Giyohvandlikka qarshi kurashishga har birimiz mas’ulmiz
Illyustrativ foto
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarga nisbatan qarshi immunitetni shakllantirish, shuningdek, inson salomatligini ta’minlashga qaratilgan ishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar paydo bo‘layotgani, ular inson omilisiz internetning ijtimoiy tarmoqlaridan foydalangan holda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida oson tarqatilayotgani mas’ul davlat tuzilmalarining bu boradagi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini taqozo etayotir.
Prezidentimizning 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatimizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasining barvaqt oldini olish, aholida ularni iste’mol qilishga nisbatan “immunitet”ni shakllantirish orqali genofondimizga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 — 2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilgan. Hozir kunda mazkur strategiya doirasida bir qator ishlar amalga oshirilyapti.
Albatta, giyohvandlikka qarshi kurashish, bu borada talaba-yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda ta’lim muassasalarining ham alohida o‘rni bor.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jamoasining bu borada o‘z ish rejasi va tasdiqlangan targ‘ibot rejalari mavjud. Shular asosida mazkur illatlarning oqibatlari, zarari haqida yoshlarga tushunchalar berib borish, bu boradagi bilimini oshirish, ularni ma’naviy jihatdan barkamol insonlar etib tarbiyalashdek muhim vazifalarga mas’uliyat bilan yondashmoqdamiz.
Ta’kidlash joizki, talabalar hayotida o‘qish, mehnat va ijtimoiy faollik orqali sog‘lom hamda baxtli kelajak qurish imkoniyati keng. Shunday ekan, giyohvandlikka qarshi kurashda ta’lim tizimi, oilalar va keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda ishlashimiz zarur. Bu, albatta, o‘z samaralarini beradi.
Darvoqe, giyohvandlikning salbiy ta’sirini tushunish, uning oqibatlarini oldindan anglash uchun biz faqat teoriyaga tayanmasdan, amaliy va ijtimoiy tadbirlar, davra suhbatlari, ta’sirchan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishimiz kerak. Yoshlarga giyohvandlikning hayotga, sog‘liq va ma’naviyatga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatishini tushuntirib, ularga mustahkam ma’naviy qiyofa hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga yordam berishi ham oldimizda turgan muhim vazifalarimizdan biri, desam, to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu o‘rinda ta’kidlashni istardimki, giyohvandlikka qarshi turish, bu — faqat jismoniy kurash emas, balki ma’naviy va ruhiy barkamollikni targ‘ib qilish, demakdir. Biz, o‘qituvchilar, faqat ilm berish emas, balki yoshlarning insoniy sifatlarini rivojlantirish, ularga halol, haqqoniy va vatanparvar bo‘lishni o‘rgatish orqali ularning kelajagini himoyalashga mas’ulmiz.
Shuningdek, har birimiz yoshlarni, o‘z hayotini sog‘lom tarzda qurishga chaqirish, ularni giyohvandlik va boshqa zararli illatlardan asrashni o‘z burchimiz, deb bilsak, bu boradagi ishlarimiz yanada faollashadi. Qolaversa, yoshlarimizni mustahkam ma’naviy qadriyatlar, bilim va dunyoqarash asosida tarbiyalash orqali, biz yurtimiz kelajagini yaxshilash hamda uni yanada farovon qilish yo‘lida muhim qadam qo‘ygan bo‘lamiz.
Dilnoza AMINOVA,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti
Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi dotsenti, f.f.d. (DSc).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring