Fargʻonada oʻttiz yillik muammolar hal etilmoqda

16:07 13 Mart 2023 Jamiyat
304 0

Bugun Fargʻona viloyatidagi aksariyat mahallada tonglar qizgʻin bunyodkorlik ishlari bilan boshlanyapti: viloyat qishloq-mahallalarining 374 tasida ichki yoʻllar asfaltlashtirilib, 229 tasida ichimlik suvi va oqova suv taʼminoti bunyod etilayotgan boʻlsa, 47 ta hududning elektr taʼminoti yaxshilanyapti. Qishloq-mahallalarning aksariyati iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli eng ogʻir hududlardir.

Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Fargʻona viloyatidagi eng ogʻir-murakkab hududlardagi faoliyati bilan dasturlar ijrosi jadallashtirilyapti. Mahallalarda, xonadonlarda kechayotgan sayyor qabullarda yangi-yangi tizimli masalalar yechimi topilyapti. Loʻndasini aytganda, xalq bilan muloqotning “Oqqoʻrgʻon tajribasi” bugun Fargʻonaning barcha tuman-shahrida birdek tatbiq etilyapti.

Avvallari bir tumanga belgilangan dastur asosida oʻrtacha 5-6 km ichki yoʻllarni asfaltlash uchun mablagʻ ajratilgan boʻlsa, bugun birgina Quva tumanidagi 29 ta mahallada bir paytning oʻzida 192 kmdan ortiq yoʻllarni asfaltlash ishlari ketyapti.

Bu – birgina Quvada joriy yilda 38 baravar koʻp ichki yoʻllar asfalt qilinyapti, degani. Birgina “Akbarobod” mahallasida 5 km yoʻl asfaltlanishiga guvoh boʻlib, aholi bilan soʻzlashar ekanmiz, quvaliklar bir iborani tez-tez tilga olishdi: “bu kunlarni 30 yil kutdik...”.

Eʼtiborlisi, bitta tizimli masala hal qilinishi – Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan yuzlab-minglab murojaatlarga ham yechim topildi deganidir. Aytaylik, Quvaning “Namuna” mahallasidagi 3 km yoʻlga beton qoplanayotgani bilan hududdagi 2 mingdan ziyod aholini oʻylantirgan eng asosiy muammo hal qilinyapti. Yoki Toshloqning “Togʻliq” va “Konizar” mahallalaridagi 14,2 km yoʻllar asfaltlashtirilishi bilan qariyb 8 ming nafar aholining uzogʻi yaqin, yoʻli ravon boʻlyapti.

Margʻilonda ham bunyodkorlik ishlari avjida. Shaharning birgina “Yangibogʻ” mahallasida 1,5 km ichimlik suvi va 700 metr oqova suv tarmogʻi bunyod etilishi bilan hududdagi qariyb 6 ming 250 nafar aholi toʻliq obi hayot bilan taʼminlanadi.

Qoʻshtepa tumanida esa bu yil 16 ta mahallada 33,6 km. yangi elektr tarmogʻi qurilyapti. Bu 16 ta mahalladagi xonadonlar ham, ularda yashayotgan minglab insonlar qalbi ham charogʻon boʻladi degani. Yoki birgina “Dexqonobod” mahallasidagi 1,4 km elektr tarmogʻi tortilishi-yu 100 ga yaqin beton tayanchlar va yangi transformator oʻrnatilishi bilan 200 dan ziyod xonadonning elektr taʼminoti yaxshilanadi.

Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Fargʻona viloyatidagi faoliyati davom etyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?