Gulistonda mamlakatimizda ilk “Tibbiyot klasteri” tashkil qilinadi. Loyiha ishlari boshlandi

18:55 07 Yanvar 2021 Jamiyat
2623 0

Guliston shahrida bunyod etiladigan “Tibbiyot klasteri”ning loyiha ishlari boshlandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Prezidentimiz tashabbusi va topshirigʻi asosida amalga oshirilayotgan mazkur loyihaga koʻra, birinchi bosqichda 9 ta tibbiyot maskani, yaʼni viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi,kardiologiya, endokrinologiya dispanserlari, koʻz kasalliklari shifoxonasi, diagnostika markazi, qon quyish stansiyasi, sud - tibbiy ekspertiza byurosi, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filiali bitta yagona boshqaruv asosida - “Guliston tibbiyot” klasteri negizida faoliyat koʻrsata boshlaydi. Klaster majmuasi viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi oʻrnida yangi, zamonaviy loyiha asosida quriladi. Ikkinchi bosqichda esa viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat onkologiya hamda viloyat dermatovenerolog -kosmetologiya dispanserlari ushbu klaster tarkibiga kiritiladi.

Kuni kecha Qurilish va Sogʻliqni saqlash vazirliklari, «Oʻztibloyiha» MCHJ, Sirdaryo viloyati arxitektura boshqarmasi, “Yagona buyurtmachi” injiniring kompaniyasi viloyat boʻlimi mutasaddi rahbarlari va xodimlari hamda Surxondaryo, Namangan, Fargʻona, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari sogʻliqni saqlash boshqarmalarining umumiy iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlaridan iborat loyihachilar guruhi tajriba-sinov loyihasi asosida “Guliston tibbiyot” klasteriga aylantirilishi koʻzda tutilgan viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hamda Guliston tibbiyot oliygohiga aylantirilishi koʻzda tutilgan Guliston tibbiyot kollejlarida boʻlishdi. Ayni chogʻda mavjud boʻlgan bino va inshootlar koʻzdan kechirildi va mavjud imkoniyatlar oʻrganildi. Shu bilan birga yangitdan barpo etilishi kutilayotgan “Guliston tibbiyot” klasteri binosi loyihasi muhokama qilindi.

-Loyihaga koʻra, quriladigan bino 6 qavatdan iborat boʻlib 580 oʻringa moʻljallanadi. Bunda barcha boʻlimlar, diagnostika va laboratoriya tekshiruvlari markazlashib, bitta bino ichida joylashadi.Boshqaruv tizimi takomillashib, shtat birliklar maqbullashtiriladi. Natijada mablagʻ ham iqtisod qilinadi. Yangitdan ochilayotgan tibbiyot oliygohi tufayli kadrlarga boʻlgan ehtiyoj viloyatning oʻzida qoplanadi.Davlat-xususiy sherikchilik va autsorsing usulida ish yuritilib, tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish uchun zamin yaratiladi,-deydi Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Rustam Yuldashev.

Qolaversa, sohada innovatsiya va biotexnologiyani rivojlantirish uchun keng yoʻl ochiladi. Yana tibbiy yordamni tashkil etishning uchinchi darajali modeli yaratilib, endovaskulyar xirurgiya, kardioxirurgiya, yuqori texnologik davolash usullari, transplantatsiya xizmatlari ham yoʻlga qoʻyiladi.Konsultatsiya xizmati soddalashtirilib, tekshirish, davolash, dispanser nazoratiga olish hamda reabilitatsiya qilish sifati oshadi. Tibbiyot xizmatini raqamlashtirish orqali aholiga tezkor va malakali tibbiy xizmat koʻrsatiladi.Shifokorlarga Sirdaryoning oʻzida ishdan ajralmagan xolda ilmiy-amaliy malaka oshirib borish imkoniyati yaratiladi.Eng muhimi, aholi uchun markazlashgan, zamonaviy va sifatli tibbiy xizmat sharoiti paydo boʻladi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?