Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati
Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi tashkil etildi. Ushbu nufuzli tadbirda dunyoning turli mintaqalaridan 200 dan ortiq parlament aʼzolari, ayol yetakchilar va ekspertlar ishtirok etdi.

Sessiyada gender tengligi, ayollarning siyosiy yetakchiligi va inson huquqlari bilan bogʻliq dolzarb masalalar muhokama qilindi. Forum parlament ayol aʼzolari uchun global miqyosdagi muhim maydon boʻlib, u siyosiy qarorlar qabul qilishda ayollarning ishtirokini kengaytirish, gender tenglikni ilgari surish hamda barqaror rivojlanishga hissa qoʻshishga xizmat qilmoqda.

Forum doirasida 40 yillik yubiley nishonlandi. 39-sessiya prezidenti etib Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva saylandi. Ishtirokchilar kun tartibini tasdiqlab, Jeneva va Toshkent sessiyalaridagi muhokamalar, Gender hamkorlik guruhi faoliyati va soʻnggi tashabbuslar yuzasidan fikr almashdilar.

Oliy Majlis Senati Raisi oʻz chiqishida Oʻzbekistonda gender tenglik davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi. Soʻnggi yillarda oilalar mustahkamligini taʼminlash, ayollar huquqlarini himoya qilish va ularning jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan milliy model ishlab chiqilganini qayd etdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 193 davlat orasida 36-oʻrinni egallagani alohida eʼtirof etildi.

Forum bugungi kunda mintaqaviy xotin-qizlar uchun dolzarb masalalarni hal etishga xizmat qiluvchi samarali platformaga aylangani taʼkidlandi. Tadbirda 150-assambleya doirasidagi rezolyutsiyalar gender nuqtayi nazaridan tahlil qilindi. Falastinda ikki davlat tuzish yechimi va qurolli mojarolarning uzoq muddatli taʼsirini yumshatish boʻyicha parlament strategiyalari koʻrib chiqildi.

Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi ayol deputatlar ulushi 38 foizni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich Osiyo mintaqasida yuqori boʻlib, soʻnggi 30 yilda 32 foiz punktga oʻsishni anglatadi. 2004-yilda siyosiy partiyalar roʻyxatidagi nomzodlar orasida ayollar ulushi kamida 30 foiz boʻlishi talab etilgan edi. 2024-yilgi saylovlarda bu koʻrsatkich 40 foizga yetkazildi.

Forumda gender tenglik boʻyicha maxsus ishchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan tavsiyalar ishlab chiqildi. “Siyosatni shakllantiruvchi ayollar: ayollarning global tarmoqlari” mavzusida panel muhokama oʻtkazildi. Yakunda ishchi guruhlar hisobotlarini taqdim etdi va tegishli tavsiyalar Parlamentlararo ittifoqning doimiy qoʻmitalariga taqdim etildi.

Parlament ayol aʼzolari forumi 40 yillik faoliyati davomida ayollarning siyosiy ishtirokini kengaytirishga xizmat qilib kelmoqda. Forumning 39-sessiyasi esa gender tenglik, siyosiy yetakchilik va inklyuziv hamkorlik boʻyicha global muhokamalar uchun muhim maydon boʻldi.







Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring