Har yili dunyoda 325 millionga yaqin odam gepatit V va kamida 200 million kishi gepatit C virusi bilan kasallanmoqda — JSST
28-iyul – Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni. Dunyoda yuqumli kasalliklarning turi koʻp. Biroq ular orasida virusli gepatit eng xavfli xastaliklardan biri hisoblanadi.
1967-yil Nobel mukofoti laureati, amerikalik shifokor Samuel Barux jigar kasalligini keltirib chiqaruvchi gepatit B virusini aniqlashga muvaffaq boʻlgan.
Ushbu olimning tugʻilgan kuni sharafiga 2011-yildan buyon har yili dunyoda 28-iyul — Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi.
Gepatit virusli kasallik hisoblanib, bemorda jigar hujayralari zararlanishi kuzatiladi. Qolaversa, uning faoliyati buzilishi oqibatida organizmda intoksikatsiya — zaharlanish yuz beradi.
Virusli gepatitning asosan 6 ta — A, B, C, D, E, G kabi turlari mavjud. Ular klinik kechishi va oqibatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Yurtimizda esa asosan kasallikning A, B, C turlari koʻp uchraydi.
Misol uchun, gepatit A – eng koʻp aniqlanadigan, biroq boshqa turlarga nisbatan xavfsizroq xastalik boʻlib, asosan bemorlarda oʻtkir kechadi. Ammo surunkali tus olmaydi hamda oʻlim va boshqa jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi bilan farqlanadi.
Bu xastalikning yana bir nomi “iflos qoʻllar kasalligi” deb ham ataladi. Virusni asosan kirlangan suv, taom, yaxshi yuvilmagan idish hamda bemor bilan muloqotda boʻlish orqali yuqtirish mumkin.
Gepatit V ushbu kasallik turlari orasida eng xavflisi boʻlib, har yili dunyoda minglab insonlar mazkur virus tufayli vafot etadi. Bugungacha uning qoʻzgʻatuvchisiga bevosita taʼsir etuvchi preparat topilgani yoʻq.
Shuningdek, gepatitning S turi koʻpincha jigar sirrozi yoki saratonga sabab boʻluvchi xavfli xastalik hisoblanib, uni shifokorlar “muloyim qotil” deb ham atashadi. Sababi kasallikning rivojlanish davrida bemorda hech qanday salbiy belgilar kuzatilmaydi.
Virus asosan qon orqali, yaʼni ehtiyotsizlik sabab stomatolog, manikyur va boshqa amaliyotlarda qon tekkan buyumdan oʻzga bir insonga yuqishi mumkin. Qolaversa, tish choʻtkasi yoki ustara ham kasallanish uchun sabab boʻladi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyoda 325 millionga yaqin odam gepatit V va kamida 200 million kishi gepatit C virusi bilan kasallanmoqda.
Butunjahon gepatit alyansining 2021-yilgi maʼlumotlariga koʻra, kasallikning V va C turlari tufayli har yili jahonda 1,4 million odam vafot etadi. Bu esa OIV/OITS va bezgakdan koʻproq koʻrsatkichdir.
Bugun yurtimizda ushbu xavfli xastalikni oʻz vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2022-yil 16-maydagi PQ-243-son qarori bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni yanada jadallashtirishga xizmat qildi.
Unga koʻra, virusli gepatitning V va S turlarini erta aniqlash maqsadida respublikadagi 65 dan ziyod oilaviy va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda bepul skrining tashkil etilgan.
Shuningdek, 2021-yildan boshlab yurtimizda yangi tugʻilgan chaqaloqlarni gepatit V ga qarshi emlash tadbiri Milliy emlash taqvimiga kiritilgan.
Qolaversa, bugungi kunda Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordami sifatida kasallikning S turiga qarshi “Daklotasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalari yetkazib berilmoqda.
Mazkur insonparvarlik yordami Prezidentimizning shu yil 20-21-fevral kunlari Misrga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.
Eng muhimi, dunyoning 17 ta mamlakati qatori Oʻzbekistonda ham S virusli gepatitga chalingan bemorlar davlat hisobidan bepul davolanyapti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring