Gʻalla klasterlarida nima muammo? Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari javob qaytardi

13:44 17 Iyul 2020 Siyosat
5693 0

Xabaringiz bor, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlari boshchiligidagi deputatlar iborat ishchi guruhi hududlarda boʻlib, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlari holati oʻrganildi. Uning natijalari parlament quyi palatasi Kengashining viloyatlar bilan videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishlarida muhokama qilinib, qoʻmitalarga qator tavsiyalar berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi oʻz majlisida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining klasterlar faoliyatini tashkil qilish, ularning huquqiy maqomini belgilash, fermerlar bilan munosabatlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishning mexanizmlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborotini eshitdi.

Videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan eshituvda Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari, vazirlikning gʻalla klasteriga masʼul boshqa mutaxassislari va bir qator gʻalla klasterlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Axborotda keltirib oʻtilganidek, respublikada 200 ming gektar maydonda gʻalla klasterlari tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, shundan 2019-yil oxirida 117,2 ming gektar yerda fermer xoʻjaliklari bilan fyuchers shartnomalari asosida hamda 40,4 ming gektar klasterlarning oʻziga ajratib berilishi bilan jami 124 ta gʻalla klasterlari tashkil etilgan.

Vazir oʻrinbosari sohada yigʻilib qolgan muammolarga zamonaviy yechimlar berish lozimligini taʼkidlab, klasterlarning mavjud holati oʻrganilganda, 124 ta gʻalla klasteridan 46 tasida ishni yoʻlga qoʻyish uchun zaruriy infratuzilma toʻliq mavjudligi, boshqa klasterlarda kamchiliklar tufayli ayni vaqtda ularning soni 77 ta qolganligi, ish yuritish uchun zaruriy infratuzilma va imkoniyatlarga ega boʻlmagan klasterlar faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Oʻz navbatida, gʻalla klasterlari rahbarlari, jumladan Sirdaryo viloyatidagi “Sayxun Karavan” MCHJ rahbari M.Xolmuratov, Toshkent viloyatidagi “TCT-Agrocluster” MCHJ aʼzosi M.Saidov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi “Toʻrtkoʻl Non” MCHJ gʻalla klasteri rahbari Sh.Karimboyev, Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Waves Investment” MCHJ gʻalla klasteri rahbari S.Avezovlar joriy yilda ish faoliyatlari boshlangani, gʻalla topshirish rejasini bajarganliklarini bildirilib, faoliyatlarida duch kelayotgan muammolarga ham toʻxtalib oʻtdilar.

Jumladan, Sirdaryo viloyatidagi “Sayxun Karavan” MCHJ gʻalla klasteri tomonidan klasterni oʻzida mavjud donni qayta ishlash zavodi uchun birja savdolari orqali donni sotib olayotgani, aksincha “Oq oltin” AJ don mahsulotlari korxonasiga topshirgan don uchun mablagʻ haligacha olmaganligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi “Toʻrtkoʻl Non” MCHJ gʻalla klasteri tomonidan davlat xaridi rejasidan ortiqcha topshirgan don uchun erkin narxda mablagʻini olish boʻyicha amaliy yordam zarurligini bildirib oʻtdilar.

Eshituvda muammolar bilan birga ularning yechimiga qaratilgan aniq va konstruktiv takliflar ham ilgari surildi. Masalan Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Waves Investment” MCHJ gʻalla klasteri tomonidan donni qayta ishlash va boshqa korxonalar tashkil etilgani qayd etilib, gʻallachilik klasterlari tashkil etilganiga uncha koʻp vaqt boʻlmaganini hisobga olgan holda amaliyotdagi muammolarni joyida hal qilish maqsadida klaster rahbarlari va sohaning yetuk mutaxassislaridan iborat maslahat kengashi” tuzish taklifi bildirildi.

Oʻz navbatida, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori boʻyicha gʻalla klasterlarida ish yangicha va oqilona tashkil etilishi zarurligi, hosildorlikda ijobiy natijalar qayd etilishi va bosqichma-bosqich klasterlar don mahsulotini qayta ishlash ulushini oshirib borish kutilayotgani taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, klasterlar tomonidan koʻtarilgan masalalar boʻyicha belgilangan tartibda amaliy yordam berilishi bildirildi.

Yigʻilishda deputatlar tomonidan ham klasterlar faoliyatini yana-da takomillashtirish, ularga qoʻshimcha imkoniyatlar beradigan amaliy takliflar berildi. Masalan, gʻalla klasterlarida hosildorlikni oshirish va umumiy xarajatlarni kamaytirish, ekin maydonlari unumdorligini tabiiy oʻgʻit bilan taʼminlash uchun gʻalla klasteri tarkibida chorvachilik komplekslarini ham tashkil etish, bu esa chorva mollari ozuqa bazasini shakllantirish ham osonlashishi taʼkidlab oʻtildi.

Tadbir yakunida deputatlarni qiziqtirgan boshqa savollarga ham javoblar qaytarildi va qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер