Fargʻonada yoshlar festivali doirasida bayram konserti oʻtkazildi

14:10 27 Iyun 2022 Jamiyat
890 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimiz boʻylab “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tashkil etilgan yoshlar festivali Fargʻona viloyatida yuzlab yigit-qizlar faolligida unutilmas taassurotlarga boy oʻtmoqda.

Kuni kecha oʻtkazilgan “Yangi nafas” yugurish marafoni navqiron avlod vakillarini sogʻlom turmush tarziga, bir maqsad yoʻlida birlashishga targʻib etgan boʻlsa, fayzli oqshomda tashkil qilingan konsert dasturi fargʻonalik yoshlarga yanada koʻtarinkilik baxsh etdi.

Fargʻona shahrida joylashgan muhtasham teatr-konsert saroyi ochiq sahnida gala-konsert oldidan respublika miqyosida oʻtkazilgan loyihalar, ijodiy tanlovlar, sport musobaqalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan bir guruh isteʼdodli yigit-qizlarga tashakkurnoma, pul mukofotlari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

— Bugun ilm-fan, ijod va sportda yutuqlarga erishayotgan tengdoshlarimizga chin dildan havas qildik, — deydi fargʻonalik Bobur Karimov. — Bunday eʼtibor ularni kelgusida bundan ham yaxshiroq natijalarga erishish uchun ragʻbatlantiradi. Oʻz oʻrnida bizga ham oʻz ustimizda ishlashga, izlanishga katta motivatsiya beradi.

Konsert yakunida yoshlik orzusi kabi yorqin mushaklar koʻkda porlab, tadbir ishtirokchilariga bir olam zavq ulashdi.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

 

 

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?