Futzal boʻyicha “Oʻzbekiston Notarial palatasi kubogi” turnirining final bosqichi oʻtkazildi

16:03 19 Aprel 2025 Jamiyat
174 0

“Notariuslar sogʻlom turmush tarafdori” shiori ostida futzal boʻyicha “Oʻzbekiston Notarial palatasi kubogi” turniri bu yil beshinchi bor oʻtkazildi. Bu haqida “Notarius maslahati” Telegram kanali xabar berdi.

Turnirning hududiy bosqichlari 4 ta — “A”, “V”, “D”, “S” guruhlariga boʻlingan holda oʻtkazilib, hududiy bosqichlarda gʻolib boʻlgan jamoalar – Qashqadaryo, Namangan, Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahar notariuslari jamoalari final bosqichida bellashishdi.

Musobaqaning final bosqichi uchun qurʼa tashlandi va dastlabki final oʻyinlarini Qashqadaryo viloyati hamda Andijon viloyati jamoalari boshlab berdi. Qizgʻin oʻtgan musobaqada oʻz darvozasiga 2 ta gol oʻtkazib yuborgan qashqadaryolik notariuslar kambek evaziga gʻalabani ilib ketishdi.

Navbatdagi final oʻyinlarida Toshkent shahar va Namangan viloyati havaskor futbolchilari bellashishdi. Mazkur bahs yakunida namanganlik notariuslar 5:2 hisobida gʻalabaga erishdi.

Musobaqaning 3 oʻrin uchun bahsida Toshkent shahri hamda Andijon viloyati havaskor futbolchilari oʻzaro kuch sinashdi. Ushbu bahsda andijonliklar poytaxtlik hamkasblarini 3:2 hisobida yengib, faxrli 3-oʻrinni egalladi.

Final oʻyinida Namangan hamda Qashqadaryo viloyati jamoalari chempionlik uchun kurash olib bordi. Kubok uchun kechgan bahsda Namangan viloyati jamoasi raqiblar darvozasiga 8 ta gol urishga muvaffaq boʻldi. Umumiy hisob 8:1 hisobida namanganlik notariuslar foydasiga hal boʻldi.

Shu tariqa, Namangan viloyati notariuslaridan tarkib topgan havaskor futbolchilar bu yil uchinchi bor “Oʻzbekiston Notarial palatasi kubogi” sohibiga aylanishdi.

“Ushbu sport bayramlari notariuslar orasida muntazam oʻtkazib kelinishidan maqsad, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi «Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash, notariuslar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, doʻstona munosabatlarni kuchaytirishdan iborat», — deydi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov.

Turnir gʻoliblarga Notarial palata Kubogi, diplom, medallar va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер