Hakamlarning adolatsiz va nohaq qarorlariga qaramay, adolat qaror topdi — Ilhom Aliyev

10:11 23 Yanvar 2026 Sport
223 0

21-yanvar kuni Ozarbayjonning “Qorabogʻ” jamoasi UEFA Chempionlar ligasi musobaqasining 7-turi doirasida Germaniyaning “Ayntraxt” klubi bilan kuch sinashdi. Uchrashuv 3:2 hisobida Ozarbayjon chempionining gʻalabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuvni boshqarib borgan hakam Sandro Sherer oʻyin davomida bir necha bor bahsli qarorlar qabul qildi va bu qarorlarning asosiy qismi “Qorabogʻ” jamoasi zarariga xizmat qildi.

Oʻyindan soʻng hakamlik haqidagi muhokamalar shunchalik qizib ketdiki, bu masalada Ozarbayjon mamlakatining Prezidenti ham oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida fikr bildirdi.

“Qorabogʻ” futbol klubini Chempionlar ligasining asosiy bosqichida “Ayntraxt” jamoasi ustidan qozonilgan yorqin gʻalaba bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Hakamlarning adolatsiz va nohaq qarorlariga qaramay, adolat qaror topdi. UEFA tomonidan tayinlangan hakamlar oʻzlarining nohaq va noxolis qarorlari bilan “Qorabogʻ”ning gʻalabasini toʻsmoqchi boʻlayotgani birinchi marta emas. Umid qilamanki, UEFA bu hakamlarni tegishli tartibda jazolaydi.

Adolat va haqiqatni yengib boʻlmaydi. Yashasin “Qorabogʻ”, deb yozgan Ilhom Aliyev oʻzining X tarmogʻidagi sahifasida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?