Har bir fuqaroning oʻz mulkiga qonuniy egalik qilishi inson qadri ulugʻlanishidir
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda aholining huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa turar joy va mulk masalalarida adolatni qaror toptirish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Alohida taʼkidlash joiz, Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun 119-sonli maxsus Farmon qabul qilingan boʻlib, uning asosida shahar va tumanlarda jami 27 ming 590 ta kadastr hujjatlari mavjud boʻlmagan turar joylarga egalik huquqi berildi. Ushbu turar joylarga kadastr pasportlari tayyorlanib, davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu tashabbus aholining yillar davomida kutgan muammosining hal qilinishiga xizmat qildi.

Ushbu ezgu ishlar izchil davom ettirilib, 2024-yil 5-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi va 2024-yil 8-noyabrdan kuchga kirdi.
Mazkur Qonunning 19-moddasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yuborilgan maʼlumotlar va hujjatlar uch oy ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining sessiyalarida muhokama qilinishi hamda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarorlari qabul qilinishi belgilab qoʻyilgan.
Shundan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining yaqinda oʻtkazilgan beshinchi sessiyasida oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish masalasi ham muhokama qilindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining bu galgi sessiyasida 267 fuqaroning yer uchastkalariga ijara va turar joylarga boʻlgan mulk huquqlarini eʼtirof etish boʻyicha qaror qabul qilindi. Shu tariqa bugungi kungacha yuqorida keltirilgan Qonun asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining sessiya qarorlari bilan jami 291 nafar fuqaroning mulk huquqini tan olish boʻyicha roʻyxat tasdiqlandi.

Albatta, Joʻqorgʻi Kenges deputatlari mazkur qonun doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib bormoqda. Kadastr agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi I. Tleuovning bu borada bergan maʼlumotlariga koʻra, kadastr xodimlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 41 ming 911 ta koʻchmas mulk obyekti hisobdan oʻtkazilgan. Shundan joriy yilning 24-iyul kungi statistik maʼlumotiga koʻra, 14 ming 598 ta obyekt “EʼTIROF” axborot tizimiga kiritildi.
Hozirda 12 ming 502 ta obyekt hujjatlari boʻyicha muhokama jarayonida boʻlib, bu ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shuningdek, 1 ming 304 ta obyekt haqidagi maʼlumotlar “kadastr.uz” saytida hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari binolaridagi peshlavhalarda eʼlon qilindi. 305 ta obyekt Adliya organlari tomonidan oʻrganilayotgan boʻlsa, 209 ta koʻchmas mulk qayta koʻrib chiqilmoqda. Ayni paytda 141 ta obyekt boʻyicha egalari qonunda belgilangan bir martalik toʻlovlarni amalga oshirishlari kutilmoqda. Shu bilan birga 14 ta koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqlarini eʼtirof etish boʻyicha xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari qarorlari qabul qilish uchun kiritilgan.
Shubhasiz, mazkur jarayonlar – Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaldagi ifodasidir. Bu jarayon nafaqat aholining huquqiy himoyasini taʼminlaydi, balki odamlarimizda davlatga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. Har bir fuqaro oʻz uyi, oʻz mulkiga toʻliq qonuniy asosda egalik qilishi – inson qadri ulugʻlangan jamiyatning bosh mezonidir.
Gʻulomjon Yeshniyozov,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi
deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring