Fargʻona shaharlarida xavfsizlikni taʼminlash uchun dronlar yordamida patrullik amalga oshiriladi

12:55 27 Oktyabr 2025 Jamiyat
160 0

Fargʻona viloyatida kasb bayramiga munosib tuhfa sifatida IIB Tezkor boshqaruv markazining yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi.

Ichki ishlar organlari xodimlari kuni tantanali ravishda oʻz faoliyatini boshlagan markazning ochilish marosimida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramovlar soʻzga chiqib, soha xodimlarini qoʻshaloq bayram bilan samimiy muborakbod etdi.

Viloyat faollari, keng jamoatchilik vakillari hamda soha faxriylari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda yangi va zamonaviy qurilmalar, axborot texnologiyalari hamda robototexnikalar koʻrgazmali tarzda namoyish qilindi.

Yangi markaz ikki qavatdan iborat boʻlib, bu yerda axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan yagona boshqaruv tizimi joriy etildi. Bu huquqbuzarliklarning oldini olish, vaziyatni tezkor tahlil qilish hamda har qanday hodisaga zudlik bilan javob qaytarish imkonini beradi. Markaz faoliyati sunʼiy intellektga asoslangan ilgʻor dasturlar yordamida tashkil etiladi. Bunday qulaylik vaziyatni zudlik bilan tahlil qilish hamda tezkor qaror qabul qilishda muhim ahamiyatga ega.

— Shuningdek, yangi texnologiyalar xodimlarning vaqtini tejash hamda aholi xavfsizligini yuqori darajada taʼminlashga xizmat qiladi, —deydi markaz rahbari Elmurod Moʻminov. — Oʻz navbatida, markazda Fargʻona viloyati IIB tizimida tashkil qilingan Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi ham faoliyat koʻrsatadi.

Aytish joiz, Tezkor boshqaruv markazi faoliyatining dastlabki bosqichida viloyatda 134 nafar jinoyat sodir etib qidiruvda boʻlgan va bedarak yoʻqolgan shaxslar, 29 ta qidiruvdagi transportlar, 55 nafar yoʻqolgan va adashib qolgan shaxslar hamda 481 nafar belgilangan cheklovlarga amal qilmagan nazoratdagi shaxslar masofadan turib aniqlandi. Shu bilan birga, 276 ta jinoyat tezkor ravishda fosh etildi.

Eʼtiborlisi, jahon andozalari darajasida joriy etilgan yangi tizim boʻyicha ichki ishlar organlarining barcha kuch vositalari GPS tizimi orqali nazoratda boʻladi. Fargʻona viloyatining 3 ta shahri – Fargʻona, Qoʻqon va Margʻilonda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida dronlar yordamida patrullik amalga oshiriladi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?