Fargʻonaning har bir hududi, har bir qarich yer bogʻ-u boʻston boʻladi

13:45 09 Yanvar 2025 Jamiyat
266 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona viloyatida izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Shu maqsadda viloyat hokimligi tashabbusi bilan hududlar kesimida ishchi guruhlar faoliyati shakllantirilib, belgilangan yumushlarni tizimi tashkil etish uchun mobil ilova dasturlari ishga tushirildi.

— Viloyat boʻylab dala chetlariga 2,4 ming gektar, sugʻorish tizimlari hududida 5,9 ming gektar yerda mevali va manzarali daraxt koʻchatlari, kundalik oziq-ovqat ekinlari ekish rejalashtirildi, — deydi Fargʻona viloyati oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshligʻi Abduhalim Saidov. — Bu borada qishloq xoʻjaligi subyektlari, aholi tomorqasi, mahallalar, koʻp qavatli uylar hududiga ekish uchun 29 million 612 ming koʻchat hamda urugʻ zaxirasi yaratildi.

Belgilangan yumushlar sifatli bajarilishi va keyinchalik ham amaliy jihatdan koʻmaklashish maqsadida shahar-tumanlar kesimida 200 nafardan ziyod malakali mutaxassislar biriktirildi.

Aytish joiz, Quva tumanida ota-bobolardan oʻtib kelayotgan koʻchatchilik anʼanalari bugungi zamonaviy usullarga moslashtirilyapti. Ayni jarayonda ob-havo injiqliklariga mos yangi navlar yaratish, koʻchatlarni ekish va parvarish qilishda yangi texnologiyalarni qoʻllash, suvni iqtisod qilish va yuqori hosil olish maqsadida tomchilatib sugʻorish usullarini joriy qilish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu kunlarda Quva tumani oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻlimi xodimlari mahallalar yettiligi bilan xonadonma-xonadon yurib, mavjud imkoniyatlarni oʻrganishdi. Unga koʻra, bugungi kunda jahon bozorida talab yuqori boʻlgan 134 ming tup olcha, jaydari olxoʻri, uzum, behi, jilon jiyda va bodom daraxti koʻchatlari mavjudligi aniqlandi. Shuningdek, 3 million tupdan koʻproq eksportga yoʻnaltiriladigan oʻrik, olma, xurmo, anor, nok, shaftoli kabi koʻchatlar yetishtirilayotgani maʼlum boʻldi.

— Bu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida dala chetlari hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalarida mahsulot yetishtirish, qishloq xoʻjaligi subyektlariga urugʻ va koʻchatlar yetkazib berish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirishni tashkil qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi, — deydi A.Saidov. — Ayni paytda tajribali bogʻbonlar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari tavsiyasi bilan yer muzlamaganligi inobatga olinib, Quva tumanidagi koʻp qavatli uylarning oldi qismidagi ochiq maydonlari, mahallalarning boʻsh yerlariga eksportbop meva koʻchatlari ekishga kirishildi.

Quva tumanida boʻlgani kabi viloyatning boshqa hududlarida ham mahalliy iqlim, tuproq sharoitidan kelib chiqib, talab yuqori boʻlgan mevalar yetishtirishga ixtisoslashtirish, eksportbop, “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli koʻchatlarni yetkazib berishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?