Gʻamxoʻrlik va eʼtibor yangi hayot baxsh etdi

16:51 20 Dekabr 2024 Jamiyat
238 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryoda nogironligi bor kambagʻal oilalarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida ishsiz fuqarolar va nogironligi bor kambagʻal oila aʼzolari bandligini taʼminlashga yordam bermoqda. Tomorqadan unumli foydalanishiga, doimiy daromad topishiga, sogʻligini tiklashiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Muzrabot tumanidagi Oriyat mahallasidan nogironligi bor Fotima Rashidova oilasi ham davlatimizning ana shunday koʻmagidan bahramand.

— Sogʻlik boʻlmasa, odamga hech narsa tatimaydi. Kasallik yashashdan zavq olish, muvaffaqiyatlarga intilish imkoniyatini cheklaydi, — deydi Fotima opa. — Tanamdagi suyak yemirilishi kasalligi tufayli umidsizlikka tushib qolgandim. Prezidentimizning eʼtibori meni hayotga qaytardi. Mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim sharoitimizni oʻrgandi. Dastlab viloyat koʻp tarmoqli shifoxonaning nevrologiya boʻlimiga yotqizildim. Davolanayotganimda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturiga muvofiq homiylar biriktirilib, uy-joyimiz taʼmirlandi. Uyimizda sex ochib, zamonaviy tikuv mashinalari oʻrnatib berishdi. Darvoqe, nogiron boʻlsam-da, oʻzim uyda tikuvchilik qilardim. Lekin tikuv mashinalari, tikuv sexi qilishga imkoniyatimiz yoʻq edi. Bugun besh nafar shogirdim bor. Xotin-qizlar uchun koʻylak, koʻrpa-yostiqlar tikamiz. Bundan tashqari tomorqamiz ham qoʻshimcha daromad manbaiga aylandi.

Turmush oʻrtogʻim bilan uch nafar farzandni ulgʻaytirayapmiz. Bu gal Yangi yilni zoʻr shodlik bilan qarshi olyapmiz. Bunday ezguliklar uchun saxovatpesha insonlardan minnatdorman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?