Jizzaxning o‘sish nuqtalari nimalarda namoyon bo‘lmoqda? Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu viloyatga tashrifidan fotoreportaj
Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash maqsadida qariyb 290 milliard so‘m hisobidan 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurildi. Yangi yo‘l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Shu paytgacha mazkur yo‘nalishdan aholi shaharga kirish-chiqish uchun 25 kilometrlik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur edi. Yangi inshoot tufayli bu masofa 4 kilometrgacha qisqardi, eski yo‘ldagi tirbandliklar bartaraf etildi. Bu nafaqat haydovchilar, balki tadbirkorlar, logistika va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. An’anaviy temir-beton o‘tkazgichlar odatda 50 yil xizmat qiladi. Demak, xizmat muddati ikki barobarga uzaydi.

Loyihaning yana bir muhim jihati – ilgari yo‘lovchi va yuk poyezdlar o‘tgan paytda avtomobillar temir yo‘l kesishmasida to‘xtab qolishga majbur edi, endilikda esa yo‘l o‘tkazgich qurilgani tufayli tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va boshqa maxsus xizmatlarning harakati ancha yengillashadi.
Shunday so‘ng davlatimiz rahbari Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda “BYD Uzbekistan Factory” va “ADM Jizzakh” korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilgan.

Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rt ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari yangicha yondashuv asosida tashkil etilgan. Xususan, ikkinchi kursni yuqori ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy o‘quv platformalarida ikki yillik dual ta’lim oladi. Talabalar zavod bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlarni ham o‘tab boradi, bu esa ularga maxsus ishga yo‘llanma sertifikatiga ega bo‘lish imkonini beradi.

Keyin Prezidentimiz yangidan barpo etilgan Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.
Ushbu majmua aholiga barcha zarur tibbiy xizmatlarni bir joyning o‘zida ko‘rsatish imkonini yaratishi bilan katta ahamiyatga ega. Loyiha viloyatda tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining dastlabki bosqichi hisoblanadi. Zamonaviy tibbiyotda bunday klasterli yondashuv tezkor diagnostika, yuqori texnologiyali davolash va shifo istaganlar uchun byurokratik jarayonlarni kamaytirishning eng samarali modeli sifatida tan olingan.

Davlatimiz rahbariga muassasa imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Prezident bemorlarni davolash, shifokorlarning samarali ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Markaz zamonaviy yetti qavatli binoda joylashgan bo‘lib, kuniga 400 nafargacha bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Stasionar o‘rinlari 344 ta bo‘lgan markazga umumiy qiymati 100 milliard so‘mdan ortiq zamonaviy jihozlar – MRT, MSKT, laboratoriya komplekslari hamda yuqori texnologiyali jarrohlik uskunalari o‘rnatilgan.

Markaz ishga tushishi natijasida Jizzax aholisining respublika shifoxonalari yoki qo‘shni viloyatlarga qatnashi 75-80 foizga kamayadi.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi doirasida Sharof Rashidov tumanidagi “Agromarkaz” qishloq xo‘jaligi korxonalari majmuasida ham bo‘ldi.

Markazda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi, veterinariya dorixonasi, agronom maslahati, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurish, agromarket do‘koni, mini-texnikalar sotish va ularga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar mavjud.

Bu yerda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha barcha xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bir gektar joyni qamragan markazning birinchi qavatida o‘simliklar himoya vositalari do‘koni, veterinariya dorixonasi, urug‘ do‘koni, agromarket, mobil brigada xonalari va 8 ta boshqa xizmat xonasi joylashgan.

Davlatimiz rahbari agromarkaz faoliyati bilan tanishdi, markaz faoliyatini yanada kengaytirish, mijozlar uchun xizmatlarni ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Shu kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz Jizzax viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Ulug‘bek Mustafoyev nomzodini ilgari surdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari sanoat, investisiya, turizm, qishloq xo‘jaligi, qurilish va infratuzilma sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Jizzaxning respublika avtomobilsozlik sanoatidagi ulushi 25 foizga yetgan. Navbatdagi vazifa zavodlar atrofida yondosh tarmoqlarni rivojlantirib, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxni kamaytirishdan iborat ekani qayd etildi.

Tadbirkorlarga qulay shartlarda tayyor binolarni taklif etish, butlovchi qismlarni validatsiya qilish xarajatlarining 50 foizini qoplab berish vazifalari belgilab olindi.
Viloyatda yiliga 1 ming tonna volfram qazib olish loyihasi amalga oshirilmoqda. Gʻallaorol va Nuroboddagi loyihalar ishga tushsa, O‘zbekiston volfram ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylanishi ta’kidlandi.

Sessiya davomida viloyat va tuman hokimlarining hisobotlari, faollarning fikrlari tinglandi.
Davlatimiz rahbari Jizzax shahrida joylashgan “Ko‘k saroy” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi faoliyati bilan ham tanishdi.

3,5 gektar maydonda faoliyat yuritayotgan “Ko‘k saroy” majmuasi savdo va maishiy xizmat sohasida viloyatdagi eng yirik ob’yektlardan biridir.
Bu yerda 300 dan ortiq yangi tadbirkorlik sub’yektlari ish boshlagan. Natijada 800 dan ziyod ish o‘rni yaratildi, jumladan, ehtiyojmand toifadagi 100 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.

Majmuada yirik savdo tarmoqlarining filiallari, 10 ta yirik mahalliy va xorijiy brend ishlamoqda, 250 ta savdo do‘koni, fud-kort va bolalar maydonchasi joylashgan. Ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi yiliga 223 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
E’tiborlisi, majmuada kutubxona va kitob do‘koni ham tashkil etilgan.
Shu bilan davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.































Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring