Yevropaning aviakosmik poytaxti Tuluzada Mirzo Ulugʻbek haykali qad rostladi
Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida hududlararo diplomatiyani rivojlantirish doirasida Yevropaning aviakosmik poytaxti Tuluza shahrida joylashgan Fransiya Fuqarolik milliy aviatsiyasi instituti hududida buyuk astronom olim, matematik va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek haykali ochildi.
Tuluza shahrida Mirzo Ulugʻbek haykalining tantanali ochilish marosimida Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, Samarqand viloyati hokimligi delegatsiyasi, Tuluza shahri meriyasi, Fransiya kosmik tadqiqotlar instituti, Fuqarolik milliy aviatsiyasi instituti rahbariyati va ushbu mamlakatning ilmiy-akademik, madaniy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.
Tantanali tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston elchisi Sardor Rustambayev, buyuk ajdodimiz merosini targʻib etish maqadida bunyod etilgan ushbu yodgorlik Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganining 31 yilligi doirasida oʻtkazilayotgani ramziy maʼnoga ega ekanligini taʼkidlar ekan, Mirzo Ulugʻbekning jahon tamadduni rivojlanishiga qoʻshgan hissasi, xususan, astronomiya sohasidagi ulkan kashfiyotlari toʻgʻrisidagi fikrlarini oʻrtoqlashdi.
Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari Jamshid Xaydarov Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar madaniy-gumanitar hamkorlikning yuksak darajasi bilan ajralib turishini taʼkidladi.
“Bugun esa ana shunday oʻzaro doʻstona aloqalarni davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Yevropaning astronomiya poytaxti boʻlmish Tuluza shahrida Mirzo Ulugʻbek haykali oʻrnatildi”, dedi u.
Fransiya Fuqarolik milliy aviatsiyasi instituti bosh direktori Olive Shansu, oʻz navbatida, Mirzo Ulugʻbek haykali uchun Oʻzbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi. Uning aytishicha, ushbu yodgorlik orqali koʻplab Fransiyalik talabalar aviatsiya sohasida oʻta muhim hisoblanadigan matematika, fizika, astronomiya kabi fanlar rivojida Mirzo Ulugʻbekning muhim oʻrni borligini bilib olishadi.
Taʼkidlash kerakki, Mirzo Ulugʻbek haykalini Tuluza shahrida oʻrnatish borasidagi kelishuv Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasining 2020-yilda Tuluza shahri meriyasi rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvi doirasida muhokama qilingan.
Mirzo Ulugʻbekning misdan barpo etilgan haykali muallifi - samarqandlik haykaltarosh Umirzoq Sharipov. Ushbu yodgorlikning boʻyi 240 santimetrni tashkil etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring