Farg‘onada minglab oilalarning muammolari hal etilmoqda

17:57 26 Avgust 2024 Jamiyat
183 0

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Respublika ishchi guruhi o‘z faoliyatini Farg‘ona viloyatida davom ettirmoqda. Prezident masalahatchisi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi guruh Qo‘qon shahrining 78 ta mahallasida aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganish va hal etish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan amaliy ishlar olib bormoqda.

Prezident Xalq qabulxonasi hamda qator vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Ishchi guruh o‘rganishlari davomida aholi tomonidan 4,2 mingdan ziyod masala bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 71 foizga yaqini bartaraf etildi. 

Jumladan, murojaatlardan kelib chiqqan holda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 1 071 ta ijtimoiy soha obyektlari atroflicha o‘rganildi. Aniqlangan 691 ta muammoli masalalardan 352 tasi tezkorlik bilan bartaraf etildi. Qolganlari bo‘yicha ta’mir va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, murojaatlarda aks etgan masalalar asosida ichki yo‘llar holatini yaxshilash uchun 10 km masofada asfaltlashtirish va shag‘allashtirish ishlari olib borildi. Aholi xonadonlarining elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 36 ta transformator punktlari ta’mirlandi, 200 ga yaqin yangi beton ustunlar o‘rnatildi, 5,2 km. uzunlikdagi SIP kabellar tortildi. Gaz ta’minotini talab darajasiga keltirish uchun 518 ta GRP ta’mirlandi, 7,4 km. gaz tarmoqlari yangidan tortildi, 5,5 mingga yaqin  xonadonga qo‘shimcha suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi. Ichimlik va oqava suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 400 ta nosozliklar joyida bartaraf etildi.

Shu bilan bir qatorda, 9 ta ko‘pqavatli uylarning 112 kv.metr tom qismi, 13 tasining fasadi, 19 ta uylarning yerto‘lasi, 14 ta uyning kirish yo‘laklari va 42 ta tungi yoritish chiroqlari ta’mirlandi. “Mahalla yettiliklari” bilan hamkorlikda “Sayxunobod tajribasi” asosida 232 ta mikroloyihalar amalga oshirildi. Natijada 300 dan ziyod fuqaro doimiy ish bilan band qilindi.

Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida bank vakillari bilan hamkorlikda hokim yordamchilari tavsiyasi asosida “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash”, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 311 nafar fuqaroga 9,3 mlrd. so‘m, “Biznesga birinchi qadam” loyihasi asosida 4,5 mlrd.ga yaqin imtiyozli kredit va mikroqarzlar ajratib berildi. Bundan tashqari, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda mahallalarning ichki sharoiti va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda 327 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishi ta’minlandi, 130 nafarining tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi, jamoatchilik asosida 243 nafari doimiy ishga joylashtirildi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan 2 mingga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga manzilli yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, 71 nafar og‘ir sharoitda yashayotgan fuqaroning xonadoni bepul asosda ta’mirlash ishlari boshlandi, 343 nafariga moddiy yordamlar ko‘rsatildi, 1 009 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari va 564 nafariga bepul dori-darmonlar yetkazildi. Ehtiyojmand 44 nafar bemor protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi, 33 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 107 nafariga esa davolanish uchun order berildi.

“Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan  300 ga yaqin fuqaroga 458 mln so‘m miqdorda yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, Respublika ishchi mas’ullari va “mahalla yettiligi” ishtirokida 156 ta ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish choralari ko‘rildi, 223 ta notinch oiladagi nizolarga barham berildi, 77 nafar fuqaroga tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya orderi berildi.

Respublika ishchi guruhining Farg‘ona viloyatidagi faoliyati davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер