Fargʻonalik mirishkor oila tomorqasidan yiliga 80 – 100 million soʻmgacha daromad olmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona tumani markazi — Vodilning oʻziga xos betakror tabiati, moʻtadil iqlimi, Shohimardon soylaridan oqib keluvchi zilol suvlari dehqonchilikda ham qulay hisoblanadi. Shu bois, hayotiy tajribalar asosida vodilliklar tabiiy qulaylikdan foydalanib, malina yetishtirish borasida quvonarli yutuqlarga erishib kelmoqda.
Ayni paytda Fargʻona tumani markaziga yaqin 15 dan ziyod MFY aholisi oʻz tomorqasi va dehqon xoʻjaliklarida malina ixtisoslashgan. Xususan, joriy yilning may, iyun oylarida ushbu hududdagi qariyb 150 gektar malinazordan 1500 tonnadan ortiq hosil yigʻib olindi.
Tuman markazida joylashgan “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻinining ham asosiy drayveri malinachilik. Yilning iyun oyi mahalla ahli uchun ayni malina mavsumi hisoblanadi.
— Keyingi yillarda malinachilik tarmogʻi jadal rivojlanib, bu borada xorijning ilgʻor tajribasi amaliyotga faol tatbiq etilmoqda, — deydi “Boʻston” MFY raisi Qodirjon Dadajonov. — Hozirda mahallaning 800 ga yaqin xonadonida malina yetishtiriladi. Ayni jarayonda mahalliy navlar bilan birga, Turkiyaning serhosil va eksportbop navlarini koʻpaytirish boʻyicha ham ilmiy-amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Tuman markazida malina savdosi uchun mavsumiy bozor tashkil etilgan boʻlib, bugungi pishiqchilik mavsumida mahallada birorta ham bekorchi yoʻq. Malina terish vaqtida ishchi kuchi yetishmay, hatto qoʻshni hududlardan ham yollanma ishchilar jalb qilinadi.
Mahallaning eng mirishkor oilasi sohibi Bahromjon Usmonov tomorqaning yigirma sotixida malina yetishtiradi. Shuningdek, tomorqada malinadan tashqari pomidor, sabzi, kartoshka yetishtiriladi. Nok, olma, oʻrik, gilos, yongʻoq kabi mevali daraxtlar hosili ham oilaning qoʻshimcha daromad manbai sanaladi.
Bahromjon Usmonovning qayd etishicha, mirishkor oila malina parvarishi orqali bir yilda oʻrtacha 80 –100 million soʻmgacha daromad olishi mumkin. Misol uchun, shu kunlarda ichki bozorlarimizda malinaning bir kilosi 20-25 ming soʻmdan sotilyapti. 20 sotix yer maydonida parvarishlanayotgan malinadan yiliga ikki marotaba hosil olish uchun hisobiga oʻrtacha 2–2,5 tonna hosil olinadi. Oila aʼzolarimiz malinadan shifobaxsh murabbo tayyorlab, qish-bahor mavsumida yana qoʻshimcha daromadga ega boʻlamiz.
Vodil tuprogʻining unumdorligi, suvning moʻlligi hamda havosi tozaligi malinachilikda qulay omildir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring