“Green University”: Oʻzbekistonda ekologik taʻlimni rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam

12:26 06 Sentyabr 2023 Jamiyat
347 0

Ekotizimlarga antropogen taʻsirning kuchayishi tendensiyasi dunyoning turli mintaqalarida kuzatiladi. Markaziy Osiyo hududi ham bundan mustasno emas.

Ekologlar jamiyatning tabiatga, uning noyob obyektlariga va qayta tiklanmaydigan resurslarga munosabatini oʻzgartirish zarurligi haqida tobora koʻproq gapirmoqda. Xoʻsh, atrof-muhitga munosabatni qanday oʻzgartirish mumkin?

Albatta, tabiiy resurslardan foydalanishni qonunchilik bilan tartibga solish, suv, energiya va resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarga oʻtish kabi chora-tadbirlar muhim. Ammo insonda tabiatning qadr-qimmatini tushunish, uning obyektlariga gʻamxoʻrlik qilish koʻnikmalarini shakllantirmasdan turib, koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi.

Bu esa, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida aholining asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlarda tizimli ekologik bilimlarni, aholining ekologik madaniyatini, ekologiyaga yoʻnaltirilgan dunyoqarashini shakllantirish orqaligina mumkin boʻladi. Mazkur murakkab vazifani hal qilish uchun taʻlimning barcha bosqichlarida izchil va uzluksiz ekologik taʻlim va tarbiya tizimini yoʻlga qoʻyish zarur. Bu, eng avvalo, taʻlim muassasalarining vazifasidir. Shu bilan birga, bu oilaning va shaxsni shakllantirishda muhim oʻrin tutadigan mahalla va jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalarining eng muhim vazifasidir.

Ekologik muammolarning globallashuvi kuchayib borayotgan bir sharoitda fuqarolik jamiyatining ushbu institutlarini atrof-muhitni muhofaza qilishga jalb etish, iqlim oʻzgarishiga moslashish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlarning ekologik ongini shakllantirish, taʻlim muassasalarida ekologik taʻlimning uzluksizligini taʻminlash va ekologik madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga alohida eʻtibor qaratish lozim. 

Joriy yilning mart oyida Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tashabbusi bilan davlat organlari, korxona va muassasalar uchun ekologiya fanlari va ekologiya amaliyoti yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga moʻljallangan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi universitetini tashkil etish boʻyicha salmoqli ishlar boshlandi. Natijada davlatimiz rahbari tomonidan noyob ilmiy-maʻrifiy va innovatsion majmua – Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi universitetini (“Green University”) tashkil etish toʻgʻrisida maxsus Farmonqabul qilindi. Bu Oʻzbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi navbatdagi muhim tashabbusi va Oʻzbekiston davlat ekologik siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga sodiqligi tasdigʻi boʻldi.

Ayni paytda universitet tuzilmasi va professor-oʻqituvchilari tarkibini, laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini, kitob fondini, yangi taʻlim muassasasining oʻquv reja va dasturlarini shakllantirish boʻyicha jadal jarayonlar davom etmoqda.

“Green University”ni tashkil etishda jahonning yetakchi ixtisoslashtirilgan oliy taʻlim muassasalari tajribasidan foydalaniladi, oʻqituvchilik va ilmiy faoliyatga eng yaxshi mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchilarni taklif etish rejalashtirilgan.

Universitetni tashkil etish boʻyicha takliflar tayyorlash jarayonida Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv komissiyasining Ilmiy-axborot markazi mutaxassislari tomonidan Rossiya, Qozogʻiston, Belarus, Chexiya, Polsha, Isroil, AQSh, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Fransiya va Xitoyda tabiatni muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy taʻlim muassasalari faoliyati oʻrganildi.

Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati milliy va xalqaro taʻlim standartlariga muvofiq zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalar, fan va texnikaning eng soʻnggi yutuqlaridan foydalangan holda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash; ekologiya sohasida ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun uzluksiz taʻlim tizimini yaratish, ekologiya fanining dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, taʻlim jarayonlarida yetakchi ixtisoslashgan xorijiy taʻlim muassasalari tajribasini joriy etish, xorijiy davlatlarning yetakchi taʻlim muassasalari, ilmiy markazlari, biznes hamjamiyatlari va xalqaro ekologik tashkilotlari bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash va boshqalar.

Universitet tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish, iqlim oʻzgarishiga moslashish sohasida taʻlim, fan va ishlab chiqarishni oʻzida mujassamlashtirgan oʻziga xos ECOHAB (talaba shaharchasi), shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha Markaziy Osiyodagi tayanch oliy taʻlim muassasasiga aylanadi. 

Shubhasiz, bunday taʻlim muassasasining tashkil etilishi Oʻzbekiston Respublikasida ekologik taʻlimni rivojlantirish konsepsiyasida nazarda tutilgan qator vazifalarni hal etish imkonini beradi va mamlakatimiz hamda va butun Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha vazifalarni amalga oshirishda kadrlar bilan taʻminlash vazifasini oʻtaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?