Fargʻona – xalqaro hunarmandlar festivali hamda kulollar forumi mezboni

Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 19-21-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida III xalqaro hunarmandlar festivali, Rishton tumanida II xalqaro kulollar forumi boʻlib oʻtmoqda.
Bu ikki nufuzli anjuman oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Yuzma-yuz muloqotda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov, Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov, Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov va Rishton tumani hokimi Bahodirjon Xoliqovlar anjumanga tayyorgarlik ishlari haqida respublika hamda mahalliy OAV vakillariga maʼlumot berdi.
Taʼkidlab oʻtilganidek, hunarmandchilik festivalida dunyoning 70 dan ortiq davlatidan 300 nafardan ziyod tajribali hamda mohir hunarmandlar ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbirlar doirasida mamlakatimizning barcha viloyatlaridan qatnashadigan hunarmandlar uchun ham maxsus pavilyonlar tashkil etildi.
Shuningdek, Rishton tumanida ikkinchi bor oʻtkazilayotgan kulolchilik forumi ham rang-barang tadbirlarga boy tarzda boʻlib oʻtadi. Ikki kunlik dasturlar, hunarmandchilik va kulolchilik koʻrgazma-savdosi barchaga manzur boʻlishi maqsad qilingan. Oʻz navbatida, tadbirlar yuzdan ziyod xorijiy, respublika va mahalliy OAV tomonidan keng yoritib boriladi.
Bugun Qoʻqon shahrida bayram tadbirlari festival xamda forum qatnashchilarining tantanali yurishi bilan boshlandi.
— Festivalning ilk kunida mahalliy va xorijiy hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazma-savdosi tashkil etilib, mahorat darslari ham namoyish qilinadi, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov. — Shu bilan birga, birinchi kuni Qoʻqon xalqaro hunarmandlar muzeyiga jahon hunarmandchiligi rivojiga katta hissa qoʻshgan Gadda xonim Kaddumi nomini berish marosimi, “Oʻzbekiston hunarmandchiligi” kitobi taqdimoti oʻtkaziladi.
Buyuk Ipak yoʻli boʻylab hunarmandlik merosi: oʻymakor ustunlar va panjarakori sanʼatlari haqida koʻrgazma va hujjatli film namoyishi, “Hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham birinchi kungi tadbirlardan oʻrin olgan.
Qoʻqon shahri va Rishton tumanida xalq sayllari tashkil etilib, qoʻgʻirchoqbozlar, dorbozlar va folklor jamoalari hamda viloyatlar madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari namoyish qilinadi.
Fayzli oqshomda tarixiy Oʻrda maydonida xalqaro hunarmandchilik festivali hamda kulolchilik forumining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.
Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring