Fermer mahallani ortidan ergashtirmoqda

15:57 24 Yanvar 2025 Jamiyat
133 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qamashi tumanining eng chekka va markazdan olis mahallalaridan biri – Odoqjonboʻz. Shunga qaramay, soʻnggi yillarda uning nomi tez-tez tilga tushmoqda. Buning boisi esa mahalla ahli dehqonchilikda erishayotgan yutuqlar hisoblanadi.

Hududda faoliyat yuritayotgan “Nurmanova Xurshida” sabzavotchilik fermer xoʻjaligi oʻz tasarrufidagi 18 gektar yer maydonidan har yili bir milliard soʻmdan oshirib daromad olmoqda. Fermer Sherzod Mahmatmurodovning aytishicha, dastlab xoʻjalik ekin maydonlarida anʼanaviy poliz va sabzavot mahsulotlarini yetishtirgan boʻlsa, bugungi kunda asosan xorij bozorlarida talabgir boʻlgan mahsulotlarni yetishtirishga eʼtibor qaratmoqda.

— Bu borada brokkoli karam biz uchun ayni muddao boʻlmoqda, — deydi u. — Chunki ushbu ekin bizning sharoitimizda yaxshi rivojlanadi. Xorij bozorlarida talab bor. Shundan kelib chiqib, uch-toʻrt yildan buyon brokkoli karam yetishtirishni oʻzlashtirdik. Tayyor mahsulotni toʻgʻridan-toʻgʻri eksportga yetkazib berayapmiz.

Eʼtiborli tomoni, fermerning bu boradagi tajribasi hududdagi dehqon xoʻjaliklari va mahalla ahlini ham eksportbop mahsulotlar, xususan, brokkoli karam yetishtirishni koʻpaytirishga undamoqda.

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov hamda viloyatdagi masʼul korxona va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida mahallada “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini joriy etish boʻyicha tashkil etilgan koʻrgazmali seminarda ham shu jihat eʼtirof etildi. Mahalla ahlining bu boradagi tajribasidan kelib chiqqan holda hududda brokkoli karam yetishtirish salmogʻini oshirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер