ushbu ichimliklar bilan bosh va boʻyin sohasidagi saraton oʻrtasida bogʻliqlik mavjudligini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Cancer” jurnalida chop etildi.

Bosh va boʻyin saratoni dunyodagi eng keng tarqalgan yettinchi kasallik hisoblanadi. Ayniqsa, kam va oʻrta daromadli mamlakatlarda bu kasallik bilan kasallanish hollari koʻpayib bormoqda. Qahva va choy isteʼmolining saraton xavfiga qanday taʼsir qilishiga oid ilgari turli natijalar eʼlon qilingan boʻlsa-da, Yuta universiteti huzuridagi “Huntsman” saraton instituti olimlari ushbu bogʻliqlikni aniqroq oʻrganish maqsadida keng qamrovli tahlil oʻtkazdi.

Tadqiqotchilar 9 ming 548 nafar saraton bemorlari va 15 ming 783 nafar sogʻlom insonlarning maʼlumotlarini tahlil qildi. Ularning xulosasiga koʻra, kuniga 4 yoki undan ortiq finjon kofeinli qahva isteʼmol qilgan odamlarda bosh va boʻyin saratoniga chalinish xavfi 17 foizga kamaygan. Ogʻiz saratoni xavfi 30 foizga, tomoq saratoni ehtimoli esa 22 foizga pasaygani kuzatilgan.

Bundan tashqari, uch-toʻrt finjon kofeinli qahva ichish halqumning pastki qismida joylashgan gipofarenks saratoni xavfini 41 foizga kamaytirgan. Hatto kofeinsiz qahva isteʼmol qilgan odamlarda ham ogʻiz boʻshligʻi saratoniga chalinish ehtimoli 25 foizga pasaygani aniqlangan.

Choy isteʼmoli ham saraton xavfini kamaytirishga yordam berishi mumkin. Tadqiqot natijalariga koʻra, kuniga bitta yoki undan kam choy ichgan insonlarda bosh va boʻyin saratoniga chalinish xavfi 9 foizga, gipofarenks saratoni xavfi esa 27 foizga kamaygan. Shunday boʻlsa ham, kuniga bir finjondan ortiq choy isteʼmol qilganlarda hiqildoq saratoni xavfi 38 foizga oshgani qayd etilgan.

Tadqiqotchilar qahva va choy isteʼmolining saraton xavfiga qanday taʼsir qilishini yanada chuqurroq oʻrganish lozimligini taʼkidlamoqda. Universitet professori Yuan-Chin Emi Li bu tadqiqot qahva va choyning turli saraton turlariga taʼsirini oʻrganishda muhim qadam boʻlishini qayd etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер