Fargʻona viloyatida «katta tanaffus»ga qanday tayyorgarlik koʻrildi?
Foto: «Xalq soʻzi»
Oʻquvchilar uzoq kutgan vaqt – yozgi taʼtil ham boshlanmoqda. Agar taʼbir joiz boʻlsa, uch oylik taʼtil davrini oʻgʻil-qizlarimiz uchun «katta tanaffus» sifatida eʼtirof etish mumkin.
Xoʻsh, joriy yilgi mavsumni maroqli oʻtkazish maqsadida Fargʻona viloyatida qanday saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda? Shu savol bilan muxbirimiz Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamentining Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Davlatjon Boboyevga murojaat qildi.
– Bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida davlatimiz rahbarining 2022-yil 18-noyabr kungi «Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilingan, – deydi D. Boboyev. – Ayni yoʻnalishda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 29-mart, Fargʻona viloyati hokimining 24-aprel kungi qarori asosida «2024-yil yoz mavsumi davomida bolalarni dam oldirish va sogʻlomlashtirish ishlariga tayyorgarlik koʻrish hamda mavsumni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida»gi majlis bayonlari imzolangan.
Shundan kelib chiqib, bu yilgi yoz mavsumida Fargʻona viloyatida 14 ta statsionar oromgohlar faoliyat yuritishi va ularda 10 ming 610 nafar (7-14 yoshdagi) oʻgʻil-qizlar dam olishi hamda sogʻlomlashtirilishi belgilab olindi. Sogʻlomlashtirish oromgohlarini mavsumga tayyorlash maqsadida joriy taʼmirlash ishlari 25-may sanasiga toʻliq yakunlandi.
Taraddud ishlari doirasida 500 million soʻm mablagʻ ajratildi. Misol uchun, Rishton tumanida joylashgan «Rishton» oromgohida choʻmilish havzasi qayta qurilib, foydalanishga topshirildi. Quvasoy shahridagi «Vodiy gavhari» oromgohiga yangi ichimlik suvi tarmogʻi tortildi.
Oʻz navbatida, viloyatda oʻquvchilarni yil davomida maroqli hordiq chiqarishlariga erishish ham ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan. Shu maqsadda joriy yilda viloyatning olis Soʻx tumanida joylashgan «Soʻx» oromgohi yozgi mavsumdan tashqari sentyabrdan may oyigacha faoliyat olib borishi rejalashtirildi. Hozirda buning uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Bundan tashqari, mavsum hozirligi jarayonida Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash, viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi, viloyat ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Milliy gvardiya, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari tomonidan barcha oromgohlarda bolalarni dam oldirish, sogʻlomlashtirish boʻyicha belgilangan talablarga rioya etilganligi oʻrganildi hamda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Shuningdek, mavsum davomida bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida faoliyat olib boradigan katta tarbiyachi, tarbiyachi va yetakchilar uchun Departament tomonidan har bir davra uchun 12 kunlik namunaviy dastur ishlab chiqildi. Oʻtgan davrda dasturning mazmun-mohiyati, unda belgilangan tadbirlarni tashkil etish boʻyicha oʻquv-seminar tashkil etilib, tarbiyachi va yetakchilarning malakasi oshirildi.
«Xalq soʻzi» muxbiri Botir MADIYOROV yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring