Fargʻona – Janubiy Koreya: hamkorlik koʻlami sifat jihatdan yangi bosqichda

10:59 05 Oktyabr 2022 Jamiyat
420 0

Foto: Xalq so‘zi

Ayni paytda Fargʻona viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan qoʻshma korxonalar orasida Janubiy Koreya investitsiyasi asosida tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari salmoqli oʻringa ega. Ikki tomonlama manfaatli va istiqbolli, hududlararo hamkorlik koʻlami keyingi yillarda sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi.

Fargʻona viloyati hokimligi qabullar uyida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Kim Xi Sang oʻrtasida boʻlib oʻtgan yuzma-yuz muloqotda erishilgan natijalar sarhisob qilinib, galdagi ustuvor vazifalar kelishib olindi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida fikr almashildi.

Samimiy suhbatda Kim Xi Sang oʻzaro hamfikr va hammaslaklikda Fargʻona viloyati muhim oʻrin tutishi, mamlakat hududlari orasida Fargʻona Koreya bilan hamkorlik darajasi eng yuqori boʻlgan viloyat boʻlib turganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Eʼtirof etish oʻrinliki, bugungi kunda Fargʻona viloyatida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA bilan sheriklikda tashkil etilgan kasb-hunarga oʻqitish markazi yigit-qizlarni zamonaviy kasblarga oʻqitishda samarali faoliyat olib bormoqda. Fargʻona shahrida “POSCO International Textile” korxonasi tomonidan qurib bitkazilgan yoshlar kasbiy taʼlim markazi ham ushbu jarayondagi ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomidir.

Uchrashuvda Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti tomonidan Koreyaning rivojlangan kemasozlik sanoati uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha rejalashtirayotgan loyihani amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, muloqotda Fargʻona viloyati bilan birodarlashgan shahar kelishuvi imzolagan Yongin shahri bilan birga, iqtisodiyoti va sanoati jihatidan yanada rivojlangan Inchxon shahri bilan ham aloqalarni kengaytirish boʻyicha tashabbus ilgari surildi. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar Inchxon meri boshchiligidagi delegatsiyani Fargʻona viloyatiga tashrifi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.

Botir Madiyorov,“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?