NNTning “Inson huquqlari va manfaatlari sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi” mavzusidagi Milliy forumi oʻtkazildi
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Bugun, 3-dekabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Adliya vazirligi hamda qator manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida “Inson huquqlari va manfaatlari sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi” mavzusida nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi oʻtkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash yoʻnalishida davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini rivojlantirish va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishdan iborat.
Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2025-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etildi.
Forum avvalida 2024-yilda oʻtkazilgan Milliy forum yakuniy hujjati natijalariga toʻxtalib oʻtildi. Xususan, forum ishtirokchilari tomonidan “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi hamda “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonunlarni takomillashtirish, davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlash maqsadida yagona elektron platformani toʻliq ishga tushirish boʻyicha takliflar ilgari surilgan edi. Natijada joriy yil 21-avgust kuni “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Ushbu hujjatga muvofiq, davlat organlariga jamoatchilik nazorati natijalari boʻyicha xulosalarni koʻrib chiqish majburiyati yuklatildi. Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat buyurtmalari berish hamda tashabbusli loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlari yaratildi.
Qolaversa, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlash maqsadida yagona elektron platforma toʻliq ishga tushirilib, joriy yilning oʻzida toʻrtta grant tanlovlari oʻtkazildi.
Forum yalpi majlisida soʻz olganlar bu oʻzgarishlar davlat rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomi boʻlib, mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, NNTlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrnini yanada kuchaytirishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladilar.
Shuningdek, forumda mamlakatimizda soʻnggi yillarda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash yoʻnalishida davlat va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli va izchil xarakter kasb etayotgani qayd etildi. Jumladan, 2020–2025-yillar davomida inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalarning ijrosi yuzasidan BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va shartnomaviy qoʻmitalariga Oʻzbekistonning yettita milliy maʼruzasi taqdim etildi. Ularning tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida yettita Milliy harakatlar rejasi qabul qilingan va izchil ijro etilmoqda.
Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ham ortib bormoqda. Xususan, 2024-yilda mamlakat vakili ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi aʼzoligiga saylandi. Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi yoshlar va bolalar huquqlariga oid beshta muhim rezolyutsiyani qabul qildi.
Qolaversa, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza qilish amaliyotiga joriy etish yuzasidan ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Nelson Mandela qoidalari” milliy qonunchilikka tatbiq etildi va BMT tavsiyalariga asosan “Ombudsman plyus” modelida milliy preventiv mexanizm takomillashtirilmoqda.
Forumda milliy ekspertlar hamda faol nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomiyligini taʼminlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish va taʼminlash sohasida davlat organlari va NNTlarning oʻzaro hamkorligini kuchaytirish, jamoatchilik nazoratining taʼsirchan mexanizmlarini rivojlantirish hamda rivojlanish istiqbollariga oid masalalar yuzasidan tematik shoʻba majlislarida maʼruzalar qilindi va ishtirokchilar oʻrtasida keng fikr-mulohazalar almashildi.
Shuningdek, forum davomida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti hamda Xalqaro press-klub bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.
Forum yakunida inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlari tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, jamoatchilik nazoratining taʼsirchan mexanizmlarini amaliy tatbiq etishga oid tavsiyalar qabul qilindi. Taʼkidlanganidek, bunday muloqot maydonlari fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi ishtiroki, aholi manfaatlarini himoya qilish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Milliy forum davomida muhokama qilingan va xulosa qilingan barcha masalalar natijasi boʻyicha inson huquqlarini taʼminlash hamda himoya qilishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy sherikligini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui tasdiqlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring