Gullar shahrida asal festivali boshlandi
Qudratilla Najmiddinov / “Xalq soʻzi”. Namangan yana bir xalqaro nufuzli anjuman – xalqaro asal festivaliga mezbonlik qilmoqda. Bugun Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida uchinchi bor tashkil etilayotgan bayram start oldi. Madaniyat va istirohat bogʻiga 250 dan ziyod mahalliy va xorijiy asal yetishtiruvchi tadbirkorlar oʻzining tabiiy mahsuloti bilan jamlangan. Ular orasida hamyurtlarimizdan tashqari qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston respublikalari, Rossiya Federatsiyasidan kelgan soha vakillari bor.
Asalarichilikni yirik miqyosda bayram qilish uchun aynan, Namanganning tanlangani bejiz emas. Bu yerda shifobahsh neʼmatni yetishtirish, qayta ishlash va isteʼmol bozoriga chiqarish borasida boy tajriba toʻplangan. Mamlakatimiz boʻyicha eksportga chiqariladigan asalari paketlarining 58,5 foizi ushbu hudud hissasiga toʻgʻri keladi. Joriy yilning oʻzida mamlakatimiz boʻyicha 171 ming dona asalari paketlari eksport qilingan boʻlsa, uning 100 ming donadan koʻprogʻini namanganliklar tashqi bozorga chiqarishgan. Birgina, Qozogʻistonning oʻziga yuborilgan asalari oilasi 17280 tani tashkil etdi. Bundan tashqari viloyat boʻyicha 4200 tonna asal yetishtirilib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12 foiz oʻsishga erishildi.
- Yurtimiz geografik joylashuv jihatidan asalarichilik sohasini rivojlantirishning qulay iqlim va shart-sharoitlariga ega, -deydi Namangan viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov. - Yurtimizda parvarish qilinayotgan asalari oilalari bir yilning oʻzida ikki bahorni qarshi oladi, yaʼni fevral oyida respublikamizning janubiy hududlarida asalarilarning uygʻonish davri oʻtsa, aprelga kelib asalari oilalari vodiy viloyatlariga koʻchirib kelinadi. Uchinchi bahorni Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston hududlarida qarshi oladi. Mazkur sxema asosida har bir asalari oilasidan yiliga 100 kilogrammgacha mahsulot olish mumkin.
Mahalliy asalarichilar joylarda navbatma-navbat keladigan uch bahor imkoniyatlaridan foydalanib, sohani jadal rivojlantirmoqdalar.
Katta maydondagi bayram koʻrgazmasida mahalliy asalarichilar namoyishga qoʻygan mahsulotlar turining koʻpligi, taʼmi bilan eʼtiborni tortadi. Mehmonlar ular bilan tanishish jarayonida xushboʻy neʼmatdan totib koʻrib, oʻz baholarini berishlari mumkin. Koʻpchilik ogʻziga yoqqan bolni oilasi uchun harid qilmoqda.
Tashkilotchilarningsh aytishiga qaraganda, uch kun davom etadigan festivalga hamyurtlarimizdan tashqari 2,5 mingga yaqin horijiy sayyohlar ham kelishi kutilmoqda. Barcha darajadagi tomoshabinlarning tashrifi mazmunli oʻtishi uchun rang-barang tadbirlarga boy bayram mundarijasi ishlab chiqilgan. Asalarichilar koʻrgazmalaridan tashqari “Oʻzbek palovi madaniyati” oshpazlar chempionati tashkil etiladi. “Oʻzbekistonda asalarichilikning hozirgi axvoli va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanga mahalliy asalarichilar bilan birga xorijiy ekspertlarni ham qamrab olish koʻzda tutilgan. V2V formatidagi biznes uchrashuvlarda esa oʻzaro tajriba almashilib, istiqbolli kelishuvlar imzolanadi. Madaniy koʻngilochar dasturlar toʻplamidan milliy liboslar koʻrgazmasi, ommaviy oʻyinlar, askiya kechasi, taniqli xonanda va estrada ijrochilarining chiqishlari oʻrin olgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring