Yevropada JCh-2026 saralashi. Belgiya Qozogʻistonni, Ispaniya Turkiyani yirik hisobda magʻlub etdi

Kecha, 7-sentyabr kuni Yevropa mintaqasida Jahon chempionati saralashining navbatdagi oʻyinlari boʻlib oʻtdi.
Xususan, “J” guruhidan oʻrin olgan bahsda Belgiya terma jamoasi oʻz maydonida Qozogʻiston milliy jamoasini qabul qildi. Uchrashuv maydon egalarining 6:0 hisobiga gʻalabasi bilan yakunlandi.
Oʻyinda kiritilgan gollarga “Napoli” futbolchisi Kevin De Bryuyne (2 ta), “Manchester Siti” aʼzosi Jeremi Doku (2 ta), “Reyndjers” yarim himoyachisi Nikolas Rekin va “Lill” futbolchisi Tomas Menye mualliflik qildi.
Oʻyindan soʻng, “Sofascore” portali uchrashuvda dublga erishgan Kevin De Bryuynening harakatlarini 10 ballga baholadi. Taʼkidlash kerakki, Yevropa mintaqasida bu yilgi saralashning hech bir oʻyinida futbolchilar bu ball bilan baholanishmagan edi.
Shu tariqa uchrashuvda gʻalaba qozongan Belgiya terma jamoasi 6-turdan soʻng, oʻz guruhida 10 ochko jamgʻargan holda 2-oʻrinda bormoqda. Qozogʻiston terma jamoasi esa 3 ochko toʻplashga erishgan va guruhda 4-oʻrinda.
Qozogʻiston terma jamoasi saralashdagi keyingi oʻyinini 10-oktyabr sanada Lixtenshteynga qarshi oʻtkazadi. Belgiya esa oʻsha kuni guruhda yetakchi boʻlib turgan Shimoliy Makedoniya termasini qabul qiladi.
7-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan yana bir oʻyin, JCH saralashining “E” guruhidan oʻrin olgan bahsda Ispaniya terma jamoasi Turkiya mehmoni boʻldi. Uchrashuv 0:6 hisobida ispanlarning gʻalabasi bilan yakunlandi. Gollarga “Arsenal” yarim himoyachisi Mikel Merino (3 ta), shuningdek, “Barselona” aʼzolari Pedri (2 ta) va Ferran Torres mualliflik qildi.
“Sofascore” portali uchrashuvdan soʻng, Mikel Merinoning oʻyinini 9,7 ballga, Lamin Yamal va Pedrining harakatlarini esa 9,4 ballga baholadi.
Ushbu uchrashuvda gʻalaba qozongan Ispaniya termasi oʻz guruhida 6 ochko bilan yetakchiga aylandi. Jamoa dastlabki turda Sofiya shahrida Bolgariya terma jamoasini magʻlub etgandi.
Maʼlumot uchun, Ispaniya jamoasi saralashdagi navbatdagi uchrashuvini 11-oktyabr kuni Gruziyaga qarshi oʻtkazadi. Turkiya esa oʻsha kuni Bolgariya mehmoni boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring