Fargʻonada mahsulotlar “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” tizimi orqali eksport qilinmoqda

13:28 10 Dekabr 2024 Jamiyat
138 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi faoliyatini isloh qilish, sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish maqsadida soʻnggi ikki yilda 23 ta yangi axborot tizimlari, 14 ta elektron xizmat va 9 ta mobil ilova joriy etildi.

Ayni jarayonda davlatimiz rahbarining 2022-yil 27-aprelda qabul qilingan “Bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim dasturilamal boʻlib, ochiqlik, shaffoflik hamda ishonchlilik tamoyillari mustahkamlanishini taʼminlamoqda.

Shuningdek, bojxona rasmiylashtiruv jarayonlarini yanada tezlashtirish hamda korrupsiyaning oldini olish uchun boshqarma qoshida “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” posti tashkil etilgan.

— Yangi tizim orqali deklaratsiyalash xizmati yuz foiz masofaviy shaklga oʻtkazilib, eksportga joʻnatilayotgan mahsulotlarning logistika zanjiridagi harakati toʻliq nazoratga olindi, — deydi Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi boʻlim boshligʻi Muhiddin Mansurov. — Buning samarasi tufayli xodimlarimiz mahsulotlar uchun taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyalarini toʻliq masofadan turib rasmiylashtiradi. Tadbirkorlar tomonidan barcha bojxona yuk deklaratsiyalari masofadan turib taqdim qilinadi.

Oʻz navbatida, tadbirkorlarga mahsulotlarni bojxona ombori hisoblanmaydigan joylarda saqlash uchun “elektron murojaat” qilish imkoni yaratildi. Bu tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisini avvalgi tartib boʻyicha vaqt sarflab bojxona postiga borishi va ruxsat olishi kabi amaliyotlardan voz kechilishiga olib keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?