Haydovchida madaniyat nima qilsin?..

11:20 21 Yanvar 2021 Jamiyat
1847 0

Bundan yetti-sakkiz yilcha muqaddam aholiga transport xizmati koʻrsatishning dolzarb vazifalari xususida maqola yozishga kirishdim. Shu sohaga aloqador idoraning “kattasi” bilan suhbat davomida haydovchi madaniyatiga oid savol berdim. Shunda uning javobi meni hayratga soldi. Boisi, u koʻzimga hayroooooon boʻlib tikildida: “Uka, haydovchida madaniyat nima qilsin! Madaniyat ashulachida boʻladi” dedi. Minglab haydovchilarning yetakchisi shu gapni aytib turgan bir paytda haydovchidan nimani kutish mumkin, deya haflasam pir boʻldi...

Bugun oʻnta avtomashinadan oltitasi aholiga transport xizmati koʻrsatadi, desa ishonavering. Kimdir roʻyxatdan oʻtib, kimdir oʻzicha... Hatto shaxsiy avtomashinasida ishga borib-keluvchilar ham yoʻl-yoʻlakay yoʻlovchi olib ketishni odat qilganlar. Har tugul benzin puli chiqib qolar, deb... Demak, shu oʻnta mashinadan kamida sakkiztasini aholiga xizmat koʻrsatyapti, desak ham boʻlaveradi. Ana endi, mana shunday katta guruhga madaniyat nechogʻli kerakligini bir oʻylab koʻraylik.

Vodiy viloyatlarida «Damas» avtomashinasi rosa urf boʻldi. Koʻchaga chiqsangiz hisob, oyogʻingiz ostida “lip” etib bitta «Damas» turgan boʻladi. Bir paytlar avtobusning orqa eshigidan arang ilashib qolgan davrlarimizni eslasam, bunday sharoitdan dilim yayraydi. Yoʻlovchi ham anoyi emas, endi chertib-chertib oʻtiradi mashinaga. Borda! Men ham «Damas»ga chiqishim kerak boʻlib qoldi. Yoz kunlari emasmi, havo issiq. Mashinaning oldi oʻrindigʻiga, haydovchining yoniga oʻtirdim. Haydovchiga salom beray deb, shundoq qaraganimni bilaman, soqoli bir tutam, egniga mayka-shortik kiyib olgan yigitga koʻzim tushdi. Meni hayratga solgani bu yigitcha uxlayotganda ham bunday ochiq-sochiq yotmasa kerak. Tizzasi baravar shortikning pochasini shimarib olganiga kuyaymi! Salon ichida esa asosan qizlar va ayollar bor edi. Yigitni bu ahvolda koʻrgan boʻy yetgan qizlar oʻzini qanday his etdi ekan, hayronman.

Bir kuni taksi yolladim. Bir bekatcha yurganimizdan keyin u indamay ikkinchi yoʻlovchini oldi. Shoshib turganim uchun gʻashligim keldiyu, lekin indamadim. Maʼlum masofa yurgach, uchinchi yoʻlovchini oldi. Shunda soʻradim: “Bu yoʻnalishdagi taksimi? Men shoshilganim uchun buyurtma asosida chaqirtirgandim sizni?”. Haydovchi esa bamaylixotir javob berdi: “Oborib qoʻysam boʻldimi, aka?” Oʻzingiz bilasiz, buyurtma taksi manzilga qarab narx belgilaydi. Yoʻnalishdagi taksida esa chiqib-tushganingiz hisob. Men ham manzilga yetgach, yoʻnalishdagi taksining narxida toʻladim. Shunda haydovchining figʻoni koʻkni tutsa boʻladimi!

Yaqinda boʻlgan voqea! Ertalabda ishga shoshayotgandim. Qarshimda ketayotgan yoʻnalish boʻylab harakatlanayotgan «Damas» avtomashinasi asta sekinlab, haydovchi oynadan boshini chiqarib, yonida ketayotgan mashina haydovchisi bilan suhbatlashib qoldi. Ikkala mashina saloni yoʻlovchilar bilan band. Ularning ogʻzidan chiqqan gapning esa na mazasi bor, na matrasasi. Ertalabda hamma ishga shoshayotgan bir paytda ikkala mashinaning tezligi soatiga 20 km. tezlikka tushib qoldiyov... Bu orada yoʻldagi avtomashinalar ketma-ketligi turnaqatorga aylandi. Ikkala haydovchining esa parvoyi falak...

Bugungi kunda haydovchilar orasida eng koʻp urfga aylangan odatlardan biri svetaforning yashil chirogʻi yonish arafasida signal chalishlaridir. Avtomashina ruliga oʻtirgan kishi borki, aqlan sogʻlom, kamolga yetgan boʻladi. Shunga yarasha harakatda boʻlmoq insoniylik fazilati hisoblanadi. Afsuski, buni hamma haydovchilar ham tushunmaydi. Yashil chiroq yonsa shundoq ham yuradi shu mashina, har tugul haydovchi uxlab yotgani yoʻq bu yerda, deydigan odam topilmaydi shu kezda.

Bularni nega yozyapman? Hamma gap shundaki, aholiga transport xizmati koʻrsatish sifatini oshirish haydovchilar madaniyatini shakllantirishdan boshlanadi. Avtomashina ruliga oʻtirgan kishi ertalabda soqolini olib, sochini tartibga keltirib, egniga jamoat joyida kiyish mumkin boʻlgan kiyimlarni kiyib, yoʻlovchilarga xushmuomalada boʻlishi uning madaniyatidan dalolatdir. Madaniyat qayerdan paydo boʻladi? Maʼnaviyat oqsagan joyda madaniyat qoqilaveradi. Inson zoti kim boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻz sohasiga oid adabiyotlarni, qoʻllanmalarni, hech boʻlmaganda ikki satr qoralamalarni oʻqimas ekan, bilim olmas ekan, uning maʼnaviyati qashshoqlashib boraveradi. Maʼanaviyatsiz odam esa inson shaklidagi mavjudotga aylanadi.

Endi ayting-chi, haydovchiga madaniyat kerakmi?

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер