Fransiyaning “TF1” kanali Oʻzbekiston bayrogʻi va oʻzbekistonlik futbol muxlislari haqida koʻrsatuv tayyorladi
Foto: Arxiv surat
Qatar. Doha. “974 Stadium” stadioni. 2022-yilgi jahon chempionati doirasida Fransiya – Daniya uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda. Oʻyinning 86-daqiqasi. Hisob 1-1. Har ikki jamoaga ham gʻalaba suv va havodek zarur. Ayni shu daqiqada Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe Daniya darvozasiga toʻp kiritdi. Bu gʻalaba goli edi va Mbappe uni Oʻzbekiston bayrogʻi fonida nishonladi.
Eʼtiborlisi shundaki, shu kuni uchrashuvni stadionning oʻzida qariyb 42 860 nafar, televizor qarshisida esa millionlab muxlislar tomosha qilishayotgan edi. Mbappening golini birga nishonlagan muxlislar, tabiiyki, Oʻzbekiston bayrogʻiga eʼtibor qaratishdi. Shuningdek, Kilian bayrogʻimiz fonida tushgan suratini 75,2 million nafar kuzatuvchisi boʻlgan instagramdagi sahifasiga joylashtirdi. Bu voqeadan keyin Oʻzbekiston, uning aholisi, futbol muxlislari va bayrogʻiga qiziqish yanada ortdi. Xususan, aynan Mbappe va bayroq voqeasidan keyin Fransiyaning eng mashhur kanallaridan biri hisoblangan “TF1” oʻzbekistonlik futbol muxlislari va bayrogʻimiz haqida maxsus reportaj tayyorladi. Reportajda Fransiyalik jurnalist Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Abdurahmon Fozilov bilan birga tomoshabinlarga oʻzbekistonlik futbol ishqibozlari, bayrogʻimiz va boshqa jihatlar haqida maʼlumot berdi.
Maʼlumot uchun, “TF1” qisqartmasi bilan mashhur boʻlgan va odatda La Une nomi bilan ataladigan “French Television 1” birinchi va eng qadimgi fransuz milliy telekanali hisoblanadi. U tomoshabinlar soni boʻyicha Fransiya va hatto Yevropada yuqori oʻrinlarda turadi.
Shu oʻrinda qayd etish joizki, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilish maqsadida Qatarga yoʻl olgan delegatsiyamiz aʼzosi Abdurahmon Fozilov Mbappeni Oʻzbekiston bayrogʻi bilan “uchrashtirgan”.
Ayni damda mazkur delegatsiya Turizm va madaniy meros vazirligi qoʻllab-quvvatlashi ostida Qatarda millionlab muxlislar oldida yurtimizni yanada koʻproq tanitish maqsadida targʻibot ishlarini davom ettirishmoqda.
Taʼkidlash lozimki, nufuzli xalqaro musobaqalardan targʻibot, reklama maydoni sifatida foydalanish xalqaro tajribada koʻp bora kuzatiladi. Ayni damda ham eng tomoshabop sport turlari — futbol, boks, tennis, UFS va boshqalar, albatta, turli targʻibotlarsiz, reklamalarsiz oʻtmaydi. Negaki millionlab muxlislarni bir joyga toʻplagan turnir targʻibot uchun eng samarali maydonlardan biri hisoblanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring