Fargʻonada yil boshidan beri sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan predmetlar bilan bogʻliq 2099 ta huquqbuzarlik aniqlandi

16:01 05 Aprel 2024 Jamiyat
1033 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shu yilning 12-yanvar kuni davlatimiz rahbari huzurida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida yurtimizda tinch va farovon hayot bardavomligini taʼminlash borasida bir qator ustuvor vazifalar belgilandi. Jinoyatchilikning oldini olish, barvaqt aniqlash va unga qarshi kurashish boʻyicha zamonaviy yondashuvlarni joriy etish muhimligi taʼkidlandi.

Ayni jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyati samaradorligini oshirish orqali jinoyatni jilovlash mumkinligi qayd etilib, keng qamrovli ezgu tashabbuslar ilgari surildi. Bu boradagi ishlarni har bir hudud, mahalla va oila kesimida oʻzaro muvofiqlashtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Muxbirimiz Fargʻona viloyati IIB boshligʻining jamoat xavfsizligi xizmati boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Farrux Oʻsarov bilan shu xususda suhbatlashdi.

— Bugungi tahlikali zamonda butun dunyoda tinch va osoyishta hayot eng aziz neʼmat, bebaho boylik sifatida eʼtirof etilayotgani bejiz emas, — deydi Farrux Oʻsarov. — Ammo bunga erishish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Buning uchun shunchaki yaxshi niyatning oʻzi kamlik qiladi. Tinch va farovon hayotdan bahramand boʻlish uchun barchamiz masʼuliyatni teran his etishimiz zarur.

Huquq-tartibot organlarining oʻzaro hamkorlikdagi faoliyati jamoat xavfsizligi hamda har bir jabhada qonun ustuvorligini taʼminlash ushbu neʼmatga erishishning asosiy omillaridan biridir. Shu oʻrinda hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash bevosita ichki ishlar organlari xodimlari oldiga katta masʼuliyat yuklaydi. Ana shundan kelib chiqib, Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi, uning tarkibiy tuzilmalari va sohaviy xizmat xodimlari tomonidan muntazam ravishda kunduzgi va tungi tezkor profilaktik tadbirlar, reydlar, huquqiy targʻibot tadbirlari olib borilmoqda.

Yoʻl patrul va patrul post xizmati xodimlari hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining doimiy hamkorligi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, aholi gavjum joylar, bozorlar, istirohat bogʻlari, koʻngilochar maskanlarda qoʻshimcha patrullik guruhlari va mobil postlar tashkil etilgan.

Buning samarasi sifatida joriy yilning uch oyida viloyatda umumiy jinoyatlar 7 foizga (202 ta), oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar 22 foizga (449 ta) kamayishiga erishildi. Viloyatda yil boshidan buyon jinoyatlarning oldini olishning asosiy omillaridan biri boʻlgan jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish holatlarini aniqlash 22 foizga oshdi. Oʻtgan davrda sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan predmetlar bilan bogʻliq 2099 ta huquqbuzarlik aniqlandi.

Huquqbuzarlik sodir etgan 1905 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, 320 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatildi. Viloyatdagi koʻcha va jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar 31 foizga kamaydi.

Oʻz navbatida, koʻcha va jamoat joylarida huquqbuzarlik va jinoyatning oldini olish maqsadida post patrul xizmati (PPX) saf boʻlinmalari xodimlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarliklarni aniqlash oʻtgan yilning mos davriga qaraganda 11 foizga yaxshilandi. Hozirda PPX saf boʻlinmalari xodimlari 12 ta shahar-tumanga xizmatga jalb etilgan.

“Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz mahalla” konsepsiyasi doirasida shu yilning oʻtgan davrida viloyatdagi 15 ming 364 ta obyektlar raqamlashtirildi. 1062 ta mahalla fuqarolar yigʻinining 3 ming 635 ta kirib chiqish joylariga kamera qoʻyildi. Savdo nuqtalarining 7 ming 979 tasiga kuzatuv kameralari oʻrnatildi.

Viloyat hududidagi 1 ming 219 ta choyxona va umumiy ovqatlanish shoxobchalarining 900 ga yaqini raqamlashtirildi. Yaqin vaqt ichida bunday maskanlarni toʻliq raqamlashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Shu yilning 12-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan Xavfsizlik kengashi yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatdagi 107 ming 660 nafar yoshlar tizimdagi boshqarma va boʻlim boshliqlariga biriktirildi. Yaqinda Fargʻona viloyatida otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash boʻyicha yagona yondashuvning namunaviy tajribasini shakllantirishga qaratilgan respublika forumi boʻlib oʻtdi.

Forumning yalpi yigʻilishida ekspertlar tomonidan mazkur tizimni yanada rivojlantirishga qaratilgan taqdimotlar oʻtkaziladi. Shoʻbalarga boʻlingan muloqotlarda tizimda aniqlangan muammolar tahlili va ularning yechimlariga qaratilgan munozaralar tashkil etildi. Qoʻqon shahridagi 6 ta mahallada huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar taqdimot qilindi.

Demak, mazkur yoʻnalishda belgilangan vazifalar ijrosi izchil taʼminlanishi uchun jiddiy saʼy-harakatlarga kirishilgan. Mushtarak maqsadlar yoʻlidagi hamkorlik esa jamiyatimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, har bir shahar-tuman, mahallani jinoyatdan xoli hududga aylanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Botir MADIYOROV (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?